198

TARAQQIYOT YO‘LINING HUQUQIY ASOSI Ishbilarmonlar va investorlar bosh qonunimizga shunday qaramoqda

8-DEKABR – O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI KONSTITUTSIYASI KUNI

Bu yilgi Konstitutsiya kuni bayramimiz oldingilaridan shukuh borasida ham, mazmun-mohiyat nuqtayi nazaridan ham tubdan farq qiladi. Sababi xalqimiz muallifligida tayyorlangan yangi tahrirdagi Konstitutsiya 2023-yil 30-aprelda oʻtkazilgan referendumda umumxalq ovoz berish yoʻli orqali qabul qilindi.

Konstitutsiyaning yangilanish jarayonida hayotimizning barcha sohalarini qamrab olgani haqida ortiqcha gapirishga ehtiyoj yoʻq. Iqtisodchi sifatida Bosh qonunimizda aksini topgan baʼzi iqtisodiy masalalar haqida qisqacha toʻxtalmoqchiman.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda asosiy oʻrinlardan birini jamiyatning iqtisodiy negizlarini belgilaydigan qoidalar egallaydi. Unda mamlakat iqtisodiyotining asosini xilma-xil mulk shakllari tashkil etishi, barcha mulk shakllari teng huquqliligi va himoya qilinishi, xususiy mulk daxlsizligi masalalari muhrlab qoʻyilgan. Gap shundaki, mulk – iqtisodiy resurslar va isteʼmol predmetlarini oʻzlashtirish shakli hamda bu jarayonda iqtisodiy faoliyat subyektlari oʻrtasidagi munosabat. Mulk subyektlari mulk obyektlariga ega kishilar yoki kishilar guruhi va davlatdir.

Mulkiy munosabatlar har qanday iqtisodiy tizimning asosini tashkil etadi. U mulkka egalik qilish, undan foydalanish va tasarruf etish jarayonida vujudga keladi. Mulkchilikning oʻziga xos xususiyati shundaki, u ham huquqiy, ham iqtisodiy mazmunga ega. Ularning har ikkisi bir biri bilan bogʻliq, bir-birini taqozo etadi. Ammo bu bogʻliqlikda mulkchilikning iqtisodiy mazmuni hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlishi lozim. Agar mulk iqtisodiy jihatdan roʻyobga chiqarilmasa, yaʼni ishlab chiqarishda foydalanilmasa yoki oʻz egasiga daromad keltirmasa, unda quruq huquqiy kategoriya boʻlib qolaveradi. Ikkinchi tomondan, ishlab chiqarish vositalariga muayyan huquqiy egalik qilmasdan turib hech kim ishlab chiqarish jarayonini amalga oshirolmaydi, ishlab chiqarish vositalari hamda yaratilgan mahsulot va xizmatlardan foydalana olmaydi. Mulkchilik xoʻjalik yuritish va tadbirkorlik faoliyatining turli shakllari orqali iqtisodiy jihatdan roʻyobga chiqariladi.

“Mulkchilik toʻgʻrisida”gi qonunda mulkchilikning qator shakllari mavjudligi koʻrsatilgan. Jumladan, xususiy mulk, jamoa mulki, davlat mulki, aralash mulk, boshqa davlat hamda xalqaro tashkilotlar yuridik va jismoniy shaxslarining mulki. 

Davlat mulki umumxalqqa qarashli, boʻlinmaydigan va umumiy resurslardan foydalanishga qulay boʻlib, mulk obyektlarini milliylashtirish yoki davlat mablagʻi hisobidan korxonalar qurish orqali vujudga keladi. Davlat mulki takror ishlab chiqarib boʻlmaydigan tabiiy resurslar, yirik inshoot va transport vositalari, yoʻl, iqtisodiy tuzil malarni oʻzida birlashtiradi.

Insoniyat hali xususiy mulkdan samaraliroq mulk shaklini yaratgani yoʻq. Xususiy mulkda ragʻbat, motivatsiya dastaklari bor. Boshqacha aytganda, oʻz mehnati natijasini har kuni, har soatda koʻrib turgan, oʻzi uchun ishlaydigan odam charchamaydi. Mulk shakllari jamiyatning qiyofasini belgilaydi. Barcha mulk obyektlarining 92-93 foizini oʻzida birlashtirgan sotsialistik mulk zamonaviy davr talablariga javob berolmadi, oqibatda tanazzulga yuz tutdi. Mulk plyuralizmiga erishgan mamlakatlar esa rivojlanishda davom etdi. Mulk plyuralizmiga erishishning bosh yoʻli sifatida mamlakatimizda davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish tanlandi. Davlat mulki shaklidagi korxona, tashkilot va mulk obyektlari mulkning boshqa shakllariga (hissadorlik, jamoa, kooperativ, xususiy, aralash) oʻtkazilishi orqali davlat tasarrufidan chiqarildi. 

Xususiylashtirish jarayoni davlat mulkining haq toʻlash yoʻli bilan yoki hech qanday toʻlovlarsiz yoki imtiyozli xususiy mulkka oʻtkazish bilan kechdi. Ammo bu toʻxtab qoladigan ish emas, doimiy jarayondir. Hozir, masalan, muvaffaqiyatli ishlab turgan oʻrta va yirik korxonalar, banklardagi davlat ulushi sotuvga chiqarilmoqda. Bu bozor iqtisodiyoti taqozosi. 

Milliy qonunchiligimizda xususiy mulk va mulkdorlar huquqlarini himoya qilish kafolati qator meʼyoriy-huquqiy hujjatlarda mustahkamlangan. Konstitutsiya, Fuqarolik kodeksi, Soliq kodeksi, “Oʻzbekiston Respublikasida mulkchilik toʻgʻrisida”gi, “Davlat tasarrufidan chi qarish va xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi, “Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari toʻgʻrisida”gi, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi, “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish toʻgʻrisida”gi, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunlar, shuningdek, Prezidentimizning ushbu yoʻnalishga doir farmonlari, qarorlari va boshqalar shular jumlasidan.

Bozor iqtisodiyotiga oʻtish vazifasi, eng avvalo, bozor munosabatlarining uzviy qismi boʻlgan, iqtisodiy jihatdan mustaqil va tovar ishlab chiqaruvchi masʼuliyatli qatlamni shakllantirishni koʻzda tutadi. Tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, qulay biznes muhiti yaratish orqali ularni qoʻllab-quvvatlash davlatning ustuvor vazifalaridandir. Tadbirkorlikka keng yoʻl ochilgani hisobiga soʻnggi olti yilda ular soni 6 barobar oshib, 2 millionga yetdi. Tushumi 1 million dollardan oshgan tadbirkorlar 26 mingtaga, 100 million dollarga yetganlar esa 220 taga yetdi.

Konstitutsiyamizda tadbirkorlarning qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyat bilan shugʻullanishga haqli ekani belgilanishi, birinchidan, daromad olish asosiy maqsadi boʻlgan ishbilarmonlar uchun iqtisodiyotning barcha soha va tarmoqlarida faol boʻlish imkoniyatini taqdim etadi. Ikkinchidan, yoʻnalishini mustaqil tanlash huquqi tadbirkorlarga biznesini biror aralashuvsiz, oʻz xohish va manfaatlaridan kelib chiqqan holda yoʻlga qoʻyishga mustahkam huquqiy asos yaratadi.

2023-yilning 1-yanvar holatiga koʻra, faoliyat yuritayotgan kichik korxona va mikrofirmalar soni 523,6 mingtani tashkil etib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 60,8 mingta koʻpaygan yoki 13,1 foiz oshgan.

Bu borada qator savollar ham tugʻiladi. Jumladan, bandlik, raqobat, tovar va xizmatlar sifatini oshirish uchun kichik tadbirkorlik subyektlari soni yetarlimi? Roʻyxatdan oʻtganlarining barchasi bugun faoliyat yuritmoqdami? Kichik tadbirkorlik subyektlarining 40 foizdan ortigʻi savdo va ovqatlanish faoliyati bilan shugʻullanadi. Ularning aylanma mablagʻi innovatsiya bilan shugʻullanish imkoniyatini beradimi? Nihoyat, kichik tadbirkorlik subyektlari boʻyicha hududlar ulushi qanday? Mamlakat boʻyicha faoliyat yuritayotgan kichik tadbirkorlik subyektlari soni har 1000 kishiga nisbatan 17,9 birlikni tashkil etadi. Bu koʻrsatkich Toshkent shahrida 35,9, Navoiy viloyatida 24,8, Jizzax viloyatida 21,5 birlik.

Aksariyat kichik tadbirkorlik subyektlari tavakkalchilik bilan, bozor konyunkturasini puxta oʻrganmasdan ish tutayotgani bor gap. Agar ular yirik korxonalar bilan kooperatsion aloqalar oʻrnatib, kerakli uzel va detallarni tayyorlab berishga moslashsa hamda bozorga konsolidatsiyalashgan holda chiqsa, yanada yaxshi boʻlardi.

Avvalgi Konstitutsiyada “Jamiyatning iqtisodiy negizlari” bobi uch moddadan iborat boʻlgan boʻlsa, yangi tahrirdagisida toʻrt modda bilan boyitildi. Ol dingi tahrirda yer, yerosti boyliklari, suv, oʻsimlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslar umummilliy boylik ekani va ularning davlat muhofazasidaligi qayd etilgan edi. Yangi tahrirda esa bu modda yer qonunda nazarda tutilgan hamda undan oqilona foydalanish va uni umummilliy boylik sifatida muhofaza qilishni taʼminlovchi shartlar asosida hamda tartibda xususiy mulk boʻlishi mumkinligi qayd qilindi. Bozor munosabatlari talabidan kelib chiqilsa, bu katta ijobiy siljishdir. Ammo bu yerda boshqa muammo kelib chiqadi. Yer bozor obyekti boʻlishi, oldi-sotdi munosabatiga kirishishi uchun baholanishi kerak. Tuproq, oʻrmon bonitirovkasi orqali tabiiy obyektlarning real va potensial sifatini iqtisodiy baholash orqali aniqlanishi lozim. Yaqinda oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari 44,8 million gektar yer hamda 8,3 million bino va inshootning bozor narxi hisoblab chiqilmaganini aytdi. Vaholanki, yer – biz uchun tabarruk. U, birinchidan, otalar yurti, ulardan bizga meros, ona zamin – mamlakatimiz hududi, sarhadi, har bir qarichi qon va jon bilan himoya qilinadi. Ikkinchidan, rizq-u roʻzimiz, dasturxonimiz manbayi, oziq-ovqat xavfsizligi kafolatidir. Shu jihatdan ham yerga davlatimizning munosabati alohida.

Yana bir muhim jihat: yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda intellektual mulkning qonun bilan muhofaza qilinishi mustahkamlab qoʻyilgan. 2020-yilda 4 ming 384 ta intellektual mulk obyekti davlat roʻyxatiga kiritilgan boʻlsa, ikki yilda ular soni 3 barobar koʻpayib, 13 mingdan oshib ketdi. Intellektual mulkni himoya qilish mamlakat taraqqiyotining muhim shartidir. Chunki u bozorning kontrafakt va sifatsiz mahsulotlar bilan toʻlishiga toʻsqinlik qiladi. Intellektual mulk himoya qilinmasligi tufayli yurtdoshlarimiz yaratgan gʻoyaviy boylik mamlakatimizdan tashqariga chiqib ketadi. Bu esa axborot texnologiyalari asrida oʻta dolzarb. 

Konstitutsiyamizda Oʻzbekiston Res publikasi hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va mablagʻlar erkin harakatlanishi kafolatlanishi oldinga yana bir qadam boʻldi. Chunki bozor iq tisodiyotining muhim tamoyillaridan biri erkin raqobat, tovarlar, mehnat va kapitalning mamlakat boʻylab hech qanday toʻsiqsiz erkin harakatlanishini taqozo etadi. Hududlar oʻrtasida sunʼiy toʻsiqlar oʻrnatish mavjud imkoniyatlardan birgalikda foydalanishni cheklaydi. 

Monopol faoliyatning qonun bilan tartibga solinishi va cheklanishi belgilangani juda muhim. Tovar va xizmatlar bozorida samarali raqobat muhitini yaratish uchun monopoliyani bosqichma-bosqich kamaytirish iqtisodiyotni yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishidir. Chunki monopol faoliyat yuritish natijasida bozorga xususiy sektor vakillari kirib kelishi kamayadi. Eski tahrirdagi Konstitutsiyamizda monopolistik faoliyatga doir qoida mavjud emas edi. Shu bois, bugunga qadar monopolistik siyosat turli qonun va qonunosti hujjatlar bilan tartibga solib kelindi. Monopoliyani tiyib turish, bozordagi ulushini kamaytirishga qaratilgan taʼsir choralarini qoʻllashning yagona huquqiy bazasi yoʻq edi. Ushbu kamchiliklar bartaraf etilmasa, bozorda monopol subyektlar soni ortishda davom etardi.

Ushbu meʼyor raqobatni rivojlantirish, ishlab chiqarishga yangiliklarni tezkor joriy etish orqali samaradorlikni oshirish, isteʼmolchilarning tanlash erkinligini kafolatlash, tovar va xizmatlar narxi asossiz koʻtarilmasligi hamda yuqori sifatda boʻlishiga xizmat qiladi.

Bosh qonunimizda bank operatsiyalari, omonatlar va hisobvaraqlarning sir tutilishi mustahkamlab qoʻyildi. 2022-yil holatiga koʻra, tijorat banklari 33 ta, filiallari 860 ta, mini banklar 1 ming 86 ta hamda tun-u kun (24/7) ishlaydigan shoxobchalar soni 2 ming 287 tani tashkil etadi. Bank amaliyotlari ommabopligini oshirish, hududlarga kirib borishini kengaytirish va barcha aholi punktlarida bir xil turdagi xizmat koʻrsatilishini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻrilmoqda. Natijada bank amaliyoti soni keskin oshmoqda, aholining bank tizimiga ishonchi ortmoqda. Pul “qora bozor”larda qolib ketmasligi, bank bilan bogʻliq jinoyatlar kamayishi va mablagʻimizning kafolatlangan joyda saqlanishi muhim. 

Har qanday davlatning asosi, iqtisodiy qudrati davlat budjetidir. Uning asosiy qismini esa soliqlar tashkil etadi. Shu bilan birga, davlat ham fuqarolar uchun ortiqcha va ogʻir boʻlgan soliqlar yoki boshqa yigʻimlarni joriy etmaslik boʻyicha kafolat berishi va bu qonun bilan mustahkamlanishi muhim. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda soliq va yigʻimlar adolatli boʻlishi shart, deya belgilangan. Chunki davlat soliq va yigʻimlar joriy etayotganda aholi yoki tadbirkorning uni toʻlashga qurbi yetish yetmasligini, albatta, inobatga olishi zarur. Ortiqcha va mantiqsiz soliqlar, turli yigʻimlardan voz kechiladi. Oxirgi yillarda tadbirkorlar toʻlaydigan soliq turlari soni qisqartirildi, aholi va biznesga soliq imtiyozlari qoʻllandi. Konstitutsiyaga bu borada kiritilgan oʻz garish esa ana shunday ijobiy yangilanishlar izchil va tizimli davom ettirilishi uchun huquqiy asos boʻladi. 

Bosh qonunimizda davlatning qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini taʼminlashi koʻrsatilgan. Mazkur meʼyorning Konstitutsiyaga kiritilgani, birinchidan, mamlakat iqtisodiyotiga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya jalb etishni ragʻbatlantirish, investorlar ishonchini mustahkamlash va davlat tuzilmalari masʼuliyatini oshirishga xizmat qiladi. Ikkinchidan, tadbirkorlar huquqlarini va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, xususiy mulk himoyasini yanada kuchaytirish hamda investitsiya bozoridagi raqobatni rivojlantirishda katta ahamiyatga ega.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda pensiya, nafaqa va boshqa turdagi ijtimoiy yordam miqdori eng kam isteʼmol xarajatidan oz boʻlishi mumkin emasligi mustahkamlab qoʻyilgan. Soʻnggi besh yilda davlatimiz ijtimoiy taʼminot masalasiga katta mablagʻ ajratdi. Mi sol uchun, 2017-yilda kam taʼminlangan 500 ming oila ijtimoiy yordam olgan boʻlsa, bugunga kelib 2 milliondan ortiq oilaga koʻmak berilmoqda. Ajratilayotgan mablagʻ esa 7 barobar oshirilib, yiliga 11 trillion soʻmga yetdi. Bu oʻzgarishlar aholining turmush darajasini yaxshilash, xarid qobiliyatini oshirish, sogʻligʻi, taʼlimi, yashash sharoiti va mehnat qilish salohiyatini yuksaltirishni koʻzda tutadi.

Ijtimoiy himoya, aholi daromadini oshirish masalasiga davlatimiz siyosiy, ijtimoiy barqarorlik manbayi deb emas (aslida buning oʻzi ham kam emas), balki iqtisodiy oʻsish omili sifatida ham qaramoqda. Kelajakda bu tendensiya yanada kuchayadi. Chunki ishlab chiqarishga innovatsiyalar bilan qurollangan, bilimli yangi avlod kirib kelmoqda. Inson kapitaliga kiritilayotgan sarmoya kelajakka kiritilayotgan investitsiyadir.

Shubhasiz, Bosh qonunimiz ijtimoiy siyosiy, iqtisodiy va madaniy taraqqiyotimiz garovi sifatida dasturulamal boʻlib xizmat qiladi. Xalqimiz oʻz taraqqiyot yoʻlining huquqiy asoslarini mustahkamlab oldi. Endi hamma gap uni amalga oshirishdа.

Nurislom TOʻXLIYEV,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2023-yil 3-dekabr, 252-son

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish