194

Akademiya Kengashining navbatdagi majlisida muhim masalalar muhokama etildi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Akademiya kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Akademiya rahbariyati, Kengash a’zolari, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, bo‘lim boshliqlari ishtirok etishdi.

Kengash majlisini O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori, Kengash raisi Uyg‘un G‘afurov olib bordi.

Ma’lumki, muntazam tarzda o‘tkaziladigan Akademiya Kengashi yig‘ilishida muassasa oldida turgan muhim va dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilinib, yechimini kutayotgan holatlar bartaraf etiladi hamda kelgusi vazifalar belgilab olinadi.

Akademiya rektori, Kengash raisi Uyg‘un G‘afurov majlisni ochib berarkan, o‘tgan o‘quv yilida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish muhim ekanini qayd etdi.

Dastlab Akademiyaning bir guruh professor-o‘qituvchilariga ilmiy darajalari berilgan diplomlar topshirildi.

Shundan so‘ng Akademiya professor-o‘qituvchilarini Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zoligiga (akademiklikka) tanlovda ishtirok uchun tavsiya etish borasida so‘z yuritildi. 

Majlisda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi jamoatchilik kengashining ta’lim jarayonini takomillashtirish faoliyati va jamoatchilik nazorati ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlili bo‘yicha Jamoatchilik kengashi raisi Iqbol Mirzaaliyev axborot berdi. 

O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyevning Akademiyada 2023/2024-o‘quv yilida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari uchun yakuniy davlat attestatsiyasini o‘tkazilishi to‘g‘risidagi hisoboti tinglandi.

Magistratura bo‘limi boshlig‘i Ashirali Abdurashidov bo‘lim faoliyati va magistrlik dissertatsiyasi tayyorgarligi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi. 

Shundan so‘ng turli masalalar ko‘rib chiqildi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-maydagi “O‘zbekiston respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi hamda Akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan o‘quv adabiyotlarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’limi yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv-uslubiy birlashmalar faoliyatini Muvofiqlashtiruvchi kengashga taqdim etish xususida O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev ma’lumot berdi. 

Majlis davomida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalarini Zahiriddin Muhammad Bobur nomli davlat stipendiyasiga, Akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan monografiyalarni nashrga tavsiya etish to‘g‘risida Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomovning axboroti tinglandi.

Kengashda sohadagi shu kabi yutuqlar e’tirof etilgan holda, diniy-ma’rifiy sohada bajarilishi zarur bo‘lgan galdagi vazifalar va mavjud muammolar ham tahlil qilindi. 

Yig‘ilish yakunida muhim vazifalar belgilab olindi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish