Akademiyada bayram tadbirlari o‘tkazildi
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilinganining 32 yilligi hamda “Oltin davrim” shiori ostida “Talabalar sayli” ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Akademiya rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, xodimlari hamda talabalar ishtirok etdi.
Bayram saylini O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov ochib berdi.
– Tarixdan maʼlumki, Vatan ramzlari doimo ulugʻ va muqaddas sanalgan, – dedi Akademiya rektori Uyg‘un G‘afurov. – Bayroq hamisha insonlarni yakdillikka, ulugʻ maqsad yoʻlida birlashishga chorlagan. Davlat ramzlari or-nomus, shon-sharaf belgisi sifatida eʼzozlangan. Zero, bayroq har bir xalq, millatning shonli oʻtmishi va buyuk kelajagi, asriy anʼana va urf-odatlarini oʻzida aks ettirgan. Hozirgi tinch va osoyishta davrda davlatimiz bayrogʻining mustaqillik va milliylik timsoli sifatida vatanimiz hududlari va xorijiy mamlakatlardagi elchixona va vakolatxonalarda viqor bilan hilpirab turishi har birimizga quvonch va faxr baxshida etadi.
So‘zga chiqqanlar tomonidan yurtimiz taraqqiyoti har tomonlama unib-o‘sib kelayotgan navqiron avlodning ta’lim-tarbiyasi, ma’naviyati va madaniyati bilan chambarchas bog‘liq ekani, yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanish har bir yigit-qizning zimmasidagi oliy vazifasi ekanini qayd etildi.
Bayram tadbirida talabalar tomonidan she’r-qo‘shiqlar ijro etildi, tadbir ishtirokchilari e’tiboriga sahna ko‘rinishlari havola etildi. Ayniqsa, davlat mukofoti va stipendiyalari sovrindorlari bo‘lgan iqtidorli talabalarning chiqishlari barchaga manzur bo‘ldi.
Akademiya foyesi bo‘ylab fakultetlar tomonidan joylashtirilgan ko‘rgazma, milliy taomlar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Ta’kidlash joiz, mazkur bayram tadbiri bilan bir qatorda “Yoshlar oyligi” doirasida talabalar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida sportning futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat-shashka turlari bo‘yicha “Rektor kubogi” bellashuvlari o‘tkazildi. Talabalarning bilim doirasi, tafakkurini oshirish maqsadida “Zakovat” intellektual o‘yinlari muntazam tashkil etildi.
Tadbir davomida kitoblar ko‘rgazmasi ham o‘tkazildi.
Talabalar saylida “Eng faol va kreativ jamoa”, “Eng yaxshi bezatilgan joy”, “Eng quvnoq o‘yinlar tashkilotchisi”, “Eng yaxshi bezatilgan dasturxon” hamda “Eng faol ishtirokchilar jamoasi” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar taqdirlandi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish