204

Akademiya Jamoatchilik kengashining yangi a’zolari tanishtirildi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Akademiya Jamoatchilik kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. 

Yigʻilishni jamoatchilik kengashining raisi Iqbol Mirzaaliyev ochib berdi.

Shundan so‘ng Akademiya rektori Uyg‘un Gʻafurov so‘zga chiqib, Kengash aʼzolari respublikada madaniyat, ilm-fan taraqqiyotiga oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelayotgan mutaxassislardan tashkil topgani va Akademiya faoliyatining samaradorligini oshirishda jamoatchilik kengashi aʼzolarining fikr va takliflari muhim ekanligini taʼkidlab, 2023-2024 oʻquv yilida jamoatchilik kengashining oldida turgan vazifalar haqida so‘z yuritdi. 

Shuningdek, kengash tarkibida oʻzgarishlar boʻlganligi va amalga oshiriladigan vazifalar koʻlamini inobatga olib, tarkibga Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasining professori, yuridik fanlari doktori Gulchehra Matkarimova, Respublika Oila va xotin-qizlar ilmiy-tadqiqot instituti direktori, pedagogika fanlari doktori, professor Nodira Egamberdiyeva va Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi markaziy apparati Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning huquqiy savodxonligini oshirish boʻlimi boshligʻi Akmalbek Alimovlar kiritilganligini maʼlum qildi. 

Yigʻilishda Kengash raisi Iqbol Mirzaaliyev ushbu fikrlarga qoʻshilgan holda, kengash aʼzolarining salohiyati va imkoniyatlari Akademiyaning oʻquv-tarbiya jarayonini yanada takomillashtirish masalasida yetarli ekanini eʼtirof etdi. Kengash aʼzolaridan Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq artisti Munojot Yoʻlchiyeva, navoiyshunos olim Olimjon Davlatov, kinorejissyor Hilol Nasimovlar oʻzlarining faoliyat yoʻnalishlaridan kelib chiqib, Akademiyada maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini yanada oshirish yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdilar. 

Kengash yigʻilishida shuningdek, sohalar boʻyicha prorektorlar ham ishtirok etdilar.

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish