229

Olamni mahliyo aylagan diyor

10-DEKABR – O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MADHIYASI QABUL QILINGAN KUN

Xalqimizning azaliy orzulari, ezgu niyatlari va bugungi hayoti mazmunini aks ettirgan madhiyamiz 31 yildirki, har tongimizga shukronalik tuygʻusi-yu kunimizga shukuh ulashib kelyapti. Zero, madhiya mustaqilligimizning matn va musiqa uygʻunligidagi goʻzal ifodasidir.

Bu ulugʻvor qasidani kuylagandagina emas, tinglaganda ham qalbimizda beixtiyor umidbaxsh tuygʻular junbushga kelib, toʻlqinlanib ketaveramiz. Negaki, koʻz oldimizda mehmondoʻst, ezgu niyatli xalqimiz, yurtimiz jamoli, oʻtmishi, buguni va yorugʻ ertasi gavdalanib turadi.


– Prezidentimizning xorijiy davlatlarga safarlari davomidagi oliy darajadagi uchrashuvlar chog‘ida, sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan paytlarida O‘zbekiston madhiyasi chalinib, bayrog‘imiz ko‘tarilganda vujudimizni yoqimli titroq chulg‘aydi, ko‘zlarimizga yosh qalqiydi, – deydi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov. – Bu holni tushunib, ifodalab berish qiyin. lekin aminmanki, bu tuyg‘u nima ekanini O‘zbekistonni jon dilidan sevguvchi farzandlari yaxshi anglaydi, yurakdan tuyadi.

Madhiya xususida soʻz ketar ekan, avvalo, bu muqaddas qoʻshiq Abdulla Oripov va Mutal Burxonovdek ikki buyuk ijodkorning goʻzal ijod mahsuli ekanini aytmoq joiz. 

Yosh avlod qalbiga davlat ramzlariga cheksiz muhabbat tuygʻusini singdirayotganimizda, har bir davlatning madhiyasi oʻsha xalqning orzu-umidlari, ozodligidan dunyoga aks sado berib turishi, Oʻzbekiston madhiyasi ham hech kimdan kam emasligimiz va kam boʻlmasligimizni namoyon etishini alohida taʼkidlashimiz kerak.

Yuksak vatanparvarlik tuygʻusini mujassam etgan madhiyamiz bugun taʼlim maskanlarida yosh avlodning Vatanga muhabbat ruhida kamol topishiga xizmat qilmoqda. Bolalar bogʻchasiga boradigan yoki endigina maktab partasiga koʻnikayotgan dilbandlarimiz ulugʻvor qoʻshigʻimizni gʻurur bilan kuylasa, hayajonga tushamiz.

– Maktabimizda oʻtkaziladigan har bir tadbir davlatimiz madhiyasi bilan boshlanadi. Shuning uchun madhiya ijrosisiz tadbirni tasavvur ham qila olmayman, – deydi poytaxtimizdagi 41-umumtaʼlim maktabi direktori Gulnoza Muzafarova. – Texnik sabablarga koʻra, madhiyamizni baralla yangratish imkoni boʻlmay qolsa ham xavotirga oʻrin yoʻq. Oʻquvchilarimiz joʻrlikda maromiga yetkazib kuylayotganidan quvonaman. Kelajagimiz vorislarini davlat ramzlarini hurmat qilishga oʻrgatar ekanmiz, ayniqsa, madhiya yangrayotgan payt oʻzini qanday tutishiga eʼtibor qaratishimiz zarur. Bu qoʻshiq aytilayotgan chogʻ qoidalarga rioya qilmaydigan ayrim yoshlar bir narsani bilishi shart. “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi toʻgʻrisida”gi qonunning 7-moddasida madhiya koʻpchilik huzurida ijro etilganda, agar qonunchilikda boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, hozir boʻlgan kishilar madhiyani tik turib va oʻng qoʻl kaftini koʻkrakning chap tomoniga qoʻyib, harbiy yoki davlatning boshqa xizmatidagi maxsus kiyimdagi shaxslar esa qoʻlini bosh kiyimiga qoʻyib tinglaydi. Agar madhiyaning ijro etilishi davlat bayrogʻi koʻtarilishi bilan birgalikda amalga oshirilsa, hozir boʻlgan kishilar unga yuzi bilan buriladi, deyilgan.

