90

“Islom tarixi bilimdoni” intellektual musobaqasi o‘tkazildi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida jamiyatimizga o‘z sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lgan raqobatbardosh kadrlarni yetishtirish, ertamiz egalarining intellektual salohiyatini oshirish, ularning o‘z qobiliyatlarini namoyon etishlariga imkoniyat yaratish, bilim va ko‘nikmalarni yanada yuksaltirish maqsadida turli ko‘rik-tanlovlar o‘tkazish yaxshi an’anaga aylangan.

Shu maqsadda bugun Akademiyada “Islom tarixi bilimdoni” intellektual musobaqasi bo‘lib o‘tdi. “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda kafedra professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdi.

Tanlovda 30 ta jamoa 3 ta shart asosida o‘zaro bellashdi. 1-shartda guruhlarga KAHOOT programmasi orqali islom tarixiga doir savollar berilib, eng kuchli 6 ta jamoa aniqlab olindi. 

2-shartda jamoa sardorlari islom tarixiga oid maxsus savollarga javob topishdi. Guruhlar 100 ballik mezon asosida baholandi.

So‘nggi shartda esa jamoalar beshtadan savolga javob topishga harakat qilishdi.

Yakunda 3-o‘rinni “Buxoriylar” jamoasi, 2-o‘rinni “Tarixchilar” jamoasi qo‘lga kiritgan bo‘lsa, g‘oliblik “Vasatiya” jamoasiga nasib etdi.

Shuningdek, “Eng ahil jamoa”, “Eng izlanuvchan jamoa” hamda “Eng zukko jamoa” yo‘nalishlari bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.

Tanlov nihoyasida g‘olib va sovrindorlar taqdirlandi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish