94

“O‘zbekistondadir baxtim, toleim”

16-NOYABR – XALQARO BAG‘RIKENGLIK KUNI

Oʻzbekistonning boyliklari koʻp, lekin eng katta boylik, eng  yuksak qadriyat jamiyatda hukm surayotgan tinchlik, millatlararo doʻstlik va hamjihatlikdir. 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Chorak asrdan oshibdiki, har yili noyabr oyining 16-sanasini butun dunyoda Xalqaro bagʻrikenglik kuni sifatida nishonlash yaxshi anʼanaga aylangan. Shu munosabat bilan bu yil ham Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita hamda qator vazirlik va tashkilotlar hamkorligida yurtimiz boʻylab “Bagʻrikenglik haftaligi” oʻtkazilmoqda.

Katta tomosha maydonlari, xiyobonlar va istirohat bogʻlarida madaniy, maʼnaviy-maʼrifiy, ilmiy-amaliy tadbirlar oʻtkazish koʻzda tutilgan haftalikka Toshkentdagi “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida turli millat va diniy konfessiyalar vakillari ishtirokida Mustaqillik monumentiga gulchambar qoʻyish bilan start berildi.

“Yangi Oʻzbekiston kitob va kutubxonadan boshlanadi” kitoblar koʻrgazmasi va “Oʻzbekistondadir baxtim, toleim” toʻplamining taqdimoti haftalikning diqqatga sazovor tadbirlaridan boʻldi. Koʻrgazmadan oʻzbek, tojik, qozoq, turkman va rus tillarida nashr etilgan kitoblar joy olgan boʻlsa, toʻplamga shu tillarda ijod qiluvchi shoir va yozuvchilarning oʻzbek tiliga oʻgirilgan sheʼr va hikoyalari jamlangan. 

Zero, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi sa fida oʻzbek adiblari bilan yonma-yon tojik, qozoq, qirgʻiz, qoraqalpoq va rus tilida ijod qiluvchi yozuvchi, shoir, dramaturg, adabiyotshunoslar bor. Tuzilma tarkibida Qoraqalpogʻiston Yozuvchilar uyushmasi, shuningdek, qozoq, rus va tojik adabiyoti kengashlari koʻp yillardan beri ishlab turibdi. 

Anʼanaviy tadbir doirasida “Oʻzbekiston ­– bagʻrikeng diyor” mavzusida konsertlar, qardosh xalqlar adiblari va rassomlarining badiiy asarlari va “Tasviriy oyna” fotokoʻrgazmalari oʻtkazilyapti. Sana munosabati bilan umumtaʼlim maktablarida eng yaxshi insholar tanlovlari oʻtkazilgani, milliy liboslar namoyishi, bagʻrikenglikni targʻib qiluvchi sheʼrxonlik kechalari, oliy taʼlim muassasalarida ilmiy-amaliy va maʼrifiy tadbirlar, davra suhbatlari tashkil etilayotgani ayni paytda bagʻrikenglikning har qachongidan-da dolzarblik kasb etishini anglashimizga xizmat qiladi. Zero, Qoʻmita zimmasiga yuklangan eng muhim vazifalardan biri ham millatlararo munosabatlarni mustahkamlash, mamlakatimizda yashovchi turli millat va elat vakillarining tili, oʻziga xos anʼanalari, urf-odat va rasm-rusumlarini asrab-avaylash, rivojlantirishga koʻmaklashishdan iborat.

Qonun oldidagi tenglik – jipslashishning muhim omili

Bugun yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari bir oila farzandidek yashab, mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshyapti, islohotlarimizni qoʻllab-quvvatlayapti. Yangi qabul qilingan Konstitutsiyamizda Oʻzbekiston hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odat va anʼanalari hurmat qilinishini taʼminlash, rivoji uchun sharoit yaratish, mamlakatimizning barcha fuqarolari bir xil huquq va erkinliklarga egaligi va qonun oldida tengligi belgilab qoʻyildi.

Millatlararo munosabatlarni huquqiy tartibga solish sohasida qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha 1917-yildan beri 40 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat – 2 ta qonun, Prezidentning 9 ta farmoni va 8 ta qarori, Oliy Majlisning 3 ta qarori, Vazirlar Mahkamasining qator qarorlari qabul qilindi. 

Xususan, 2019-yil 15-noyabrda Prezidentimiz farmoni bilan Millatlararo munosabatlar sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi qabul qilinishi millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini yanada rivojlantirishga zamin yaratdi.

Bayramlarimiz birgalikda goʻzal

Ayni paytda 156 ta milliy madaniy markaz faollari yangi Oʻzbekistonda islohotlarga salmoqli hissa qoʻshib kelyapti. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri markazlarida “Doʻstlik uylari” tashkil etilib, faoliyati har tomonlama qoʻllab-quvvatlanmoqda. 

