172

Muqaddasdir Vatan bayrog‘i

Davlat ramzlari har bir mamlakatning suvereniteti va mustaqilligini ifodalovchi muqaddas timsoli sanaladi. O‘zbekistonning davlat ramzlari xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etib, shu yurtda yashovchi har bir fuqaroga g‘urur, faxr va iftixor bag‘ishlaydi. Shu bois, bayroq yoki gerbimizga nazar solganimizda, madhiyamiz yangraganda biz ruhan jo‘shqinlikni, azm-u shijoatimiz oshganini his etamiz.

Joriy yilda mustaqil O‘zbekiston Respublikasining “Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinganiga 32 yil to‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991-yil 18-noyabrdagi navbatdan tashqari VII sessiyasida tasdiqlangan Davlat bayrog‘i – mamlakat suverenitetining ramzi bo‘lib tarixdan o‘rin egalladi.

Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 3-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganining 32 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi yigʻilish bayoni ijrosi yuzasidan yurtimiz boʻylab “Muqaddasdir Vatan bayrogʻi” shiori ostida tadbirlarga start berildi. 

Sana munosabati bilan respublikamizning turli hududlarida bayram tadbirlari o‘tkazilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Muqaddasdir Vatan bayrog‘i” mavzusida tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilinganining 32 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom prorektorlari, fakultet dekan va o‘rinbosarlari, kafedra mudirlari, bo‘lim boshliqlari, professor-o‘qituvchilar, xodimlar, tyutorlar hamda talabalar ishtirok etdi.

Bayram tadbirini Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov kirish so‘zi bilan ochdi. Shundan so‘ng, davlat madhiyamiz yangrab, O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i moviy osmon sari ko‘tarildi. Har bir kishi qalbida Vatanga bo‘lgan muhabbat, milliy qadriyatlarni o‘zida aks etgan davlat ramzlariga bo‘lgan cheksiz hurmat mustaqil, ozod va obod, jannatmakon O‘zbekistonda yashayotgan barcha fuqarolarni bir maqsad sari birlashtirib, ko‘ksimizni faxr va iftixorga to‘ldiradi.

Tadbir davomida so‘z olganlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonunining mazmun-mohiyati, davlat bayrog‘ida aks etgan timsollar, ularning qanday ma’no anglatishi haqida ma’ruza qilindi.

Shundan so‘ng marosim Akademiya foyesidagi O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilinganining 32 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirga ulanib ketdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish