194

Akademiya Kengashining navbatdan tashqari kengaytirilgan majlisi o‘tkazildi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Akademiya kengashining navbatdagi kengaytirilgan shakldagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Akademiya rahbariyati, Kengash a’zolari, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, bo‘lim boshliqlari, professor-o‘qituvchilar hamda xodimlar ishtirok etishdi.

Kengash majlisini O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori, Kengash raisi Uyg‘un G‘afurov olib bordi.

Muntazam tarzda o‘tkaziladigan Akademiya Kengashi yig‘ilishida muassasa oldida turgan muhim va dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilinib, yechimini kutayotgan holatlar bartaraf etiladi hamda kelgusi vazifalar belgilab olinadi.

Akademiya rektori, Kengash raisi Uyg‘un G‘afurov majlisni ochib berarkan, joriy o‘quv yilida amalga oshirilgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish muhim ekanini qayd etdi.

Shundan so‘ng Akademiya rektori, Kengash raisi Uyg‘un G‘afurov hamda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi “O‘zbekiston-2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi farmon hamda 2023-yil 11-sentabrdagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori xususida axborot berishdi. 

Ma’lumki, Prezidentimizning farmoni bilan kelgusi ulkan maqsad va vazifalarni amalga oshirishda dasturilamal bo‘lishi belgilangan “O‘zbekiston-2030” strategiyasida Vatanimiz mustaqilligini va tinchligini asrash, kuchli iqtisodiyotni shakllantirish, xalqimiz hayotini obod va farovon qilish, farzandlarimizni barkamol etib tarbiyalash vazifalari belgilangan.

Strategiyadan o‘rin olgan 5 ta ustuvor yo‘nalish hamda 100 ta maqsad asosida, har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish, barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash, suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish, “xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish borasidagi sa’y harakatlar sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqiladi.

Akademiya rektori mazkur hujjatga muvofiq, oliy ta’lim muassasasida bajarilishi lozim bo‘lgan masalalarga to‘xtalib o‘tdi. 

Yig‘ilish yakunida muhim vazifalar belgilab olindi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish