259

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada media madaniyati masalalari

So‘nggi yillarda hayotimizga internet tarmoqlari kirib, fikrlar xilma-xilligi ortdi. Aholida media savodxonlik madaniyati shakllana boshladi. U asta-sekinlik bilan turmush tarzimizning asosiy vaqtini egalladi. Insonlar o‘rtasidagi munosabatlar ham virtuallashmoqda.

Bu bir tomondan ijobiy xarakaterga ega bo‘lib, ishning unumdorligini oshirayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan esa, odamlarning bir-biriga munosabatlari butunlay media makonga ko‘chmoqda. Internetning kuch-qudrati kun sayin yuksalayotganidan sun’iy intellektuallashishga ham olib kelmoqda. Natijada fuqarolarda axborotdan foydalanish madaniyati shakllanmoqda. Shu maqsadda yangi Konstitutsiyamizning 33-moddasida “Davlat Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratadi” deya, birinchi marotaba mustahkamlandi. Demak, internet masalasi bugun tartibga solinishi, axborotdan foydalanish madaniyati, etikasini yaratilishi, fuqarolarning huquq va erkinliklari kengayishi belgilandi. Shuningdek, mazkur moddaga ko‘ra, har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga egaligi, har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqi ta’minlanayotganini ham alohida aytishimiz mumkin.

O‘tgan 2022-yilda butun dunyo aholisi soni 8 milliarddan oshdi. Bugungi kunga kelib esa ushbu ko‘rsatkich 8,1 milliardni tashkil qiladi. Va hozirda ushbu odamlarning 68 foizi yohud 5,44 milliardi mobil telefonlardan foydalanadi. Bu o‘tgan yilga qaraganda 3 foizga o‘sish bo‘lib, so‘nggi 12 oyda 168 million yangi foydalanuvchilar qo‘shilganini anglatadi.

Shuningdek, 2023-yil yanvar holatiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 5,16 milliard internet foydalanuvchi mavjud bo‘lib, bu dunyo aholisining 64,4 foizini tashkil qiladi. Bularning 4,76 milliardi yoki dunyo aholisining 59,4 foizi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridir. Shu bilan birga, mamlakatimizdagi mavjud rasmiy manbalarga ko‘ra, internet foydalanuvchilari soni 2020-yilda 20 millionni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, bu ko‘rsatkich 31 millionni ko‘rsatmoqda. Bu foydalanuvchilarning eng ko‘pi “Telegram”, “Facebook”, “TikTok”, “Instagram” kabi ijtimoiy tarmoqlari tashkil etmoqda. Bunga yaqqol misol qilib, 2022-yil Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti tomonidan Bo‘ka tumanida o‘tkazilgan so‘rovnomada ishtirok etgan respondentlarning 83 foizi “Telegram”, 5 foizi “Instagram”, 6 foizi “Facebook”, 6 foizi “TikTok”dan foydalanishlarini ko‘rsatmoqda.

Xitoy Xalq Respublikasi 2022-yilda dunyo bo‘ylab eng ko‘p internet foydalanuvchilari bo‘lgan davlatlar orasida birinchi o‘rinni egalladi. Uning davom etayotgan va tez sur’atlarda iqtisodiy rivojlanishi, shuningdek, texnologiyaga bo‘lgan madaniy moyilligi tufayli Xitoyda taxmin qilingan 1,4 milliard aholining milliarddan ortig‘i onlayn biznes bilan shug‘ullanadi. Sharqiy Osiyoda 1,16 milliard internet foydalanuvchilar bo‘lsa, Afrika va Yaqin Sharq mintaqalarida esa foydalanuvchilar soni kamroq.Rivojlanayotgan boshqa bozorlar qatoriga Hindiston kiradi, 2025 yilga kelib internet foydalanuvchilari soni 1,134 milliardni tashkil etishi taxmin qilinmoqda. 

Bugungi kunda internet, texnik taraqqiyot ishlab chiqarish va ta’lim sifatini tubdan o‘zgartirdi, tarbiya jarayoniga ta’sir ko‘rsatdi – murakkablashtirdi. Bu jarayon hatto madaniyatlar aralashuviga sabab bo‘ldi yoki ayrim mamlakatlarda madaniyatsizlashish hodisasi sodir bo‘ldi. Biz buni “ommaviy madaniyat”, missionerlik yoki mazhabsizlikni targ‘ib qilayotgan din niqobidagi ekstremizm ko‘rinishlarida ham kuzatmoqdamiz.

Bundan tashqari, internetda yaratilayotgan imkoniyatlar, rang-barang ko‘ngilochar materiallar foydalanuvchilarda o‘ziga xos qaramlikni ham keltirib chiqarmoqda. Ammo internetdan foydalanish madaniyatini hamon to‘liq o‘rgatilmagan edi. Bolalarni yot g‘oyalardan asrash uchun ham bugungi kunda internetdan foydalanish madaniyati bo‘yicha aholida dasturlar ishlab chiqilishi talab etilmoqda. Har kim istaganicha o‘rganib, o‘zlashtirib ketishi davom etib kelayotgani achinarli holdir. Internet etikasi oid mobil ilovalari ishlab chiqilishi zarurati tug‘ilmoqda. Yoshlarda ta’qiqlovchi jihatlarga nisbatan murosasizlik kayfiyati va yondashuvlarni shakllantirish uchun ham mobil ilovalarni yaratilishi kerak.

Ma’naviyatda hech qanday bo‘shliqqa yo‘l qo‘ymaslik lozim. Inson ongi yangi ma’lumotlarga – axborotga ehtiyoj sezadi. Yangi qabul qilingan konstitutsiyamizda ham mazkur ehtiyojlarni ta’minlashga qaratilgan: “har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqi ega”ligi belgilandi. Bu bilan axborot iste’moli tartibga solinadi. Shuningdek, fuqarolar dunyoning istagan davlatidagi axborotlariga kirishi va ulardan to‘g‘ri foydalanishi ta’minlash uchun davlat tomonidan sharoit yaratilishi nazarda tutildi. 

Aksariyat axborotdan noto‘g‘ri foydalanish ham bugungi kunda urchimoqda. Shunga ko‘ra, u xolis ilm, ezgu g‘oyalar bilan to‘ldirilmas ekan uni vayronkor mafkuralar egallashiga imkon yaratilaveradi. Yot mafkurachilarga bu holatlar qo‘l kelmoqda. Xalqning ongida davlatga bo‘lgan ishonchsizliklarni yuzaga chiqarishga urunishlar ham tez-tez uchramoqda. Shu sababli, axborotni izlash, olish va tarqatishga bo‘lgan huquqni cheklashga faqat qonunga muvofiq amalga oshirilishi mumkinligi qat’iy belgilanmoqda. Har kim axborotni erkin izlashi mumkin, ammo uni tarqatish masalasi qonun bilan tartibga solinishi maqsadga muvofiqdir. Ayniqsa, konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash, shuningdek davlat sirlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir oshkor etilishining oldini olish maqsadida zarur bo‘lgan doirada yo‘l qo‘yilishi kerak. Bugungi kundagi ijtimoiy makonda axborotdan foydalanish madaniyati tartibga solinmagani, quyidagi holatlarni yuzaga chiqarmoqda:

– tinchlikka xavf soladigan, buzg‘unchilik xarakterga ega bo‘lgan, boshqa foydalanuvchilar va uchinchi shaxslarning shaxsiy hayotiga daxl qiladigan har qanday axborotni yuklash, saqlash, chop etish, tarqatish va boshqa holatlarda foydalanish;

– voyaga yetmaganlarning huquqlarini buzish;

– uyatli so‘zlardan iborat matnlar, pornografik tasvirlar va voyaga yetmaganlar ishtirokidagi jinsiy zo‘ravonlikni aks etuvchi yoki zo‘ravonlikka undovchi tasvirlarni joylashtirish; 

– hayvonlarni qiynoqqa solish va zo‘ravonlik, unga undovchi tasvirlarini yuklash;

– irqiy, diniy, etnik dushmanlikni, fashizmni yoki irqiy ustunlikni  targ‘ib qiladigan g‘oyani aks ettirish;

– ekstremistik materiallarni joylashtirish;

– jinoyatchilik faoliyatini targ‘ib qilish va jinoyat sodir etish uchun ko‘rsatmalar berish;

– cheklangan axborotni, uchinchi shaxslarning shaxsiy hayotiga taalluqli axborotni joylashtirish;

– giyohvand moddalar reklamasini, jumladan, “raqamli narkotiklar”, giyohvand moddalarni tarqatish yo‘llari, ularni tayyorlash usullari haqidagi axborotni joylashtirish;

– firibgarlik xarakteriga ega bo‘lgan matnlarni joylashtirish;

– ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda axloqiy mas’uliyatsizlik kabilar. Shuning uchun ham yangilangan Konstitutsiyamizda bu masalalarni tartibga solish va internent tarmog‘ini aholiga ta’minlashni davlatning zimmasiga yuklanmoqda.

Shunday ekan, masalaga ilmiy‑amaliy yondashuv, targ‘ibotning metod, shakli va texnologiyalarni qo‘llash hamda vositalarini ma’naviyat, pedagogika, etika, psixologiyaning zamonaviy yutuqlariga tayangan holda tanlab, amalga oshirishni taqozo etadi.

Vaqt bizni kutib turmaydi. Yot g‘oyachilar har bir soniyadan foydalanishga urunmoqda. O‘z qo‘limiz bilan jajji farzandlarimizni ularga berib qo‘ymaylik. Shunga “Bolaning bo‘sh vaqti – dushmanning ish vaqti” deya bejiz aytilmayapti. Tag zamirida har bir voyaga yetayotgan farzandning taqdiri turar ekan, bee’tibor bo‘lishga haqqimiz yo‘q. Har soniyada uyg‘oq va sergak bo‘lish muhim. Bolalardagi mafkuraviy immunitetni huddi tanasini baquvvat  qilishda yetarli ozuqalar berilganidek, ma’naviy oziqlantirilishi lozim. aholining g‘oyaviy va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetini kuchaytirish bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish, Internet tarmog‘idan foydalanish madaniyatini oshirish masalasi yotibdi. Endilikda internetni yopish emas, uni tartibga solish, yaxshi va ezgu g‘oyalar bilan to‘ldirish hamda yoshlarga nima mumkinu, nima mumkin emasligini anglatishdan iborat. Shu o‘rinda, siyosiy arbob Maxatma Gandining: “Men uyimning eshik va derazalarini mahkam berkitib o‘tira olmayman. Chunki unga toza havo kirib turishi kerak. Shu barobarida eshik va derazalarimdan kirayotgan havo dovul bo‘lib, xonadonimni ag‘dar-to‘ntar qilib, o‘zimni yiqitib tashlaydigan darajada ochib ham qo‘ya olmayman” kabi fikrlari yodimizga keladi. 

Xulosa qilib aytganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga muvofiq, internet tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun davlat tomonidan sharoit yaratilar ekan, endilikda esa, internetdan foydalanish madaniyatini o‘rgatadigan bolalarning yoshiga mos holda mobil ilovalar, dasturlar va boshqa loyihalar ishlab chiqish zarur. Internet olamini kengayishi asosiy qonunimizga kiritilib, mustahkamlanayotgani o‘z vaqtida bolalarning ko‘zi, qulog‘i va ongidagi bo‘shliqni ezgu-g‘oyalar bilan to‘ldirilishiga asos bo‘lib xizmat qiladi. Farzandlarimizning taqdiri davlat va jamiyatning taqdiri ekanini vaqtida anglab yetish zarurligini internet oynasi ko‘zimizga ko‘rsatmoqda. Shuning uchun ham yangi konstitutsiyamizga xalqimiz birdek faol bo‘lib ovoz berdi. Maqsadlarimiz bir, ya’ni oldimizda voyaga yetayotgan o‘g‘il-qizlarimizni begona kuchlar, yot mafkuralardan asrab-avaylashdir.

Munira QAHHOROVA,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i,

falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Izoh qoldirish