202

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektorining tabrigi

Assalom-u alaykum, aziz talabalar!

Bugun yurtimizda katta shodiyona. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganining 32 yilligi hamda Siz, aziz yoshlarning bayramingiz – “Xalqaro talabalar kuni” mamlakatimizda keng nishonlanmoqda.

Tarixdan maʼlumki, Vatan ramzlari doimo ulugʻ va muqaddas sanalgan. Bayroq hamisha insonlarni yakdillikka, ulugʻ maqsad yoʻlida birlashishga chorlagan. Davlat ramzlari or-nomus, shon-sharaf belgisi sifatida eʼzozlangan. Zero, bayroq har bir xalq, millatning shonli oʻtmishi va buyuk kelajagi, asriy anʼana va urf-odatlarini oʻzida aks ettirgan. 

Bugun Yangi Oʻzbekiston dunyo sahniga kuchli salohiyat, munosib obroʻ-eʼtiborga ega boʻlgan, har tomonlama obod va farovon mamlakat sifatida jadal odimlamoqda. Yurtboshimiz taʼbiri bilan aytganda, “Mamlakatimizda olib borilayotgan jadal va keng koʻlamli islohotlar yurtimizda yangi davrni – Yangi Oʻzbekiston davrini boshlab berdi”. 

Mustaqil Oʻzbekiston bayrogʻi sarhadimizda qadimdan mavjud boʻlgan davlatlar, xalqlar bilan tarixan bogʻliqlikni hamda vatanimizning milliy-madaniy anʼanalarini oʻzida mujassamlashtirgan. Bayrogʻimizda yaxshilik, shon-shuhrat, sadoqat, poklik, xalqning tarixi va navqironligi ifoda etilgan. 

Hozirgi tinch va osoyishta davrda davlatimiz bayrogʻining mustaqillik va milliylik timsoli sifatida vatanimiz hududlari va xorijiy mamlakatlardagi elchixona va vakolatxonalarda viqor bilan hilpirab turishi har birimizga quvonch va faxr baxshida etadi. Ayniqsa, Oʻzbekistonning sport, iqtisodning turli sohalarida erishilgan yutuqlarda, siyosiy jarayonlarda yurtimiz bayrogʻini tenglar ichida teng boʻlib hilpirab turishi har bir vatandoshimizda yurtga boʻlgan cheksiz mehr-muhabbat va faxr tuygʻularini uygʻotadi.

Avvalambor, aziz farzandlarim Sizni, sizlar orqali barcha talaba-yoshlarni ushbu bayram bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Bugungi kunda mamlakatimizda yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaratilgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda azmu shijoatli yoshlarimizning oʻrni va taʼsiri tobora ortib borayotgani hammamizni quvontiradi.

Hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida maʼnan va siyosiy jihatdan yetuk, mustahkam fuqarolik pozitsiyasiga ega yuzlab yigit-qizlar parlamentimiz va xalq deputatlari mahalliy kengashlarida, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy hokimiyat idoralarida rahbarlik va boshqa lavozimlarda sidqidildan mehnat qilib kelmoqda.

Mamlakatimizda dunyoni yangicha idrok etadigan, millat gʻururi va haq-huquqi uchun kurashadigan, oʻz taqdirini xalqi, Vatani taqdiri bilan bir deb bilib voyaga yetayotgan kelajak avlod shakllanmoqda. Ular ham ajdodlar maʼnaviy merosini, ham umumbashariy qadriyatlarni, ayni vaqtda zamon bilan hamnafas boʻlib oʻz sohasining bilimdoni boʻlishga intilayotgan umidvor yoshlardir.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining boʻlajak yosh salohiyatli mutaxassis kadrlari Yangi Oʻzbekistonimizning ertangi kunini, millat kelajagini belgilaydi. Shu bois, bugungi kunda, zamon talablariga javob beradigan yuksak madaniyatli, bilimdon yoshlarni tarbiyalash davlat siyosatining ustivor yoʻnalishiga aylandi. Buning natijasida Siz kabi yoshlarga barcha imkoniyatlar eshiklari ochiq.

Yangi Oʻzbekistonimiz hamda xalqimizning ertangi kelajagi boʻlib samarali faoliyat olib borishingizda kuch-quvvat tilab qolaman.

Aziz talabalar!

Sizlarga sihat-salomatlik, baxt-saodat, Vatanimizning munosib vorislari boʻlib kamol topishingizda muvaffaqiyatlar yor boʻlsin!

Yana bir bor bayramingiz muborak boʻlsin!

 

Uygʻun Gʻafurov,

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish