Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – vatanmiz!
Ayni kunlarda davlatimiz rahbari respublikamiz mustaqilligining 32 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiridagi nutqida ilgari surgan “Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – vatanmiz!” g‘oyasi asosida butun yurtimiz bo‘ylab “Maʼnaviyat marafoni” o‘tkazilmoqda.
Shu maqsadda “O‘zbekgidroenergo” AJ katta majlislar zalida “Maʼnaviyat maʼrafoni”ga hamohang tarzda “Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – vatanmiz!” shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Xotin-qizlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i, Respublika “Oqila ayollar” harakati aʼzosi Farida Abdurahimova, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy fanlar” kafedrasi professori, falsafa fanlari doktori Matluba Qahhorova dolzarb mavzudagi maʼruzalari bilan ishtirok etishdi.
Maʼruzachilar o‘z nutqida, ayniqsa, so‘nggi vaqtlarda yurtimizda aholini ijtimoiy himoya qilish, xalq farovonligini oshirish, maʼnaviy-maʼrifiy hayotni yanada yaxshilash, oilalar mustahkamligini taʼminlash, xususan, yoshlarimiz taʼlim-tarbiyasiga jiddiy eʼtibor qaratish borasida keng ko‘lamli islohotlar, ilg‘or loyihalar amalga oshirilishiga qaramay, bu borada kuzatilayotgan muammolarga jiddiy to‘xtalib o‘tishdi.
Mazkur loyiha doirasida amalga oshiriladigan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar orqali yoshlarga yurtimizda olib borilayotgan izchil islohotlar erishilayotgan yutuqlar haqida keng maʼlumot berish, ularda Vatanga muhabbat, xalqimizga sadoqat hissini yana-da kuchaytirish, tarbiyasiga salbiy taʼsir etuvchi g‘oyaviy tahdidlarga qarshi immunitetni mustahkamlash, yoshlarni ilm-fanga, maʼrifatga targ‘ib qilish barobarida maʼrifatli jamiyat qurish, ular qalbida Yangi O‘zbekistonni barpo etishdagi daxldorlik hissini kuchaytirish ko‘zda tutiladi.
Tadbirning asosiy maqsadi tizimda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada barqarorlashtirish, ishchi-xodimlarning maʼnaviy-maʼrifiy dunyoqarashini yuksaltirish, milliy va diniy qadriyatlar borasidagi tushuncha va tasavvurlarini boyitish, eʼtiqodini rivojlantirish, Jamiyatda joriy etilgan “Odob-axloq qoidalari”, kiyinish va muomala madaniyatiga rioya etilishini taʼminlash masalalariga qaratildi.
Shu bilan birga, tadbir davomida tizimda o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirlari va tanlovlari g‘oliblari taqdirlandi.
Izoh qoldirish