268

FAROVONLIKNING MILLIY MODELI aholi ijtimoiy himoyasida muhim ahamiyatga ega

YUKSALISH

Xalqimizning turmush darajasini oshirishga qaratilgan siyosat tufayli mamlakatimizda 2017-yildan buyon kambagʻallik ikki barobarga kamaydi. Biz 2030-yilgacha uni 7 foizga tushirishni reja qilganmiz.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasidagi nutqidan.

Aholi farovonligi, xalq turmush darajasini yuksaltirish har qanday davlat, jamiyatning maqsadi va ustuvor vazifasidir. Ammo unga erishish ancha murakkab, davlatning ijtimoiy siyosati bilan bogʻliq boʻlib, muayyan ijtimoiy-iqtisodiy model doirasida roʻyobga chiqadi.

Farovonlik, birinchidan, ijtimoiy soha rivojlanishining strategik yoʻnalishini nazarda tutsa, ikkinchi tomondan, ushbu maqsadga erishishga mos chora-tadbirlar ishlab chiqish va ularni bajarishni talab etadi.

Xalq farovonligini oshirish ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni taʼminlash va jamiyat aʼzolarini jipslashtirishda muhim rol oʻynaydi. Ammo farovonlikka, birinchi navbatda, iqtisodiy muammolarni yechish, iqtisodiy oʻsishga erishish kontekstida qaralishi muhim. Shu nuqtayi nazardan, ijtimoiy siyosat strategiyasini ishlab chiqishda, Gʻarb mamlakatlarida boʻlganidek, unga, eng avvalo, ishlab chiqarish samaradorligi, unumdorlik, foydalilikni oshirish va raqobatbardoshlik, yaʼni iqtisodiy oʻsish omili sifatida yondashish lozim. Gap shundaki, ijtimoiy rivojlanish modeli koʻp jihatdan iqtisodiy rivojlanish xarakteri bilan belgilanadi.

Har qanday iqtisodiyotning asosiy muammosi takror ishlab chiqarish tizimining samarali faoliyatini shakllantirish, tarmoqlar oʻrtasida maqsadga muvofiq nisbatlarni yaratishdir. Bu, albatta, milliy iqtisodiyotda doimiy qayta qurishlarni talab etadi. Iqtisodiy oʻsish va farovonlikning anʼanaviy manbai – xomashyo resurslaridan chekinib, qoʻshimcha qiymat yaratadigan tarkibga oʻtish zarur. Chunki xomashyoga asoslanadigan taraqqiyot modeli ekstensiv rivojlanish sifatida oʻz imkoniyatlarini tugatib bormoqda.

Odatda farovonlikka yoʻnaltirilgan ijtimoiy siyosat uchta yoʻnalishda olib boriladi:

Birinchisi, rezidual. Bu model qoldiq tamoyiliga asoslanib, shaxsning ehtiyoji bozor va oila mexanizmi orqali qondiriladi. Model “oqsab” qolgan taqdirda unga davlat aralashadi.

Ikkinchisi, meritokratik model boʻlib, ijtimoiy sugʻurta tizimi orqali ishlaydigan, asosan, ijtimoiy ishlab chiqarishda band boʻlgan aholi qismiga yoʻnaltiriladi. 

Uchinchisi – institutsional modelda esa davlat bosh rol oʻynaydi. Jamiyatning barcha aʼzolarini qamrab oladi. Bozordan tashqari ijtimoiy xizmatlarni taʼminlaydi. Uning obyekti butun aholi boʻlib, ijtimoiy himoya tabaqalashgan moddiy yordam koʻrsatilishi, meʼyordagi hayot standartlariga erishishni koʻzda tutadi. Bu modelga aholining kam taʼminlangan qismini moddiy qoʻllab-quvvatlash, kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan milliy modelimiz koʻp jihatdan muvofiq keladi. 

BMT tavsiyasiga koʻra, farovonlik bir qancha omillardan tarkib topadi. Salomatlik, ovqatlanish, kiyim-kechak bilan taʼminlanish, isteʼmol va jamgʻarma nisbati, mehnat sharoiti, bandlik, mehnatni tashkil etish, savodxonlik (maʼlumotlilik), ijtimoiy taʼminot, inson erkinlik darajasi shular jumlasidan. Farovonlikni taqqoslash uchun BMT taklif etgan “Inson rivojlanish indeksi (IRI) – aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan yalpi ichki mahsulot, oʻrtacha hayot davomiyligi va taʼlim darajasidan foydalaniladi. Ammo uning asosiy mezoni aholi daromadi koʻrsatkichi va tabaqalanishidir. Daromadlar darajasi mamlakat iqtisodiy rivojlanishi natijasi boʻlsa, tabaqalanishi esa iqtisodiy, demografik va ijtimoiy omillar taʼsirida shakllanadi. Detsil koeffitsiyenti deb ataladigan koʻrsatkich mamlakatdagi 10 foiz eng yuqori taʼminlangan hamda 10 foiz eng kam taʼminlangan aholi oʻrtasidagi farq bilan oʻlchanadi. Bu nisbatning minimalligini taʼminlagan Yaponiya bir vaqtlar “ijtimoiy barkamollik jamiyati”, deya taʼriflangan. Toʻgʻri, hozir Skandinaviya va Gʻarbiy Yevropadagi qator mamlakatlar bu borada katta muvaffaqiyatga erishdi. Farovonlikning eng asosiy tavsiflaridan biri pul daromadining aholi yashash minimumiga muvofiq kelishidir. Oʻzbekistonda Jini koeffitsiyenti boʻyicha daromadlar notengligi indeksi 2022-yilda oldingi yilga nisbatan bir oz pasayib, 0,327 ga teng boʻldi. Bu bozor iqtisodiyoti sharoitida “yumshoq” tabaqalanishni bildiradi.

Oʻtgan yilda Oʻzbekistonda yalpi ichki mahsulot ishlab chiqarish qiymati 80,4 milliard dollarni yoki joriy qiymatda 888 trillion 341,7 milliard soʻmni tashkil etib, oʻsish surʼati 5,7 foiz boʻldi. Bu pandemiya inqirozi oqibatiga hali toʻla barham berilmagan, sanksiyalar urushi avj olgan davrda mamlakatimizni barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlayotgan kamdan-kam davlatlar qatoriga kiritish uchun arzigulik koʻrsatkich.

Albatta, bizga har qanday oʻsish emas, balki aholi daromadi barobarida kechadigan iqtisodiy oʻsish muhim. Bu xalq farovonligini taʼminlaydigan, sifat jihatdan oʻsish boʻladi. Agar aholi daromadi oʻsishi YAIM va inflyatsiyadan ustun boʻlsa, yanada yaxshi.

Statistik maʼlumotlarga koʻra, aholi daromadining oʻsish koʻrsatkichi 2022-yilda oldingi yilga nisbatan YAIM oʻsishidan ancha yuqori boʻlgan. Bu oʻsish, ayniqsa, Toshkent shahri, Navoiy va Buxoro viloyatlarida mamlakat miqyosidagi oʻrtacha koʻrsatkichdan sezilarli darajada yuqori. Demak, YAIM va aholi daromadining oshishi sabab-oqibat bogʻlanishiga ega. Birinchisining oʻsishi ikkinchisini taqozo etadi va muhim omil boʻlib xizmat qiladi yoki aksincha. Masalan, inson kapitaliga investitsiya kiritish orqali raqobatbardoshlik qoʻllab-quvvatlanadi. 

Ekonometrik tadqiqotlarimizga koʻra, aholi real daromadi 1 foiz oshganda yalpi ichki mahsulot joriy qiymatda 1,12 foiz oshadi. Real daromad 10 foiz oshsa, YAIM 11,26 foiz, real daromad 50 foizga yetganda esa YAIM oʻsishi 57,49 foizni tashkil etadi. Bu koʻrsatkichlar “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan YAIM hajmini 2 barobar oshirish va BMTning Barqaror rivojlanish dasturi talablariga muvofiq keladi. 

Aholi daromadi va yalpi ichki mahsulot oʻsishi oʻrtasidagi bogʻliqlik brogan sari kuchayish tendensiyasiga ega boʻladi. Chunki innovatsion, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida band boʻlgan, umuman, qoʻshilgan qiymat yaratadigan xodimlar soni ortib boradi. Ularning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi boshqa sohalarda band boʻlganlarnikiga nisbatan yuqori boʻlishi tabiiy.

