Akademiyada “Yong‘in xavfsizligi oyligi” munosabati bilan ko‘rgazmali o‘quv mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi
Havo sovib borgan sayin isitish moslamalariga ehtiyoj ortib boradi. Shu davrda tabiiy gaz yoki muqobil yoqilg‘i mahsulotlaridan foydalanish hajmi keskin oshgani sababli uy-joyda, tunda insonlar qoladigan joylarda ehtiyot choralariga amal qilmaslik holatlari ko‘p uchraydi. Isitish muammosi bilan bog‘liq fojialarning tez-tez bo‘lib turishi sababli qish fasli yilning eng tashvishli mavsumi hisoblanadi.
Bir necha yillardan beri har yili aynan qish mavsumi arafasida mamlakatimizda yong‘inlar bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida “Yong‘in xavfsizligi oyligi” o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Aholini favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga va fuqaro muhofazasi sohasida tayyorlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, 15-noyabrdan 15-dekabrga qadar yurtimizda o‘tkazilayotgan “Yong‘in xavfsizligi oyligi” hamda bugungi kunda yuzaga kelishi mumkin bo'lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ko‘rgazmali o‘quv mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi.
Unda Akademiya mutasaddilari va talabalari bilan bir qatorda Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi jamoasi vakillari – Rashid Absalomov va Malohat Badalbayeva ishtirok etdi.
“Yong‘in xavfsizligi oyligi” doirasida birinchi galda aholining yong‘in xavfsizligi masalalarida bilim va ko‘nikmalarini oshirish hamda ularda shaxsiy xavfsizlik madaniyatini shakllantirish, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlari hamda uy-joy fondini yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiq holga keltirish asosiy maqsad qilib olingan.
Profilaktik tadbirda talabalar o‘rtasida yong‘inlar, is gazidan zaharlanish yoki havo-gaz aralashmasining chaqnashi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borildi.
Yong‘inlar, is gazidan zaharlanish va havo-gaz aralashmasi chaqnashining ayanchli oqibatlari, ushbu fojialardan saqlanish choralari haqidama’lumot berildi.
Shuningdek, xodim va talabalardan Akademiyadagi elektr, gaz va issiqlik ta’minoti qurilmalarini doimiy nazorat qilib borishi va ulardan foydalanishda yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etish, xonani isitishda gaz plitasidan foydalanmaslik so‘raladi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish