132

Bag‘rikenglik – xalqimizning azaliy qadriyati

Yangi Oʻzbekiston oʻz taraqqiyot startegiyasini tinchliksevarlik va hamjihatlikka qaratilgan yangicha mezonlar asosida olib bormoqda. Tinchliksevar siyosatimizning asosini bagʻrikenglik, hamjihatlik, millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglikni taʼminlashga doir saʼy-harakatlar tashkil etadi. 

Bugun yurtimizda turli din va millat vakillari emin-erkin yashab kelmoqda. Bu esa fuqarolarning vijdon erkinligi ularning millati, irqi va dinidan qatʼiy nazar toʻliq kafolatlangan hamda bagʻrikenglik gʻoyalari huquqiy jihatdan taʼminlanganini koʻrsatadi. Shu jihatdan, turli millat va din vakillari oʻrtasida hamjihatlikni mustahkamlash, bagʻrikenglik gʻoyalarini qaror toptirish borasida keng qamrovli va izchil siyosat amalga oshirilmoqda. 

Xususan, dastlab 1998-yil 1-mayda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi yangi tahrirdagi qonun qabul qilingan boʻlsa, oʻzgartirish va qoʻshimchalar bilan 2021-yildagi OʻRQ-699-sonli Qonuni asosida qayta isloh qilindi. Qonun doirasida faoliyat yuritgan holda mamlakatimizda mavjud konfessiya va millat vakillari bagʻrikenglikda, oʻzaro doʻstlik va ahillikda yashab, umummilliy yuksalish yoʻlida harakat qilib, yurtimizda milliy gʻurur va iftixor, vatanparvarlik va fidokorlik, komil insonni shakllantirish borasida munosib hissa qoʻshib kelmoqda. Chunonchi, bugungi kunda 16 ta diniy konfessiya, 130 dan ortiq millat va elat vakillari hamda 140 ga yaqin milliy madaniy markazlar faoliyat yuritib, Konstitutsiya va qonunlarimizda belgilab qoʻyilgan teng huquqlilik va keng imkoniyatlardan foydalanib, totuvlik va hamjihatilikda oʻz ona tillari, millat tarixi va madaniyatini oʻrganish, oʻsib kelayotgan yoshlarga oʻz milliy qadriyatlarini toʻla yetkazish hamda millatlaro totuvlik va bagʻrikenglik gʻoyalarini singdirish borasida keng koʻlamli ishlarni amalga oshirmoqda. 

Maʼlumki, 1995-yilda UNESCOning “Dinlararo va madaniyatlararo muloqot” dasturi qabul qilindi. Dasturning asosiy vazifasi diniy urf-odatlar va oʻziga xos madaniy kadriyatlar, ularning dunyo madaniyatida tutgan oʻrnini yoritishga xizmat qilishdan iboratdir. Bu borada, oʻtgan yillar mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan tasdiqlangan “2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi”ning beshinchi yoʻnalishi sifatida diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikni taʼminlash sohasi qayd etilgani hamda davlatimiz tomonidan bagʻrikenglikni taʼminlash borasida respublika va xalqaro darajada muhim vazifalarning amalga oshirilganligini alohida qayd etish mumkin. 

Chunonchi, Prezidentimiz 2017-yil 19-sentabr kuni BMTning 72 sessiyasi minbarida turib, dunyo hamjamiyatini islom maʼrifatini anglashga, diniy bagʻrikenglik ruhida yashashga chaqirib, “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” rezolyutsiyasini qabul qilish taklifi bilan chiqishlari va buni dunyo hamjamiyati tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi – oʻzbek xalqi, umuman insoniyat uchun bagʻrikenglik, maʼrifatga chorlov va ezgulik daʼvati boʻldi. Oʻzbekiston ilgari surgan mazkur rezolyutsiyani ellikdan ortiq davlatlar hammuallifi boʻlish istagini bildirgan edi. Chunki “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” rezolyutsiyasi barchaning taʼlim olish huquqini taʼminlash, savodsizlik va jaholatga barham berishga koʻmaklashish, eng muhimi, bagʻrikenglik va oʻzaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni taʼminlashga qaritilganligi bilan muhim xalqaro ahamiyatga ega sanalgan.

Mazkur ishlarning uzviy davomi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmonining qabul qilinishi va uning 74-maqsadi: “Jamiyatda millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglik muhitini mustahkamlash” etib belgilanishi hamda buning amaliy ifodasi sifatida bugungi kunda qator ishlarning amalga oshirilishi, xalqaro sammit va yigʻilishlarda dolzarb takliflarning ilgari surilishi tinchlik va totuvlik, bagʻrikenglikka qaratilgan muhim harakatlardan boʻldi. Ayniqsa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 19-sentabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining navbatdagi 78-sessiyasi minbarida turib, yana bir bor dunyo hamjamiyatini hamjihatlik bilan ish olib borishga chaqirganligi, xususan “jahon miqyosida dinlararo bagʻrikenglik va hamjihatlik gʻoyalarini keng targʻib etish maqsadida Oʻzbekistonda UNESCO shafeligida “Dinlararo muloqot va bagʻrikenglik” xalqaro markazini tashkil etish taklifini ilgari surishi diniy bagʻrikenglik tamoyilini birgalikda, hamjihatlikda amalga oshirishga doir muhim vazifalardan boʻlganligini qayd etish mumkin. Shuningdek, mazkur sammitda xalqaro hamjamiyat qoʻllovi bilan Markaziy Osiyoni tinch va gullab yashnayotgan hududga aylantirish maqsadida “Markaziy Osiyo iqlim muloqoti”ni joriy etish va  BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yoʻlida hamjihatlik” rezolyutsiyasini qabul qilish hamda “Markaziy Osiyo yoshlarining kun tartibi – 2030” dasturini ishlab chiqish taklifini ilgari surishlari yana bir muhim amaliy qadamlardandir. Ayniqsa, islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish va dunyo hamjamiyatiga islom marifatini anglatish borasida 2024-yil Oʻzbekistonda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazish tashabbusini ilgari surishlari maʼrifiy yoʻnalishdagi dolzarb vazifalardan biri sifatida baholash mumkin. Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgan gʻoya va takliflar zamirida tinchlik, hamjihatlik, umuminsoniy gʻoyalar atrofida birlashgan holda yakdillik bilan harakat qilishga doir umumbashariy masalalar yotadi. Albatta, Oʻzbekiston tinchliksevar yurt sifatida umuminsoniy gʻoyalarni ilgari surish va amalga oshirishga qaratilgan oqilona siyosat olib bormoqda. 

Darhaqiqat, yosh avlodni bagʻrikenglik, hamjihatlik, turli millat va din vakillariga hurmat ruhida tarbiyalash bugungi globallashuv davrida har qachongidan muhim va dolzarb hisoblanadi. Ayniqsa, gʻoyaviy va maʼnaviy tahdidlar, etnik va milliy nizolar, turli darajadagi urushlar avj olayotgan hamda globallashuv jarayonlari chuqurlashib borayotgan hozirgi zamonda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash muhim vazifa ekanligini unutmagan holda turli konfessiyalar, millat hamda elatlar oʻrtasida oʻzaro hamjihatlik va hamkorlikni yoʻlga qoʻyish zarurligini taqozo etadi. Qachonki, umumbashariy masalalar birdamlik, yakdillik, hamjihatlik asosida olib borilsagina, tinchlik va barqarorlikka erishiladi.

Umuman olganda, tinchlik va totuvlikni taʼminlash, bagʻrikenglikni qaror toptirish masalasi hamisha tinchliksevar davlatimiz siyosatining muhim asosi boʻlib kelgan. Zero, bugun amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida tinchlik, barqarorlik, bagʻrikenglik, oʻzaro hamjihatlik, ishonch, hurmat kabi umuminsoniy gʻoyalar yotadi. Bu esa yangi Oʻzbekiston ilgari surgan oqilona siyosatning muhim asosidir.

Lola AZIMOVA,

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi

“Oʻzbek tili va mumtoz sharq adabiyoti”  kafedrasi katta oʻqituvchisi,

filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)

Izoh qoldirish