MILLIY MADANIY UYGʻONISH SILSILASINING OLTIN DAVRI yoxud xorijliklar bizga qiyin tuyulgan eski oʻzbek adabiy tilini oʻta jozibali deb hisoblaydi
SARHISOB
Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – Turksoy Bosh kotibi Sulton Raev maʼruzalaridan birida bunday degan edi: “Oʻzbekiston koʻp asrli, boy tarix va madaniy merosga ega, Buyuk ipak yoʻli chorrahasida joylashgan yurt. Uning tarixi va madaniyati nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun dunyo turkiy xalqlari oʻtmishining yorqin sahifasidir. Bu xalqning boy madaniy merosini oʻrganish va asrab-avaylash uchun keyingi yillarda keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Binobarin, madaniy merosni saqlash millatning oʻzligini saqlash bilan barobardir”.
Filologiya fanlari doktori, professor Aftondil ERKINOV bilan suhbatlashar ekanmiz, oʻtib borayotgan 2023-yilda ushbu noyob merosimizni oʻrganish jarayonidagi yangiliklar va mavjud muammolar bilan qiziqdik.
– 2021-yilda vengriyalik navoiyshunos Benedik Peri bilan uchrashgan chogʻimizda tadqiqotchi chigʻatoy tili va ingliz tiliga asoslangan lugʻat tuzish taklifini bildirgan edi. Joriy yilda ishtirokingizdagi adabiyotshunoslar jamoasi eski oʻzbek adabiy tili va ingliz tiliga asoslangan lugʻat tuzish borasida xayrli ish boshlagani haqida eshitdik...
– Bu tashabbus ne-ne tadqiqotchi olimlar, adabiyotshunoslar va manbashunoslarning orzusi edi. Hozirgi kunda Etos Loran universiteti huzuridagi Sharqshunoslik instituti direktori Benedik Peri, kamina, filologiya fanlari doktorlari Shuhrat Sirojiddinov, Zulxumor Mirzayeva hamda Dilnavoz Yusupova bilan birgalikda eski oʻzbek tilidagi matnlardan iborat qoʻllanma tuzdik. Qoʻllanmada eski oʻzbek tilidagi matnlar asliyat yozuvida, qisman lotincha transkripsiyada beriladi. Eng asosiysi, talabalar uchun eski oʻzbek tilidagi matnlar majmuasi sifatida kerakli qoʻllanma boʻla oladi. Bunday qoʻllanma hozirgacha yoʻq edi. “Erasmus+” loyihasi doirasida boshlangan bu xalqaro hamkorlik Gʻarbda mumtoz adabiyotimizga, eski oʻzbek tilidagi asarlar matnlariga eʼtiborni kuchaytirishga xizmat qilyapti. Yangi avlod olimlari safi kengayishiga hissa qoʻshyapmiz.
– Yaqinda Samarqandda “Oʻzbekiston madaniy merosi – yangi Renessans asosi” VII xalqaro kongressi boʻlib oʻtdi. Nufuzli anjumanda Mirzo Ulugʻbekning yoshligi tasvirlangan surat topilgani haqida jurnalistlarga bergan maʼlumotingiz koʻplab shov-shuvlarga sabab boʻldi. Mazkur kongressda tilga olingan muhim masalalar va madaniy merosimizning kashf etilgan yangi qoʻriqlari haqida aytib oʻtsangiz.
– 5-8-noyabr kunlari Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan kongressda 40 davlatdan 300 dan ortiq taniqli ekspert, jumladan 20 ta ilmiy tashkilot va 6 ta Fanlar akademiyasi direktorlari, shuningdek, TURKSOY vakillari ishtirok etdi. Anjumanda turkiy tilli xalqlar madaniyatini oʻrganish jarayonining yangi davri boshlanganini his qildik. Maʼruzachilar jahon ilmiy hamjamiyatini birlashtirgan bunday forumlarning ahamiyati va zarurligini taʼkidladi. Shuningdek, Oʻzbekiston hukumatining madaniy merosni asrab-avaylash, oʻrganish va ommalashtirish borasidagi saʼy-harakatlarini olqishladi.
Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha jahon jamiyati oʻtmishda zaminimizda yaratilgan va hozir turli sabablar tufayli dunyoning yirik kutubxonalari va muzeylarida, shaxsiy kolleksiyalarda saqlanayotgan sanʼat va madaniyat durdonalari haqida maʼlumot toʻplash maqsadida tashkil etilgan. Oʻtgan davr mobaynida yuzlab olimlar, mahalliy va xalqaro ekspertlar, mutaxassislar koʻmagida dunyoning turli oʻlkalarida saqlanayotgan noyob madaniy merosimiz haqida toʻplangan maʼlumotlarning 60 jildi “Oʻzbekiston madaniy merosi” turkumida chop etildi. Bu yilgi kongressda esa mazkur turkumda 61-70 jilddan iborat 10 ta yangi kitob-albom taqdim etildi. Eʼtiborli jihati, ushbu toʻplam kutubxonalarga bepul berilmoqda.
Bundan tashqari, yana oʻndan ortiq noshirlik loyihasi taqdimotlari oʻtkazildi. Albatta, bularni toʻplash oson boʻlayotgani yoʻq. Lekin hukumatimiz va homiy tashkilotlar koʻmagida, zahmatkash olimlarimizning izlanishlari natijasida noyob manbalarni oʻrganish va xalqimizga, butun dunyoga Oʻzbekiston madaniy merosi sifatida taqdim etishga erishilyapti.
Kongress doirasidagi xalqaro konferensiyalarda “Merosning yangi qirralarini kashf etib: jahon toʻplamlaridagi oʻzbek kolleksiyalari”, “Jahon jamiyati loyihalaridan Sharq qoʻlyozma merosi durdonalarigacha”, “Jahon amiyati loyihalarida Markaziy Osiyo muzeylari va kutubxonalari”, “Markaziy Osiyo tarixi va sanʼati: izlanishlar va kashfiyotlar” hamda “Kino va media olami: merosga yangicha nigoh” kabi mavzularda muhokamalar boʻlib oʻtdi. Ularda 120 ga yaqin ilmiy maʼruza tinglandi. Ana shu jarayonda siz savolingizda taʼkidlab oʻtgan yangilik – Mirzo Ulugʻbekning yoshlikdagi surati bilan bogʻliq maʼlumotlar oʻrtaga chiqdi.
Sh.Marjoniy jamgʻarmasining toʻqimachilik va qoʻlyozmalar kolleksiyasi kuratori Galina Lasikova jamgʻarma fondidan olingan bir noyob miniatyura haqida hikoya qildi. Miniatyurada ustoz va shogird anʼanalari, shuningdek, mashhur Shayx Orif Ozodiy va yosh Mirzo Ulugʻbek tasvirlangan. “Oshiqlar yigʻini” deb nomlanuvchi mazkur asarning muallifi maʼlum emas. Taxmin qilinishicha, miniatyura XVII asrdagi Buxoro maktabiga mansub. Biz koʻplab tarixiy shaxslarimizning toʻliq rasmlariga ega emasmiz. Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Bobur Mirzo kabi allomalarimiz tasvirlari badiiy tasavvur orqali yaratilgan. Lekin Galina Lasikova taqdim etgan bu maʼlumot toʻliq oʻrganilgani yoʻq. Shu bois, aniq xulosa aytmay turganimiz maʼqul. Mirzo Ulugʻbekning surati haqida matbuotda aytilgan fikr hozircha ilmiy faraz, xolos.
Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha jahon jamiyati (WOSCU) 2018-yili 40 mamlakatning 300 dan ortiq sharqshunosi tashabbusi bilan tashkil etilgan boʻlib, 2019-yili Parijda rasman roʻyxatdan oʻtgan. Bu yil jamiyat Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtdi va Toshkent shahrida vakolatxonasini ochdi. Bu ham joriy yildagi muhim voqealardan biri, desak boʻladi.
– Bir necha yillardan buyon mumtoz adabiyotimizni yoshlarga oʻrgatishning innovatsion usullari haqida tadqiqotchilarning bir necha taklif va mulohazalari, tajribalari oʻrtaga tashlab kelinmoqda. Ularning qaysi biri ish jarayoningizda va tadqiqotlar asnosida qoʻl keldi?
– Taʼlim tizimimizda mumtoz adabiyotni oʻrgatish borasidagi muammolardan biri oʻsmir va yoshlarning matn bilan ishlash malakasi yetarli emasligidir. Shoʻro davrida oʻquvchilar millati bilan bogʻliq tarixga bogʻlanib qolmasin, deb matnga koʻp eʼtibor qaratishmagan. Matnni qanday tahlil qilish va undan qanday mazmun va maʼlumot topishni zarur darajada oʻrgatishmagan. Chunki yoshlarni asl matnlardan uzoqlashtirishga urinishgan. Shukrki, hozir asl matn bilan ishlash, undan maʼno izlash birinchi oʻringa chiqdi. Qoʻlyozmalar boʻyicha ishlaydigan mutaxassislarni tayyorlaydigan kafedralar koʻpaydi. Masalan, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasidagi “Oʻzbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi matnshunoslik boʻyicha nufuzli markazdir. Biz matnshunoslar tayyorlashimiz, mumtoz adabiyot boʻyicha malakali xodimlarni yetishtirishda matnshunoslik va manbashunoslikka katta ahamiyat berishimiz kerak. Bu yoʻnalishda koʻplab ishlar qilinyapti, lekin keyingi yillarda navoiyshunoslikda, mumtoz matnlar bilan ishlash jarayonida tasodifiy tadqiqotchilar koʻpaydi. Ular uchun Navoiy asarlari yoki matnshunoslik boʻyicha maqola chop etish asosiy masala hisoblanadi. Malakasi yetarli emas, bu sohalarni yaxshi tushunmaydi. Matnshunoslikni arab yozuviga asoslangan eski oʻzbek tilidagi matnni kirillga oʻgirishdangina iborat deb tushunadigan tadqiqotchilardan nima ham kutish mumkin. Aslida, matnshunoslik ular oʻylagandan koʻra keng va mohiyati chuqur soha, murakkab jarayondir. Zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishda tadqiqotchining ana shu bilimi muhim ahamiyat kasb etadi. Shundagina u koʻhna madaniyatimiz asrorini bugungi oʻquvchiga anglatishning oʻziga xos yoʻllarini topish uchun izlanadi, qattiq mehnat qiladi.
– Metropoliten muzeyi bilan hamkorlikdagi tadqiqotlaringizda avval maʼlum boʻlmagan qanday maʼlumotlarga ega boʻldingiz?
– Metropoliten muzeyi bilan hamkorlikda Alisher Navoiyning Hamid Sulaymon tomonidan oʻz vaqtida tavsif qilingan Alisher Navoiy devoni qoʻlyozmasining asl nusxasini koʻrishga, uning tarkibi bilan tanishishga muvaffaq boʻldim.
Mazkur devonga kiritilgan har bir gʻazal bilan qaytadan tanishib chiqdim. Mazkur devon qoʻlyozmasiga 1500-yilda, yaʼni Alisher Navoiy dunyodan oʻtishidan bir yil oldin tartib berilgan. Uni xattot Sultonali Mashhadiy koʻchirgan. Demak, ushbu qoʻlyozmani Alisher Navoiy koʻrgan boʻlishi ehtimoli katta. Shuningdek, muzeyda Husayn Boyqaroning 1500-yili koʻchirilgan devoni bilan ham tanishib chiqdim. Qoʻlyozmani Sultonali Mashhadiy koʻchirgan. Bu kichik devonni ham muallifi oʻz qoʻliga olgan, degan taxminimiz bor. Chunki Sultonali Mashhadiy Husayn Boyqaroning saroy kotibi boʻlgan. Bundan tashqari, 1427-yilda Amir Temurning nabirasi Shohrux Mirzoning oʻgʻli Ibrohim Sulton tomonidan koʻchirilgan Qurʼon nusxasini ham shu muzeyda koʻrdim. Ibrohim Sulton Sherozda hukmronlik qilgan va juda yaxshi xattot boʻlgan. U Qurʼonni bir necha bor koʻchirgan. Ana shu nusxalardan biri Metropoliten muzeyida saqlanayotganidan boxabar boʻldik.
– Alisher Navoiy asarlarining murakkab tili oʻziga xos va jozibali ekani haqida xorijlik tadqiqotchilar hamisha hayrat bilan gapiradi. Biz esa bu tilni oʻrganishning qiyinligi va lugʻatlar yetishmovchiligidan noliymiz...
– Eski oʻzbek tilini oʻrganish, lugʻatlar yetishmovchiligi masalani hal etishdagi shunchaki vositalar, xolos. Oʻrta asrlar eski oʻzbek yozuvini oʻqiy olish, oʻrta asrlardagi tilni, Alisher Navoiy asarlari mohiyatini anglashni istagan odam barcha qiyinchiliklarni bartaraf etishga oʻzida zarur maʼnaviy kuchni ham topadi. Qiyinchiliklar doimo mavjud boʻladi. Sababi, oʻrtada oʻtgan 4-5 asr davomida tilimizdagi soʻzlarning aksariyati yangilangan. Maʼnolari oʻzgargan. Shuning uchun ularni tushunishimiz anchagina murakkab. Ularni toʻgʻri anglash uchun arab va fors tillarini ham yaxshi bilishimiz kerak. Lekin gap faqat tilni tushunishning oʻzidami? Agar faqat shunda boʻlsa, Afgʻonistondan kelgan, fors tili maktablarini bitirgan, oʻzbek tilini bilgan barcha talabalar allaqachon Alisher Navoiy va oʻrta asr tilini bemalol tushungan boʻlardi. Gap til qiyinchiligida emas, mazmun va maʼno murakkabligida. Alisher Navoiy falsafiy shoir. Buyuk mutafakkir. Uning asarlarini tushunish va anglash uchun oʻsha davr adabiyoti xususiyatlarini, tasavvuf falsafasini, astronomiyani, fizikani, geografiyani, matematikani anglash zarur.
– 2023-yilda milliy ildizlarimizni anglash, fikr uygʻoqligiga yanada koʻproq erishish, madaniy merosimizni oʻrganish borasidagi qaysi loyihalar va nashrlardan koʻnglingiz toʻldi?
– Shukrkim, joriy yilda quvontiradigan yutuqlarimiz bor. 2019-2022-yillarda “Oʻzbekistonga oid xorijda saqlanayotgan madaniy boyliklar reestrini yaratish, nodir qoʻlyozma asarlarning faksimilesini nashr etish” loyihasi doirasida “Oʻzbekistonga oid xorijdagi qoʻlyozma asarlar reestri”ning 1-jildi nashr etilgandi. Unda yurtimizda yashab oʻtgan oʻnlab allomaning xorijdagi yuzlab qoʻlyozma asarlari roʻyxati keltirilgan. Hozir mazkur reestrning ikkinchi va uchinchi jildlari Madaniy meros agentligi tomonidan chop etilish arafasida. Bu jildlardan oʻnlab allomalarimizning xorijdagi kutubxona va muzeylarda saqlanayotgan qoʻlyozmalariga oid maʼlumotlar oʻrin olgan.
Bu uch jild kitobni tayyorlashda falsafa fanlari doktori, professor Roiq Bahodirov, tarix fanlari doktori Oʻktam Sultonov, tarix fanlari nomzodlari Dilshod Rasulov, Saidakbar Muhammadaminov, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori Oysara Madaliyeva, ilmiy xodimlar Sanjar Gʻulomov, Iroda Qayumova, Filipp Husnutdinov, Komila Bekova kabi olimlar qatorida men ham ishtirok etganimdan, ayni savobli ishni amalga oshirishda bor bilimim va salohiyatim bilan hissamni qoʻshganimdan nihoyatda mamnunman.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri Muxtasar TOJIMAMATOVA suhbatlashdi.
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2023-yil 5-dekabr, 253-son
Izoh qoldirish