8-dekabr – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 31 yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori TABRIGI
Assalom-u alaykum qadrli ustozlar, aziz talaba-yoshlar!
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi – mustaqil davlatimiz huquqiy asosi, jamiyat barqarorligi kafolati hisoblanadi. Bosh Qomusimiz qabul qilinganining 31 yilligini butun xalqimiz keng nishonlamoqda. Zero, 2023-yil 30-aprel kuni yurtimiz tarixida unutilmas voqea – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi yangi tahrirda umumxalq referendumi asosida qabul qilindi. Unda xalqimizning Yangi Oʻzbekistonni barpo etish boʻyicha orzu-umidlari va intilishlari oʻz aksini topgani dunyo hamjamiyati tomonidan ham eʼtirof etilmoqda.
Hurmatli hamkasblar, aziz talaba-yoshlar!
Bugun millatlararo va konfessiyalararo oʻzaro hamjihatlik munosabatlari hukm surayotgan bagʻrikeng Oʻzbekistonda Konstitutsiya normalari xalqimiz hayotida oʻzining huquqiy ifodasini topmoqda. Oʻzbekiston – suveren, demokratik, ijtimoiy va dunyoviy davlat sifatida oʻz maqomini mustahkamladi. Shuningdek, yangi Konstitutsiyaning umumxalq referendumi asosida qabul qilingani xalqimizning Vatan taqdiriga daxldorligi, yuksak siyosiy va huquqiy madaniyati hamda ishonchini namoyon etdi.
Shu maʼnoda, davlatimiz rahbari taʼkidlaganlaridek, “...yangilangan Konstitutsiyamizning chinakam muallifi xalqimiz boʻldi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor. Eng muhimi, endi islohotlarimiz yoʻlidan hech qachon ortga qaytmaymiz, “inson – jamiyat – davlat”, degan yangi tizim asosida faqat va faqat oldinga qarab boramiz”.
Chindan ham, Yangi Oʻzbekiston iqtisodiy-siyosiy, ijtimoiy-huquqiy, madaniy-maʼrifiy sohalardagi islohotlari bilan bugun dunyo hamjamiyati hurmat-eʼtirofini qozondi. Bunga, albatta, mamlakatimiz iqtisodiy ravnaqi, xalqimiz turmush tarzidagi farovonlik, yosh avlod kamoloti yoʻlidagi tub islohotlar samarasi asos boʻlmoqda.
Aziz talaba-yoshlar!
Maʼlumki, Konstitutsiyamizda yoshlarning huquq va erkinliklarini taʼminlashga yuksak eʼtibor qaratilgan. Zero, 2023-yilga “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb nom berilishida ham kelajak avlodning barkamol boʻlib ulgʻayishi davlat va jamiyat oldida turgan ulkan vazifani oʻzida mujassam etdi.
Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida ham talabalarning zamonaviy andozalar asosida chuqur bilim olishi uchun keng shart-sharoitlar yaratish ustuvor ahamiyat kasb etadi. Zotan, yoshlarimizning raqobatbardosh mutaxassis-kadrlar sifatida jamiyatda oʻzining munosib oʻrniga ega boʻlishini taʼminlash Akademiya jamoasining asosiy maqsadidir!
Ilm-fan, taʼlim va tarbiya – mamlakat taraqqiyotiga asos, yorugʻ istiqbolga poydevor hisoblanadi. Bugun shiddat bilan oʻzgarayotgan dunyo insoniyat, yoshlar oldida yangi-yangi imkoniyatlar eshigini ochishi bilan birga, ilgari koʻrilmagan turli xavf-xatarlarni ham yuzaga keltirganiga guvoh boʻlmoqdamiz. Shu bois, har bir talaba-yoshning zamonaviy bilimlar qatorida ulugʻ mutafakkir ajdodlarimiz merosini chuqur oʻrganishi, islom dini maʼrifatini teran anglab yetishi va misqollab olingan bilimlarini jamiyatimizning barcha qatlamlariga yetkazishi har qachongidan ham dolzarb.
Azizlar!
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 31 yilligi bilan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining butun jamoasi, professor-oʻqituvchilari, magistr va talabalari hamda ishchi-xodimlarini chin qalbimdan muborakbod etib, ilm-maʼrifat ziyosini olamga yoyish orqali inson va jamiyatga saodat ulashishdek ulugʻ maqsad yoʻlida barchangizga mustahkam sogʻlik, oilaviy baxt va saodat tilayman!
Uygʻun GʻAFUROV,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori
Izoh qoldirish