101

Akademiyaga Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiyning rafiqasi Jamile Alamulhudo tashrif buyurdi

Bugun poytaxtimizda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining Toshkent sammiti o‘tkazildi. Mazkur nufuzli tadbirda bir qator xorijiy davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etdi. Xususan, sammitda Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy ham qatnashdi. 

Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiyning rafiqasi Jamile Alamulhudo tashrif buyurdi.

Hurmatli mehmonlarni Akademiya rektori Uyg‘un G‘afurov boshchiligidagi mutasaddilar kutib oldi.

Nufuzli mehmonga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Zulayho Mahkamova hamrohlik qildi. 

Dastlab mehmonga O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi ilmiy salohiyati, fakultetlar va ulardagi ta’lim yo‘nalishlari, talabalarga bilim berishda o‘ziga xos yondashuvlar haqida ma’lumot berildi.

Shundan so‘ng Akademiya rektori Jamile Alamulhudoni yurtimizda, xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ko‘rib turganidan mamnunligini bildirdi. 

Akademiya rektori so‘nggi yillarda yurtimizda olib borilayotgan ochiqlik va shaffoflik siyosati sababli dunyoning barcha mamlakatlari qatori Eron Islom Respublikasi bilan barcha sohalarda yaqin hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilganini e’tirof etdi. Bu esa tadqiqotchilar uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochayotganini ta’kidladi. 

O‘z navbatida Jamile Alamulhudo yuqori darajadagi hurmat va mehmondo‘stlik uchun Akademiya mutasaddilariga minnatdorlik bildirdi. O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi. O‘zbekiston tinchlik-xotirjamlik hukm suradigan diyor ekanini e’tirof etdi. Kelajakda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi bilan Eron oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari o‘rtasida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish taklifini bildirdi. 

Hurmatli mehmon Akademiya talabalari bilan uchrashuvda islom, unda ayol-qizlarga berilgan o‘rinlar, ilm olish yo‘lidagi amaliy tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.

Yakunda Akademiya rahbariyati tomonidan Jamile Alamulhudoga esdalik sovg‘asi topshirildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish