
O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor
O‘zbekiston – azaldan turli millat va din vakillari tinch-totuv yashab kelgan bag‘rikeng diyor. Bu yurtda asrlar davomida shakllangan bag‘rikenglik an’analari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat, jumladan, 16 ta diniy konfessiya vakillari istiqomat qiladi. Konstitutsiyamizning 4-moddasida belgilab qo‘yilganidek, “O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tili, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratib beradi”.
O‘zbekiston hududida qadimdan turli sivilizatsiyalar kesishgan. Bu omil turli madaniyatlar va dinlar o‘rtasida o‘zaro muloqot va bag‘rikenglikning shakllanishiga zamin yaratgan. Davlat ta’lim muassasalarida 7 ta tilda darslar olib borilishi, teleradioeshittirishlarning 12 ta tilda efirga uzatilishi, gazeta va jurnallarning 10 dan ortiq tilda chop etilishi, albatta, bag‘rikenglikning yana bir tomoni deb e’tirof etish mumkin.
2021-yil 5-fevralda Oliy Majlis Senati “Xalqlar do‘stligi kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi hamda 2021-yil 10-fevral kuni ushbu hujjat O‘zbekiston Prezidenti tomonidan imzolandi. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 1-iyundagi qarori bilan “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni ta’sis etildi.
Mazkur ko‘krak nishoni bilan millatlararo do‘stlik va totuvlik muhitining mustahkamlanishiga munosib hissa qo‘shgan mahalliy va xorijiy davlat organlari xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, tadbirkorlik subyektlari, ijtimoiy soha va OAV vakillari hamda chet eldagi vatandoshlar taqdirlanishi belgilab qo‘yildi. O‘zbekiston Konstitutsiyasi diniy erkinlikni kafolatlaydi. Bu yerda turli din vakillari o‘z e’tiqodlariga emin bo‘lgan holda yashaydilar. O‘zbekistonda turli millatlarning 147 ta milliy madaniy markaz, shuningdek, 38 ta do‘stlik jamiyati faoliyat yuritadi. Ular o‘z milliy an’analarini saqlash va rivojlantirish, shuningdek, boshqa millatlar bilan madaniy almashinuvni amalga oshirishga ko‘maklashadi.
Mamlakatimiz millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlashga qaratilgan siyosatni olib bormoqda. Bu sohada qabul qilingan qonun, dastur va konsepsiyalar bag‘rikenglik qadriyatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Xususan, 2025-yil 25-fevralda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonunning kuchga kirishi yurtimiz taraqqiyotini yanada yuqori bosqichga ko‘tarilishiga poydevor bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Jamiyatda hozirgi kunda ijtimoiy munosabatlarga muayan bir dinga xos qoidalarni joriy etish, ayollar va erkaklar huquqlari tengligini shubha ostiga qo‘yish, ayrim davlat xizmatchilarining dunyoviy davlatchilik mohiyatini teran anglamasligi, jamiyat taraqqiyoti, birdamligi va barqarorligiga putur yetkazuvchi qonunga xilof g‘oyalar, ijtimoiy axloq normalari, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni inkor etish, tibbiy xizmatdan, ilm-fan va madaniyat yutuqlaridan foydalanishga bo‘lgan huquqlarni cheklashga qaratilgan g‘oya va qarashlar tarqalishi holatlari uchrayotganini va bu holatga qarshi turish uchun ushbu konsepsiya o‘z vaqtida qabul qilingan qonun sifatida e’tirof etish mumkin.
Konsepsiyada “Diniy qadriyatlar O‘zbekiston xalqining madaniyati, turmush tarzi, urf-odatlari, odob-axloqining shakllanishi hamda ularning avloddan avlodga meros bo‘lib o‘tishiga xizmat qilib kelmoqda. Diniy e’tiqodlar va diniy bag‘rikenglik, dinlarning asl insonparvarlik mohiyati jamiyatning ma’naviy-axloqiy asoslaridan biri bo‘lib, O‘zbekiston xalqini birlashtirish va jipslashtirishga xizmat qiluvchi, oilalarda o‘zaro hurmat-izzat va mehr-oqibatni mustahkamlovchi asriy qadriyatlar manbaidir”, deb yozilgan.
7 bob va 41 moddadan iborat mazkur Konsepsiya jamiyatda diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlikni ta’minlashi bilan bir qatorda radikalizm va ekstremizm kabi turli buzg‘unchi g‘oyalardan fuqarolar, xususan, yoshlar ongini asrashga xizmat qiladi deb, aytish mumkin.
Uning 3-bobida O‘zbekistonda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, asosiy vazifalari va prinsiplari keltirilgan. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi fuqarolarning vijdon erkinligiga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun teng shart-sharoitlar yaratish, turli dinlarga mansub diniy tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro murosa va hurmat o‘rnatilishiga ko‘maklashish, konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash, jamiyatda diniy bag‘rikenglikni va dunyoviylikni ta’minlashdan iborat. 5-bobda esa dunyoviy davlatda umumjamiyat manfaatlari va vijdon erkinligi uyg‘unligini ta’minlash haqida so‘z boradi.