Aholi umumiy daromadining tarkibi ham takomillashib bormoqda. Oʻtgan yil yakunlari boʻyicha aholi umumiy daromadida mehnat faoliyatidan olingan daromad 61,6 foizni, shaxsiy isteʼmol uchun ishlab chiqarilgan xizmatlardan olingan daromad 6,3 foizni, mol-mulkdan olingan daromad 2,3 foizni, transfertlardan olingan daromad 29,8 foizni tashkil etdi.

Ijtimoiy transfertlar qaytarilishi shart boʻlmagan aktivlardan iborat boʻlib, ularning 71,8 foizini pensiya, 26,4 foizini nafaqa, 1,8 foizini stipendiya tashkil etmoqda. 2022-yilda pensiyaning oshish surʼati oldingi yilga nisbatan 22,4 foiz, nafaqaniki 72,5 foiz, stipendiyaniki esa 31,5 foizga teng boʻldi. 

Oʻzbekistonda aholi farovonlik modeli hali toʻla shakllanmagan boʻlsa-da, uning barqarorlashgan tarkibi, shakl-shamoyillari yaqqol koʻzga tashlanib turibdi. Bu modelning oʻziga xos xususiyati shundaki, unda ham norasmiy (noformal), ham rasmiy (formal) qoidalar muhim rol oʻynaydi. Bir mamlakatda qaror topgan aholi farovonlik modelini boshqa mamlakatda toʻla qabul qilib boʻlmaydi. Har bir modelga tabiiy-geografik shart-sharoit, tarixiy rivojlanish, ijtimoiy ishlab chiqarish tarkibi, xalqning urf-odati, anʼanasi va mentaliteti taʼsir oʻtkazmay qolmaydi.

Masalan, islom dini eʼtiqod boʻlish bilan birga turmush tarzi ham. Islomda zakot, ushr, vaqf kabi daromadni taqsimlash va qayta taqsimlash mexanizmlari mavjud. Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan “Vaqf” xayriya jamgʻarmasi taʼlim, ijtimoiy taʼminot va nafaqa, moddiy yordam, toʻlovlarni qoplash va boshqa faoliyat turlari bilan shugʻullanadi. Uning taʼlimga ajratmasi baʼzi yillari umumiy xayriya xarajatida 40 foizga yaqinlashadi. Gʻarbdagi nufuzli universitetlar qoshidagi endaument – maqsadli kapital jamgʻarmasi ham ana shunday ajratmalardan tashkil topadi, undan soliq undirilmaydi. 

Ijtimoiy himoya nisbiy tushuncha boʻlib, jamiyat rivojlanishi bilan funksiyalari torayib, ijtimoiy-iqtisodiy kategoriya sifatidagi ahamiyati pasayib boradi, jamiyat farovonlik sari yuz tutadi. Manbalarda oʻrta asrlarda Umar ibn Abdulaziz boshqaruvi davrida zakot oluvchilar qolmagan edi, degan xabarlar yetib kelgan.

Norasmiy qoidalarning xususiyati shundaki, ularga amal qilinmaganda kishi qattiq jazolanmaydi. Unga imo-ishora yoki yomon qarab qoʻyishdan munosabatlarga kirishmaslikkacha boʻlgan signal yuborilishi mumkin, xolos. Altruistik, yaʼni boshqalar haqida sidqidildan gʻamxoʻrlik qiladigan feʼl-atvorga ega kishilar ziqna, xudbin odamlardan farqli oʻlaroq, jamiyatning boshqa aʼzolari tomonidan hurmat va izzat-ikrom qilinadi. Bunday faoliyat jamiyat, jamoa, mahalla tomonidan maʼqullanadi, qoʻllab-quvvatlanadi. Demak, u maʼnaviy, axloqiy kuchga ega. 

Rasmiy (formal) qoidalarning esa yoʻrigʻi boshqa. Ular davlat tomonidan ishlab chiqiladi. Qonun, qaror, farmon va dastur sifatida amalga oshiriladi. Inklyuziv, yaʼni barchaga barobar boʻlib, bajarilishi shart. Davlat organlari tomonidan nazorat qilinadi. 

