“Siyosat maydoni” tanlovining Akademiya bosqichi g‘oliblari aniqlandi
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida ta’lim muassasalaridagi siyosiy tahlil, maslahat va texnologiyalar bilimdonlari o‘rtasida “Siyosat maydoni” tanlovi o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham tanlovning Akademiya bosqichi tashkil etildi. Unda iqtidorli talabalar o‘zlarining bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi.
Bugun mazkur tanlovning Akademiya bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov, “Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy fanlar” kafedrasi mudiri Farhod Karimov, kafedra professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etishdi.
Mazkur tanlovni tashkil etishdan maqsad talabalar va magistrantlar huquqiy-siyosiy ongini oshirish, ularda siyosiy bahs, muloqot va munozara madaniyatini shakllantirish, siyosiy tahlil va texnologiyalarga oid bilimlarini mustahkamlash, davlat va jamiyat hayotida faol ishtirokini ta’minlash hamda siyosiy institutlar faoliyatiga jalb etish, ijtimoiy-siyosiy tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, siyosiy yetakchilik qobiliyatiga ega bo‘lgan yoshlarni rag‘batlantirish, yosh siyosatchilarning yangi avlodini tarbiyalashga hissa qo‘shishdan iborat.
Tanlov ikki bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi bosqichda ishtirokchilar o‘zlarining siyosiy bilimi, tahliliy tadqiqotchilik qobiliyatlarini, xususan, manbalar asosida ma’lumotlar to‘plash, saralash va mavzuni to‘laqonli ochib berish, ko‘tarilgan masala yechimiga oid takliflar kiritishlari talab etiladi. Maqolalar imlo xatolaridan holi, aniq, tushunarli tilda va ilmiy-tahliliy uslubda yozilishi lozim.
Tanlovning Akademiya bosqichiga taqdim etilgan maqolalar metodologiya, ma’lumot manbalari, iqtiboslar va havolalar hamda aniqlik va izchillik kabi mezonlar asosida baholandi.
Yakunda g‘oliblar respublikaga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi.
U yerda “Siyosiy loyiha taqdimoti” hamda “Siyosiy munozara” shartlari asosida bellashishadi.
Gʻolib va sovrindor jamoalar tanlov tashkilotchilari tomonidan diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.
Jumladan, 1-, 2-, 3-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan jamoa xulosasiga ko‘ra, a’zolardan bir nafarining 2024-2025-o‘quv yili uchun shartnoma to‘lov-kontrakti to‘lab beriladi.
Shuningdek, “Eng yaxshi tahliliy maqola muallifi”, “Eng yaxshi tahliliy taqdimot”, “Eng yaxshi notiq” hamda “Eng yaxshi improvizatsiya” kabi nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanadi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish