
Odam borki, odamlarning naqshidur
Bu tiriklik dunyosida insonning yaratilishi buyuk hikmat. Hayotda shunday insonlar borki, ular jamiyatning faxri, odamlar havas va yaxshi niyat bilan ularga murojaat qiladilar. Mana shunday insonlar sirasiga olim, mehridaryo ustoz, mehribon ota qolaversa, komil insonga xos barcha xislatlarning egasi, tarix fanlari doktori, professor Ahadjon Ahmadjonovich Hasanovni kiritish mumkin.
Hazrat Alisher Navoiy bunday insonlarga “Odam borki, odamlarning naqshidur” deya ta’rif beradi. Akademiya jamoasining ko‘rki bo‘lgan mana shunday insonlardan biri, zahmatkash olim, zukko pedagog, mehribon ustoz, tarix fanlari doktori, professor Ahadjon Ahmadjonovich Hasanov mana bugun muborak 85 yoshni qarshilayaptilar.
Olimning kamtarin hayot yo‘liga nazar solsangiz, shu yo‘lning naqadar saodatmand, naqadar mashaqqatli, naqdar baxtli ekanini ko‘rasiz. Ahadjon akaning bolaligi og‘ir urush yillariga to‘g‘ri keladi. U kishi 1940-yil 29-mart kuni Toshkent viloyatining Pskent tumanida oddiy ziyoli oilada dunyoga kelgan. Og‘ir hayot, qiyinchiliklar, yetishmovchilik bo‘lsa ham ota-onalari barcha farzandlarining bilim olishiga alohida e’tibor bergan. Farzandlar maktabda tirishib, yaxshi baholarga o‘qiganlar. Chunki Ahadjon aka maktab davrlarini, sinfdosh do‘stlarini, ularga ta’lim bergan o‘qituvchilarni yaxshi eslaydilar va suhbatlarda tez-tez yodlab turadilar.
Maktabni a’lo baholarga bitirgan Ahadjon aka Toshkentga kelib, sobiq Toshkent davlat universitetining sharq fakultetiga hujjat topshiradilar va kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, student bo‘ladilar. 1958-yili bo‘lgan bu voqea Ahmadjon ota va Zebixon aya oilasi uchun juda quvonchli voqea edi. Chunki oiladagi 7 farzandning to‘ng‘ichi Ahadjon Toshkentdagi oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirdi. Bu o‘z davrida ota-onaning juda katta baxti bo‘lgan.
Ahadjon Hasanov dars berish bilan birga har bir yoshda bo‘lgani kabi ilmiy tadqiqot bilan ham shug‘ullanganlar. Ko‘p yillik tinimsiz mehnat natijasida 1975-yilda “Misr mamluklarining ijtimoiy-siyosiy tizimi” mavzusida nomzodlik, 1994-yilda “Qadimgi Arabiston tarixi va uni o‘rganish muammolari” mavzusida doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildi, fan doktori ilmiy darajasi, professor ilmiy unvoniga sazovor bo‘ldi.
Ustoz 20 dan ortiq ilmiy monografiya, risola, darslik va o‘quv qo‘llanmalar, 200 dan ortiq maqolalar muallifi. Uning rahbarligida 10 dan ortiq nomzodlik, falsafa doktori va fan doktori ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiyalar himoya qilingan.
Hozirda ustoz Ahadjon Hasanov O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi professori lavozimida faoliyat yuritmoqda.
Ustoz O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi a’zosi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi kengash a’zosi va islomshunoslik fanlari bo‘yicha ilmiy kengash raisi o‘rinbosari.
O‘zbekiston hukumati Ahadjon Ahamadjonovich Hasanovning ko‘p yillik ilmiy sohadagi samarali mehnatlari, yosh avlodni barkamol qilib tarbiyalash ishiga qo‘shgan xizmatlari uchun 2011-yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.
Kishilarga yaxshilik, ezgulik ulashish va xayrli ishlar qilish inson umrining mazmun-mohiyatini belgilashi hayot qonuniyatlaridan biri hisoblansa, bu qonun buyuk Alisher Navoiyning yuqoridagi hikmati asosida Ahadjon akada mujassam.
Hayot deb atalmish inson umrining ham sevinchli, ham mahzun lahzalarini ularning qanday bo‘lishiga qaramay, sermazmun, barakotli o‘tkazayotgan Ustoz Ahadjon Ahmadjonovichni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi jamoasi, shorigd sifatida o‘zim nomimdan ulug‘ yosh bilan muborakbod etamiz. Yaratgandan ularga sog‘lik – salomatlik, uzoq, sermazmun hayot, farzandlar va shogirdlar baxtini ko‘rib yurishlarini tilaymiz.
Zohidjon Islomov,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi mudiri,
filologiya fanlari doktori, professor
Izoh qoldirish