Xalqaro hamkorlik rivojida yana bir qadam
Bugun Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi va Birlashgan Arab Amirligining Muhammad bin Zayd gumanitar fanlar universiteti rahbariyati oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Mehmonlarni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov boshchiligidagi Akademiya rahbariyati kutib oldi. Akademiya rektori delegatsiya a’zolarining yurtimizdagi ishlariga muvaffaqiyat tilab, yuzma-yuz uchrashib turganidan mamnun ekanini bildirdi.
Tashrif avvalida mehmonlarga Akademiya faoliyati, maqsad-vazifalari, “Manbalar xazinasi”da saqlanayotgan nodir qoʻlyozmalar, shuningdek, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan olib borilgan ishlar toʻgʻrisida atroflicha maʼlumot berildi.
Shundan soʻng boʻlib oʻtgan Uchrashuvda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan rektor Uyg‘un Gʻafurov, prorektorlar – Ilyos Mirziyotov, Zohidjon Islomov, Zokirjon Roʻziyev, Salim Dusanov, rektor maslahatchisi Oʻtkir Xasanbayev, Xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi Bahodir Xo‘jayev, shuningdek, Muhammad bin Zayd gumanitar fanlar universiteti tomonidan rektor maslahatchisi, doktor Karima al-Mazrovi, Qabul va roʻyxatga olish departamenti direktori Xalifa al-Mexrizi, Protokol xizmati boshligʻi Rashid al-Minhali va Birlashgan Arab Amirliklarining Oʻzbekistondagi Elchisi oʻrinbosari Muhammad al-Zohiri ishtirok etdi.
Muloqot davomida Uyg‘un G‘afurov yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan o‘zgarishlar, islohotlar jarayoni haqida so‘z yuritdi. So‘nggi yillarda islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, eng muhimi, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish uchun Prezidentimiz tomonidan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, islom olami rivojiga ulkan hissa qo‘shgan allomalarimiz nomi bilan ataladigan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari va boshqa ta’lim muassasalarining tashkil etilishi bu boradagi muhim qadamlardan biri ekanini alohida qayd etdi.
Do‘stona kayfiyatda o‘tgan suhbat davomida Muhammad bin Zayd gumanitar fanlar universiteti tomonidan rektor maslahatchisi, doktor Karima al-Mazrovi so‘nggi yillarda O‘zbekiston – BAA o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda rivojlanib borayotganini ta’kidladi. O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi.
Ta’lim, fan, madaniyat yo‘nalishlarida hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, ikki tomonlama sheriklikni yanada mustahkamlash kerakligi qayd etildi. Ta’lim sohasida tomonlar o‘rtasidagi akademik almashinuvlar yo‘lga qo‘yilishi, uning doirasida professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar, talabalarni almashinuvi hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Muloqot yakunida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi va Birlashgan Arab Amirligining Muhammad bin Zayd gumanitar fanlar universiteti o‘rtasida Anglashuv Memorandumi imzolandi.
Akademiya rektori mehmonlarni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida mehmon bo‘lganidan mamnun ekanini bildirdi. Hurmatli mehmonga esdalik sovg‘asi topshirildi.
O‘z navbatida mehmonlar ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik va iltifotdan xursand ekanini bildirishdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish