85

Ta’lim sohasidagi muhim hamkorlik aloqalari muhokama etildi

Avval xabar berganimizdek, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi delegatsiyasining Malayziya oliy ta’lim muassasalaridagi safari davom etmoqda.

Navbatdagi manzil Malayziya islom ilmlari universiteti (USIM) bo‘ldi.

Tashrif davomida Akademiya delegatsiyaning USIM rektori, professor Sharifudin Shaarani, universitetning Oʻquv va xalqaro masalalar boʻyicha prorektori, doktor Muhammadrozi Ibrohim, shuningdek, universitet vakillari bilan rasmiy uchrashuvi o‘tkazildi.

Akademiya tomonidan rektor Uyg‘un Gʻafurov, prorektorlar Zokirjon Roʻziyev va Salim Dusanov, dotsent Durbek Rahimdjanov, Taʼlim sifatini nazorat qilish boʻlimi boshligʻi Ilhom Berdiyarov, Xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi Bahodir Xo‘jayev qatnashdi.

Uchrashuv avvalida Sharifudin Shaarani universitet va uning faoliyati haqida maʼlumot berib, universitetda 9 fakultet faoliyat yuritishini bildirdi. Shuningdek, universitet dunyo universitetlari reytingida 1200 oʻrinni egallaydi.

Oʻz navbatida, rektor Uyg‘un Gʻafurov universitet rahbariyatiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, ishtirokchilarga Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, uning faoliyati va tarkibidagi markazlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berib oʻtdi. Jumladan, Akademiyaning Malayziya universitetlari bilan aloqalariga toʻxtalib, bunda Malayziya islom ilmlari universiteti alohida oʻrin tutishini va u Toshkent islom universitetining birinchi hamkorlaridan ekanligini qayd etdi. Bevosita hamkorlikning istiqbolli sohalari haqida gapirib, turizm, oʻqituvchi va talabalar almashinuvi, arab tili boʻyicha sertifikatlash tizimini joriy etish, yozgi maktablar dasturi kabi loyihalarni amalaga oshirish, xorijiy grantlarni jalb etish, qoʻshma tadqiqotlar olib borish, islom iqtisodiyoti, moliyasi va bank tizimini oʻrganishda hamkorlikni yoʻlga qoʻyish kabi yoʻnalishlarda aniq rejalarni belgilash taklifini bildirdi.

Bunga javoban Sharifudin Shaarani yuqoridagi barcha takliflar boʻyicha universitet hamkorlikka tayyor ekanligini maʼlum qilib, har bir yoʻnalish boʻyicha masʼullarni oʻzaro onlayn uchrashtirish orqali hamkorlikning barcha jihatlarini batafsil muhokama qilish mumkinligini bildirdi.

Shu bilan birga, ikki musasasa oʻrtasida Qoʻshma tadqiqot markazini tashkil etish va unda oʻqituvchi almashish dasturini amalga oshirish mumkinligini aytib oʻtdi. 

Uchrashuv davomida universitet mutaxassislari tomonidan xalqaro reytinglarga kirish, turizm va skopus bazasiga kirish kabi tajribalar boʻyicha maʼlumotlar berildi.

Rektor Uyg‘un Gʻafurov mezbonlarga berilgan batafsil maʼlumotlar va tajriba almashganlari uchun minnatdorlik bildirdi.

Uchrashuv samimiy muloqot koʻrinishida oʻtib, ikki tomon uchun ham samarali tarzda nihoyasiga yetdi.

Izoh qoldirish