Yozuvchilar uyushmasi oʻquv-metodika va harbiy vatanparvarlik boʻlimi boshligʻi Maʼmura Zohidova madhiyamiz bilan bogʻliq samimiy fikrlarini bildirib, bunday dedi:

– Davlatimiz madhiyasi jahondagi eng tantanavor madhiyalardan biridir. U millatimizning maʼnaviy dunyosini oʻzida ifodalagan. Madhiyamizni tinglaganda kishi oʻzining shu Vatanga daxldorligini his qiladi. Ajdodlar chaqiriqlari qulogʻing ostida jaranglayotganday boʻladi. Shoir madhiyaning matnini nihoyatda xalqchil yaratgan. Har satri tugal bir nom. Madhiyamizdagi satrlar bilan koʻplab tantanalarni, maʼnaviy kechalarni nomlaymiz. Jumladan, “Ajdodlar mardona ruhi senga yor”, “Olamni mahliyo aylagan diyor”, “Yashnagay ilm-u fan, ijod”, “Serquyosh, hur oʻlkam”.

Yoshlar, voyaga yetayotgan farzandlarimiz, kichik maktab yoshidagi va hatto maktabgacha taʼlim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan bolalarga madhiyaning mazmunini chuqur singdirishimiz kerak. Toki ular Vatan degan tushunchani yurakka chuqur jo etgan, uning qadr-qimmatini har narsadan ustun tutadigan, madhiya yangraganda ich-ichidan faxr tuyadigan va oʻzi mansub boʻlgan yurt, elga faqat yaxshiliklar tilaydigan, insonlik nomiga munosib boʻlishga intiladigan avlod oʻlaroq kamolga yetsin. 

Ertamiz egalari davlatimiz ramzlarining har biri, xususan, madhiyamiz ham shunchaki yaralib qolmagani, qancha chigʻiriqdan oʻtib, tanlovlar asosida tanlanganini bilishi zarur. Bu ularning suverenitetimiz timsollariga hurmatini oshirishda muhim omil boʻladi. Shu oʻrinda xalqimizning sevimli shoiri Abdulla Oripovning turmush oʻrtogʻi Hanifa ayaning quyidagi gaplarini takror yodga olish oʻrinli boʻlaveradi:

– Ertaga sessiya boʻladigan kun, mamlakatimiz madhiyasi tanlanadi. Mutal aka kirib keldi. Abdulla aka bilan madhiyaning musiqaga tushmayotgan soʻzlari ustida ishlashlari kerak edi. Obdon ishladilar. Oʻsha kuni tong saharga qadar ularning xizmatida boʻlib, bitta soʻz uchun qancha vaqt sarflanishiga guvoh boʻlganman. Bolalarimiz ham uxlaguniga qadar

joʻr boʻlib kuylab koʻrdi. Qizim musiqasini chalib, joʻr boʻldi. Umuman, butun oilamiz hayajon bilan Abdulla akaning madhiyasi tanlovdan oʻtishini istadik. Eng qizigʻi, “Olamni mahliyo aylagan diyor” satri “Olamni oʻziga qaratgan diyor” tarzida edi. “Oʻziga qaratgan” soʻzlari hech musiqaga tushavermadi. Nihoyat, saharga yaqin uning “mahliyo aylagan” degan muqobili topildi. Tanlov natijasi esa biz kutgandek boʻlib chiqdi.

Ha, allaqachon eʼtirof etilganidek, madhiyamizning har bir satri, har bir soʻzi zalvorli, ulugʻvor, musiqasi shijoatli. Bu esa “Ulugʻ xalq qudrati joʻsh urgan zamon”ning boqiyligiga ishoradir.

Munojat MOʻMINOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2023-yil 8-dekabr, 256-son

Izoh qoldirish