431

Zahiriddin Muhammad Bobur haqida hujjatli film suratga olinmoqda

“Oʻzbekkino” Milliy agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti bilan hamkorlikda “Sintez film” kinostudiyasi tomonidan Zahiriddin Muhammad Bobur haqida tarixiy-hujjatli film tasvirga olinmoqda.

Mazkur film Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil Adiblar xiyoboniga tashrifi davomida berilgan topshiriqlari yuzasidan amalga oshirilmoqda. Mazkur kinokartina “Xalq yuragi” nomi ostida suratga olinayotgan 24 qismli turkum filmlardan biri.

Kinokartinada shoh va shoirning keng dunyoqarashi, ulkan aql-zakovati, saltanatni boshqarishdagi salohiyati yoritiladi, Bobur Mirzo hayotining xronologiyasi qamrab olinadi. Shuningdek, voqealar rivojiga “Boburnoma” asari asos qilib olingan boʻlib, asarda Bobur oʻz qoʻllari bilan bayon etgan hayoti davomidagi zalvorli voqealarni jonlantirish orqali film mazmuni ochib beriladi.

Ssenariy muallifi va postanovkachi rejissyor Bobur Sher oʻgʻli, ikkinchi rejissyor Botir Abdurahmonov, postanovkachi operator Diyor Ismatov, postanovkachi rassom Sanʼat Kenjayev, prodyuser Xurshid Alixoʻjayev.

Aktyorlar Ilhom Berdiyev, Elbek Fayziyev, Ilmira Rahimjonova, Bahrillo Rahimov, Alisher Yoʻldoshev, Mansur Abduxoliqov, Rayhon Asadova, Umid Zokirov, Daler Temurov, Zarif Hasanov, Umar Jumayev, Nida Xan, Hajra Hanif, Nir Murtaza, Vimal Saini va boshqalar.

“Oʻzbekkino” Milliy agentligi Axborot xizmati

Izoh qoldirish