Prezidentimizning 2022-yil 25-iyuldagi farmoni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasi ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish, sohaga ajratiladigan budjet mablagʻini oshirish, qoʻshimcha resurslarni jalb qilish, oilalarni ogʻir hayot tarzidan olib chiqishga qaratilgan qoʻshimcha mexanizmlarni ishlab chiqishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, qator huquqiy-meʼyoriy hujjatlar qabul qilinib, barchasida bandlikni taʼminlash va ijtimoiy himoyani kuchaytirish orqali aholi daromadini oshirish nazarda tutilgan.

Ayni paytda mamlakatimizda ijtimoiy himoyaning institutsional asoslari shakllanmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi va uning Ijtimoiy himoyani rivojlantirish instituti hamda tizim xodimlarining malakasini oshirish markazi faoliyat yuritmoqda. 

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida barqaror iqtisodiy oʻsish orqali daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar qatoridan oʻrin olish, aholi talablari va xalqaro standartlarga toʻliq javob beradigan taʼlim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilish, aholi uchun qulay ekologik sharoitlarni yaratish vazifalari qoʻyilgan.

Farovonlikka kambagʻallikni qisqartirish, puxta ishlangan ijtimoiy siyosat orqali jamiyatda daromadning haddan tashqari notekis taqsimlanishini kamaytirish orqali yetishish milliy modelimizning yana bir oʻziga xos xususiyatidir. 

Kam taʼminlangan aholi qatlamlarini ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va psixologik qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” tashkil etildi. Ijtimoiy himoya yagona reestri tuzildi. “Yoshlar daftari”ga 18 dan 30 yoshgacha boʻlgan yigit-qizlar, “Ayollar daftari”ga 30 yoshdan yuqori boʻlgan xotin-qizlar kiritildi. 2022-yil 1-yanvardan tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman, shahar hokimi oʻrinbosari instituti ish boshladi.

Mamlakatimizda aholini ijtimoiy himoyalash xarajati oʻsish tendensiyasiga ega, u oʻtgan 5 yilda uch barobar oshirildi. Farovonlikka erishish uchun yana qator tadbirlarni amalga oshirish kerak. Sogʻliqni saqlash, taʼlim, atrof-muhitni muhofaza qilish, ratsional ovqatlanish, uy-joy bilan taʼminlash va boshqalarni shular qatoriga kiritish mumkin.

Taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturiga muvofiq, aholining hayot darajasini yanada yuksaltirish, taʼlim sifatini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish hamda kambagʻallikni qisqartirish borasidagi vazifalar belgilangan. 

Jamiyatda mulk va daromadni butkul tekis taqsimlab boʻlmaydi, albatta. Gap puxta ishlangan ijtimoiy siyosat orqali jamiyatda daromadning haddan tashqari notekis taqsimlanishini qisqartirish ustida bormoqda. Tabaqalanish bozor iqtisodiyotining ajralmas qismi. Muayyan daromaddagi notekislik iqtisodiy oʻsishning ragʻbati hamdir. Ijtimoiy himoyaga zoʻr berib, boqimandalik kayfiyatini tarbiyalamaslik kerak. Unda motivatsion omil ham joylashgan. Ammo jamiyatda mulk va daromad boʻyicha qutblanishga, bir tomonda eng boy odamlar, ikkinchi tomonda esa oʻta kambagʻallar toʻplanib qolishiga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi.

Aqliy va jismoniy, anʼanaviy va zamonaviy mehnat, shahar va qishloq, sanoat va agrar sohada band boʻlganlarning daromadi, shuningdek, hududlar oʻrtasida mavjud farqlar bugun bor gap. Qolaversa, inflyatsiya, korrupsiya, xufyona iqtisodiyot kabi salbiy holatlar ham bor. Ular jamiyat aʼzolarining yaratilayotgan imkoniyatlardan adolatli foydalanishini qiyinlashtiradi, siyosiy va ijtimoiy keskinlikni kuchaytiradi. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirish bunday kemtikliklarini to‘g‘rilashda muhim ahamiyatga ega. 

Nurislom TOʻXLIYEV,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2023-yil 8-noyabr, 232-son

Izoh qoldirish