Bir guruh ulamo va soha xodimlariga “Diniy bag‘rikenglik” ko‘krak nishoni topshirildi
Ma’lumki, BMT Bosh Assambleyasining qaroriga ko‘ra, 1997-yildan buyon mazkur sana butun dunyoda Xalqaro bag‘rikenglik kuni sifatida nishonlanadi.
2019-yildan e’tiboran ushbu sana O‘zbekistonda haftalik tarzida keng nishonlanib kelinmoqda. Xususan, joriy yilning 13-19-noyabr kunlari yurtimiz boʻylab Bagʻrikenglik haftaligi oʻtkazilmoqda.
Haftalik doirasida turli ilmiy-amaliy konferensiyalar, davra suhbatlari, uchrashuvlar, ko'rgazma va taqdimotlar hamda boshqa madaniy-ma'rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.
Shu munosabat bilan bugun poytaxtimizdagi “Intercontinental” mehmonxonasida 16-noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Marosimda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, bir qator tashkilotlar, milliy madaniy markaz rahbarlari va konfessiya vakillari bilan bir qatorda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov va Akademiya vakillari qatnashdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar so‘nggi yillarda yurtimizda millatlararo totuvlik va bagʻrikenglikni taʼminlash, doʻstlik muhitini va koʻp millatli katta yagona oila tuygʻusini mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan qarash ruhida tarbiyalash borasida keng miqyosdagi ustuvor yoʻnalishlar olib borilayotgani ta’kidlandi.
Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Sodiq Toshboyev yuksak mukofotga sazovor boʻlganlarni samimiy muborakbod etib, bugun yurtimiz ravnaqi yoʻlida fidokorona mehnat qilayotgan hamyurtlarimizga katta muvaffaqiyatlar tiladi va yuksak mukofotlarni egalariga topshirdi.
Marosimda diniy-ma’rifiy sohaning samaradorligini oshirishga munosib hissa qo‘shgan atoqli davlat va jamoat arboblari, diniy-ijtimoiy sohadagi rahbarlar va yetuk ulamolar, davlat tashkilotlari va nodavlat notijorat tashkilotlar xodimlari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik vakolatxonalarning vakillari, xorijiy arboblar va olimlarining bir guruhi “Diniy bag‘rikenglik” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-sentabrdagi “Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, ushbu koʻkrak-nishoni bilan diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarni targʻib etish, fuqarolar eʼtiqod erkinligini taʼminlash, dinlararo hamjihatlikni mustahkamlash va maʼnaviy muhit barqarorligini saqlashdagi ibratli ishlari uchun yetuk ulamolar, atoqli arboblar, diniy soha rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda xorijiy olimlar taqdirlanishi belgilangan.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish