256

SUV – BEBAHO NE’MAT uni ortiqcha ishlatish daryo bo‘yida ham isrofdir

NUQTAYI NAZAR

Alloh taolo Yerni yashashga qulay qilib yaratib, unda suv oqizib, turli oʻt-oʻlan, dov-daraxtlar oʻstirib qoʻydi. Suv Robbimizning ulkan neʼmatidir. Rangsiz, taʼmsiz, hidsiz suyuqlik tanamizni tetiklashtiradi, liboslarimizni poklaydi, tashnaligimizni qondiradi, hayotimizning davom etishiga sabab boʻladi. Bejiz suv obihayot (hayot suvi) deyilmaydi.

Yaqinda Prezidentimiz Surxondaryo viloyatiga tashrifi chogʻida faollar bilan oʻtkazilgan yigʻilishda bugungi kunda dunyo boʻyicha katta muammoga aylanayotgan suv masalasiga alohida toʻxtalib: “Suv – tekin emas”, degan gʻoyani aholiga chuqur singdirish, uni mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar va keng jamoatchilik bilan birga kundalik turmush qoidasiga aylantirish asosiy vazifa boʻlishi lozim”, dedi.

Darhaqiqat, inson taomsiz bir ikki haftagacha yashashi mumkin, ammo suvsiz uch kun ham chiday olmaydi. Odam tanasidagi suv oʻn besh foiz kamaysa, u halok boʻladi. Mutaxassislar fikricha, inson tanasining aksar qismi suvdan iborat. Masalan, chaqaloq ogʻirligining yetmish besh foizini suv tashkil etadi.

Suv – insonning hayot kechirishi uchun asosiy quvvat manbai. Bunga yana odamning poklanishi va boshqa maqsadlarda ishlatadigan suv ham qoʻshilsa, uning qanchalik zarur va bebaho neʼmat ekani oydinlashadi. Alloh taolo Qurʼoni karimda bunday marhamat qiladi: “...va barcha tirik mavjudotni suvdan (paydo) qilganimizni koʻrmadilarmi?!” (“Anbiyo” surasi, 30-oyat).

Toza ichimlik suvni ehtiyojdan tashqari ishlatish va behuda oqizib qoʻyish kabi holatlar uchrayotgani oʻta achinarli holdir. Ayrim davlatlarda toza ichimlik suv oltinga teng boʻlib turgan, minglab kishilar, yosh goʻdaklar ichimlik suv tanqisligidan aziyat chekayotgan bir sharoitda biz Alloh ato etgan shunday buyuk neʼmatning qadriga yetmasligimiz noshukrlikdan boʻlak narsa emas.

Hozirgi vaqtda jami 470 million odam suv taqchilligi keskinlashgan mintaqalarda, 2,4 milliard kishi esa suv tozalash qurilmalari va drenaj tizimi orzuligicha qolayotgan oʻlkalarda yashaydi. Sifatli ichimlik suv yetishmasligidan jahonda yiliga millionlab inson kasallanib, nobud boʻlmoqda. 

Alloh taolo barcha narsalarni bir biriga uzviy bogʻliq holda oʻziga xos oʻlchovi va hisobi bilan yaratgan. Bu borada Qurʼoni karimda bunday deyiladi: “Biz osmondan hisobi bilan yomgʻir suvlarini yogʻdirib, Yerga oʻrnashtirdik. Biz bu suvlarni ketkazib, sizlarni undan mahrum qilib qoʻyishga ham qodirmiz” (“Moʻminun” surasi, 17-oyat).

Bu oyati karimalar orqali Haq taolo bizga Yer yuzidagi barcha narsalar, jumladan, suv ham Oʻzining muayyan hisobi va oʻlchovi bilan yaratilganini maʼlum qiladi. Shunday ekan, suvni isrof qilishga aslo yoʻq qoʻymasligimiz zarur.

Bugungi kunda musulmonlar orasida Alloh taolo ato etgan turli neʼmatlar qatori suvni ham isrof qilayotgan, unga beparvo munosabatda boʻlayotganlar borligi achinarli hol. Hayotimiz uchun eng zarur neʼmat boʻlgan suv isrofi hammasidan oshib tushyapti.

Suvning isrof boʻlishiga yoʻl qoʻymay, uni tejab ishlataylik. Farzandlarimizga ham suvni isrof qilmaslikni oʻrgataylik. Bu barchamizning burch va vazifamiz ekanini aslo unutmaylik. Hozir jahonda ichimlik suv muammosi oʻta dolzarb boʻlib turibdi. Ayni paytda dunyoda bir milliarddan ortiq kishi toza ichimlik suvga muhtoj. 

Suvni tejash haqida hadisi sharif da bunday keladi: Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Paygʻambarimiz sollalohu alayhi vasallam sahobalardan Saʼd roziyalhu anhu tahorat qilayotganlarida: “Ey Saʼd, bu isrof nimasi?”, dedilar. Saʼd roziyallohu anhu: “Tahoratda ham isrof qilish bormi?”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ha, agarchi oqib turgan daryoning boʻyida turgan boʻlsang ham”, dedilar (Imom Ahmad va Imom ibn Moja rivoyati).

Tahoratda ortiqcha suv ishlatish isrof va mumkin boʻlmaganidan keyin qolgan narsalarni qiyoslab olavering. Ekinga ham ehtiyojdan ortigʻini ishlatish isrofdir. 

Soʻnggi yillarda tevarak atrof, yer, suv va havoda sezilarli ifloslanish kuzatilmoqda. Buning oldini olish, tabiatni muhofaza qilib, sogʻlom avlod uchun kurashish esa barchamizning burchimizdir. 

Dunyoda ichishga yaroqli suv zaxirasi juda oz. Dengiz va ummonlar suvi shoʻr. Chuchuk suv, asosan, togʻdagi muzliklar da jamlangan. Undan keyin daryo va koʻllar suvi ham chuchukdir. U qayta ishlanib, aholiga yetkaziladi. 

Ammo hamma davlatlarda ham bunday emas. Ichimlik suv tanqisligidan qiynalayotgan koʻplab mamlakatlar bor. Bularning asosiy qismi Afrika qitʼ asiga toʻgʻri keladi. Yogʻingarchilik, suv havzalari kamligi kabi omillar bunga sabab boʻlgan. 

Allohga behisob shukrki, yurtimizda ichimlik suv borasida bunday muammolar yoʻq. Biroq soha mutaxassislari yaqin kelajakda bizda ham kuzatilishi mumkinligini aytmoqda. Yurtimizda suv miqdori oʻlchovlidir. Banda nematning qadriga yetsa, shukr qilsa, oʻsha neʼmat ziyoda qilib beriladi. Bordi-yu noshukrlik qilib, isrofga yoʻl qoʻysa, neʼmat tortib olinadi va oʻrniga azob keladi.

Afsuski, suvni isrof qilish hollariga tez-tez guvoh boʻlib qolyapmiz. Joʻmragi buzilgan suv quvurlaridan toza ichimlik suv sharillab oqib yotadi. Oʻsha suvdan ichadigan aholi vakillaridan birortasi: “Kel, shu joʻmrakni tuzattirib qoʻyay! Axir bu suvdan oʻzimiz ichamiz-ku! Shuncha suv isrof boʻlib oqib yotmasin. Bu is rofning ham soʻrogʻi bor”, deb oʻylab koʻrmay, oʻsha quvur yonidan beparvolarcha oʻtib ketaveradi.

Suv sharillab oqishi u yoqda tursin, hatto tomchilab oqib tursa ham isrofdir. Chunki shu tomchilar jamlansa, katta miqdorda suv isrof boʻlayotgani oydinlashadi. 

Dunyoning ayrim joylarida insonlar zararli mikroblarga toʻla, dizbak terioz, diareya va boshqa zaharlanish koʻrinishlariga olib keladigan suv ichmoqda. Shularni oʻylab, ichayotgan mu saffo, pok suvimiz uchun Robbimizga koʻp-koʻp shukrlar qilaylik!

Allohga hamd aytish, neʼmatla rining shukrini ado etish banda uchun ham ibodat, ham katta mukofotdir. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qiladilar: “Alloh taolo bandaga kattami, kichikmi bir neʼmat bersa va banda uning shukronasi uchun: “Allohga hamd boʻlsin” desa, oʻsha neʼmatdan ham afzalroq narsaga erishgan boʻladi” (Imom ibn Moja rivoyati).

Olamlar Robbisi bizga ato qilayotgan chuchuk suv neʼmati haqida bunday marhamat qilgan: “Oʻzingiz ichadigan suvni oʻylab koʻring-a! Uni bulutlardan siz tushirasizmi yoki Biz tushuruvchimizmi? Agar xohlasak, Biz uni shoʻr qilib qoʻyamiz. Shukr qilsangiz-chi!” (“Voqea” surasi, 68-70-oyatlar). 

Alloh taologa bergan barcha neʼmatlari qatori istaganimizdek suv ichish imkonini bergani uchun ham koʻproq shukr qilaylik! Shunda bu neʼmat yanada ziyoda boʻladi!

Homidjon ISHMATBEKOV,

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi oʻrinbosari

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2023-yil 3-dekabr, 252-son

Izoh qoldirish