Qonuniylik prinsipiga muvofiq, diniy sohadagi davlat siyosati Konstitutsiyaga va qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi. Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari tomonidan qabul qilingan qarorlarning Konstitutsiyaga va qonunchilik hujjatlariga zid bo‘lmasligi ta’minlanishi qayd etilgan.
Dinning davlatdan ajratilganligi prinsipi diniy tashkilotlar va davlat organlari o‘zaro bir-birining faoliyatiga aralashmasligi, davlat diniy tashkilotlar zimmasiga davlatning biror-bir vazifalarini yuklamasligi, diniy tashkilotlarning davlat funksiyalarini amalga oshirishiga yo‘l qo‘ymasligiga oid qoidalarni nazarda tutadi.
Bu konsepsiya nafaqat fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati ta’minlashga qaratilgan, balki, ta’lim, tibbiyot, madaniyat kabi sohalarni ham qamrab olgan.
Ta’limda dunyoviy yondashuv ta’lim jarayoni, uni tashkil etish va ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish diniy aqida va e’tiqodlardan xoli bo‘lgan ilmiy bilim va mantiqiy fikrlashga asoslanishini nazarda tutadi. U ta’lim oluvchilarda qarashlar xilma-xilligi, milliy va umuminsoniy qadriyatlar hamda ularning ijtimoiy taraqqiyotga qo‘shgan hissasiga nisbatan hurmatni shakllantirishga qaratilgan. Bu har qanday asoslarga ko‘ra majburiy ta’lim olishdagi cheklovlarga yo‘l qo‘ymaslik, yoshlarning ilmiy va intellektual salohiyatini rivojlantirish, milliy qadriyatlar va ijtimoiy axloq normalarini hurmat qilish, ta’lim tizimida diniy betaraflikni saqlash, diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘ymaslik va boshqalarni nazarda tutadi.
Tibbiyot sohasidagi dunyoviylik sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etish, tibbiy xizmat ko‘rsatish va tibbiy madaniyatni ilmiy tadqiqotlar, dalillarga asoslangan tibbiyot, tibbiy etika va fuqarolarning sog‘liqni saqlash huquqlari ustuvorligi asosida shakllantirishdan iborat.
Tibbiyot amaliyotida faqat klinik va ilmiy jihatdan isbotlangan davolash usullaridan foydalanish, diniy e’tiqod asosida tibbiy aralashuvlarga to‘siqlarning oldini olish, fuqarolarda ilmiy bo‘lmagan davolash usullari zamonaviy tibbiy texnologiyalarni o‘rnini bosa olmasligi to‘g‘risidagi tushunchani shakllantirishni nazarda tutadi.
Madaniyat sohasidagi dunyoviy yondashuv jamiyatni insonparvarlik, tabiiy muhitga, milliy va umuminsoniy madaniy merosga hurmat tamoyillariga muvofiq rivojlantirishdan iborat. Bu an’analar, adabiy va musiqa san’ati, xoreografiya, teatr, kino va badiiy ijodning boshqa shakllarini qo‘llab-quvvatlashda namoyon bo‘ladi.
Nikoh munosabatlarini tartibga solishda dunyoviylik fuqarolik va oila qonunchiligi asosida nikohni huquqiy tartibga solishni anglatadi. Bunda diniy marosimlarni o‘tkazishdan oldin nikohni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, nikohga ixtiyoriy rozilik berish prinsipiga qat’iy amal qilish, ikki yoki undan ortiq xotin yoxud ikki yoki undan ortiq er bilan er-xotin bo‘lib yashashni targ‘ib qilishni cheklash, milliy qadriyatlar va qonunchilikka muvofiq an’anaviy nikoh munosabatlarini qo‘llab-quvvatlash haqida so‘z bormoqda.
Ijtimoiy axloq va xulq-atvor normalarini shakllantirishda dunyoviylik shaxsning boshqa shaxslar va jamiyat bilan munosabatlarda, shaxsiy e’tiqodidan qat’i nazar, boshqalarning huquq va erkinliklarini, shu jumladan vijdon erkinligi huquqini hurmat qilgan holda o‘zini oqilona tutishi, insonparvarlik g‘oyalari, milliy va dunyoviy qadriyatlarga tayanishni nazarda tutadi.
Umuman, ushbu hujjatda diniy qadriyatlarimiz jamiyatimiz uchun juda muhim ekanligi, ular O‘zbekiston xalqining madaniyati, turmush tarzi, urf-odatlari, odob-axloqining shakllanishiga xizmat qilib kelayotgani alohida qayd etilgan. Diniy e’tiqodlar va diniy bag‘rikenglik O‘zbekiston xalqini birlashtirish va jipslashtirishga xizmat qiladi. Konsepsiyada vijdon erkinligi huquqini yanada kafolatlash, diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, prinsiplari, ustuvor yo‘nalishlari va ularni amalga oshirish mexanizmlari ochib berilgan.
Zuhra Aripova,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi professori
Izoh qoldirish