Indoneziya ulamolar kengashi vakillari Akademiyada
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Indoneziya ulamolar kengashining Janubiy Sulavesi provinsiyasi bo‘linmasi rahbari Hoji Najamuddin hamda uning o‘rinbosari Mustari Borsa boshchiligidagi delegatsiya mehmon bo‘ldi.
Mehmonlarni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, Akademiya prorektorlari – Ilyos Mirziyotov, Zokirjon Ro‘ziyev, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev hamda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Jamoliddin Karimov kutib oldi.
Muhammadiyah Makassar sogʻliqni saqlash politexnikasi kasb-hunar oliy taʼlim muassasasi boʻlib, 2010-yilda Makassar shahrida tashkil etilgan. Ushbu muassasa dastlab tibbiyot sohasida faoliyat yuritib, 2018-yilga kelib sohalari kengaygan.
Uchrashuvda Akademiya vakillari hurmatli mehmonlarni yurtimizda, xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ko‘rib turganidan mamnunligini bildirdi. Delegatsiya a’zolarining ishlariga muvaffaqiyat tiladi.
Akademiya rektori yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan o‘zgarishlar, islohotlar jarayoni haqida so‘z yuritdi. Xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida xassos soha – muqaddas islom dinini ilmiy nuqtayi nazardan fundamental tadqiq etish, ulug‘ allomalarimiz ma’naviy merosini qayta kashf etish orqali dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qo‘shadigan yuksak salohiyatli, raqobatbardosh mutaxassis kadrlarni tayyorlashda tizimli ishlar amalga oshirilayotgani e’tirof etildi.
Uchrashuv davomida respublikaning boy maʼnaviy-madaniy merosini o‘rganish, ikki mamlakatning ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalari bo‘yicha suhbatlashildi.
Muloqotda Islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berishda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi boshqa diniy-ta’lim muassasalari orasida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlandi.
Indoneziya ulamolar kengashining Janubiy Sulavesi provinsiyasi bo‘linmasi rahbari Hoji Najamuddin jahon tamadduni rivojida o‘zbekistonlik olimlarning o‘rni yuksak ekanini bildirib o‘tdi. Markaziy Osiyoda muqaddas din tadrijiyligi, buyuk mutafakkirlar hamda davlat arboblarining islom taraqqiyotida tutgan ulkan o‘rni xususida atroflicha fikr yuritildi.
Shuningdek, Muhammadiyah Makassar sogʻliqni saqlash politexnikasi direktori Mustari Borsa muassasa va Akademiya o‘rtasidagi kelgusi hamkorlik aloqalarini muhokama qildi.
Muloqot yakunida mehmonlar yuqori darajadagi hurmat va mehmondo‘stlik uchun Akademiya mutasaddilariga samimiy minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish