73

Oʻzbekiston va Qozogʻiston muftiylari hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar

Bugun Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qozogʻiston musulmonlari idorasi raisi, bosh muftiy Navroʻzbay hoji Tagʻanuli janoblari bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Samimiy muloqot chogʻida Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qozogʻiston bosh muftiysi Navroʻzbay hoji janoblariga Toshkent, Buxoro shaharlaridagi nufuzli tadbirlar va xalqaro konferensiyalarda faol ishtiroklari uchun tashakkur aytib, qozogʻistonlik ulamolarning xalqaro forumdagi chiqishlarini yuqori baholadilar. Oʻz navbatida Qozogʻiston bosh muftiysi samimiy taklif, xayrli duo va tilaklar uchun minnatdorlik bildirib, muvaffaqiyatlar tiladi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston bilan Qozogʻiston oʻrtasidagi hamkorlik diniy-maʼrifiy jabhada ham izchil rivojlanib, xalqlarimiz oʻrtasidagi birodarlikni yanada mustahkamlanib borayotgani, ikki davlat rahbarlarining oqilona siyosati tufayli oʻzaro munosabatlar yangi bosqichga koʻtarilgani ham alohida taʼkidlandi.

Muloqotda Oʻzbekiston tomonining Turkiy davlatlar tashkiloti musulmon diniy idoralar rahbarlari kengashi huzurida Fatvo hayʼatini tuzish taklifining amaliy ahamiyati juda yuqori ekaniga urgʻu qaratildi. Mazkur hayʼat global masalalardagi fatvolar loyihasini ishlab chiqish, fatvo idoralari faoliyatini muvofiqlashtirish kabi muhim vazifalar bilan shugʻullanishi bilan yanada ahamiyatli ekaniga eʼtibor qaratildi.

Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ikki davlat diniy idoralari hamkorligida amalga oshirilayotgan xayrli ishlar, moʻmin-musulmonlarning diniy ehtiyojlarini qondirish, xususan, birgalikda global fatvolarni ishlab chiqish, qardosh xalqlarning diniy ehtiyojlarini toʻgʻri taʼminlash kabilarga ham toʻxtaldilar.

Manba: muslim.uz

Izoh qoldirish