Yurtimizdagi turli millatlarning milliy madaniy markazlari bizning umumxalq bayramlarimizda faol ishtirok etishi, festivallar, tadbirlar oʻtkazishi, oʻzaro doʻstlik rishtalarining yanada mustahkamlanishiga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatli. Bugun turli millat vakillari, jumladan, rus, ukrain, belaruslarning Rojdestvo, Maslenitsa, tatar va boshqirdlarning Sabantoʻy, greklarning Oxi, koreyslarning Chxusok, polyaklarning hosil bayrami ­– Dojinki, nemislar birdamlik kuni singari milliy bayramlar Oʻzbekistonda ham keng nishonlanmoqda. 

Mamlakatimizdagi umumtaʼlim maktablari da taʼlim 7 tilda, yaʼni oʻzbek, qoraqalpoq, rus, tojik, turkman, qirgʻiz va qozoq tillarida olib boriladi. Tele-radio koʻrsatuv va eshittirishlar 12 tilda efirga uzatilayotgani, gazeta va jurnallar 10 dan ortiq tilda chop etilayotgani yurtimizdagi millatlararo totuvlik va hamjihatlik muhitining amaldagi namunasidir.

“Bagʻrikenglik haftaligi” koʻp millatli xalqimizni yanada birlashtiradi

Mamlakatimizda milliy madaniy markazlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish, turli millat yoshlari uchun qoʻshimcha qulay sharoitlar yaratish, ularning fuqarolik burchini his etishi va anglashi, vatanparvarlik hissini kuchaytirish, bagʻrikenglikka asoslangan millatlararo muloqot madaniyatini oshirish masalasiga davlat siyosati darajasida ahamiyat berilayotir.

Global oʻzgarishlar jadal tus olgan bugungi sharoitda hayotning oʻzi bizdan yurtimizda hukm surayotgan milliy oʻzaro hurmat, mehr-oqibat, totuvlik va birdamlik muhitini yanada mustahkamlash, yoshlarni buzgʻunchi yot gʻoya va oqimlar, tashqaridan kirayotgan salbiy taʼsirlardan asrash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarishni talab etmoqda.

Shu maʼnoda, bu yilgi tadbirlarning mavzulari oʻzgargan. Vazirlar Mahkamasining “Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Unga koʻra, koʻkrak nishoni bilan atoqli davlat va jamoat arboblari, diniy-ijtimoiy sohadagi rahbarlar va yetuk ulamolar, davlat va nodavlat-notijorat tashkilotlar xodimlari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik vakolatxonalar vakillari, xorijiy arboblar va olimlar taqdirlanadi. Bu yil 150 nafar hamyurtimiz “Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishoni sohibi boʻldi.

Yuksak nishonga Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi xodimlari va miliy madaniy markazlar raislari ham sazovor boʻlgani bizga gʻurur baxsh etdi. 

Ishonchimiz komilki, “Bagʻrikenglik haftaligi” Oʻzbekistonning koʻp millatli xalqini yanada birlashtiradi, mintaqamizdagi tinchlik va osoyishtalik, millatlararo hamjihatlik va diniy bagʻrikenglik muhitini mustahkamlaydi. Oʻtayotgan tadbirlar jamiyatimizda millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash, doʻstlik muhitini va koʻp millatli katta yagona oila tuygʻusini mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-maʼrifiy va doʻstlik aloqalarini kengaytirish, jahonda samimiy bagʻrikenglik gʻoyalarini targʻib qilish va tarannum etishga xizmat qiladi. 

Quvonarlisi, yurtimizdagi milliy madaniyat markazlari rahbarlari bu borada munosabatlarini samimiy minnatdorlik tarzida bildirmoqda. Jumladan, Ozarbayjon milliy madaniyat markazi raisi Mobil Mamedovning quyidagi fikrlarini aynan keltirishni joiz topdik:

“Bugungi kunda mamlakatimizda tinchlik, osoyishtalik, begʻubor osmon, munavvar kunlarimizning qadr-qimmati, ahamiyati har qachon gidan ham ortdi. Bunday tinch, osuda hayotning qadriga yetaylik. Ana shu tinchlik, osoyishtalik omili boʻlgan diniy bagʻrikenglik tamoyillarini yanada mustahkamlash va rivojlantirishga diyorimizda alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda. Yurtimizda xilma-xil diniy eʼtiqodga ega boʻlgan turli millatlarning bir zaminda buyuk gʻoya va sof niyatlar yoʻlida hamkor va hamjihat boʻlib yashashi bagʻrikenglikning yorqin namunasidir”. 

Gʻayratulla SHUKUROV,

Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi Axborot xizmati rahbari

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2023-yil 16-noyabr, 238-son

Izoh qoldirish