185

Turkiy davlatlar ulamolarining birinchi forumi muvaffaqiyatli oʻtdi

Bugun poytaxtimizdagi “InterContinental” mehmonxonasida “Moturidiylik va hozirgi zamon” mavzuida turkiy davlatlar ulamolari birinchi forumi boʻlib oʻtdi. Unda Turkiy davlatlar musulmon idoralari rahbarlari, muftiylari, turkiy dunyoning obroʻ-eʼtiborli ulamolari hamda islomshunos tadqiqotchilari ishtirok etdi.

Forumni Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Uygʻun Gʻafurov olib bordi. 

Dastlab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Muzaffar Komilov soʻzga chiqib, dinimiz sofligini asrash, moʻmin-musulmonlar hamjihatligini mustahkamlash, turli yot gʻoyalarga qarshi ilmiy va asosli munosabat bildirishdek muhim vazifalarni oʻz ichiga olgan forum ishiga muvaffaqiyat tiladi. 

Ilmiy anjuman davomida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Ali Erbosh hazratlari ham forum ishtirokchilariga oʻz tabrik soʻzlarini izhor etib, bugungi tahlikali zamonda mazkur forumning ahamiyati haqida soʻz yuritdilar. 

Nufuzli forumning asosiy qismida turkiy dunyoning obroʻ-eʼtiborli ulamolari hamda islomshunos tadqiqotchilari Imom Moturidiy taʼlimoti va uning bugungi kundagi dolzarbligi haqida ilmiy maʼruzalari bilan qatnashdi. Shuningdek, mavzu doirasida muhim vazifalar, taklif va fikr-mulohazalar bildirildilar. 

Forum yakunida Imom Moturidiy taʼlimotini keng targʻib etish, oʻzaro ilmiy aloqalarni yanada kuchaytirish, bu borada amaliy chora-tadbirlar qoʻllash kabi koʻplab tashabbus va takliflar ilgari surildi. Kelgusida ham bunday ilmiy forumlarni doimiy tashkil etib borish dinimiz va qardosh xalqlar manfaatiga xizmat qilish taʼkidlandi. 

Manba: Oʻzbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish