Davlat tili – milliy ma’naviyatimiz timsoli
Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilishi ota-bobolarimizning azaliy orzusi ushalishiga sabab bo‘ldi. Oʻzbek tili Konstitutsiyamizda davlat tili sifatida rasman belgilab qoʻyilishi esa millatimiz, maʼnaviyatimiz tarixidagi eng katta yutuqqa aylandi.
Chindan ham o‘zbek tilini rivojlantirish, e’zozlash, xalqaro nufuzini yanada oshirish borasida tarixiy ishlar amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Bu kabi ezgu sa’y-harakatlarda faollik ko‘rsatish, davlat tiliga kuyinchaklik bilan munosabatda bo‘lish har birimizning muqaddas burchimiz sanaladi.
Darhaqiqat, til – millat ko‘zgusi. U har bir millatning qadrli boyligi, ma’naviy qiyofasi, madaniyati, ichki dunyosini aks ettiruvchi muhim vosita. Tilning davomiyligi, umrboqiyligini shu tilda so‘zlovchilarning milliy g‘ururi, kuch-qudrati, adabiyoti va san’ati belgilaydi, deyish mumkin.
Mamlakatimizda har yili 21-oktabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan turli bayram tadbirlar, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, ilmiy-amaliy anjumanlar, soha mutaxassislari bilan davra suhbatlari tashkil etiladi. Mazkur sana keng miqyosda nishonlanadi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham sana munosabati bilan “Davlat tili – milliy ma’naviyatimiz timsoli” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq artisti Munojat Yo‘lchiyeva, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston xalq shoiri O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Jamoatchilik Kengashi raisi Iqboljon Mirzaaliyev, filologiya fanlari doktori, professor Boqijon Tuxliyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Akademiya professor-o‘qituvchilari, adabiyotshunos va tilshunos olimlar, ijodkorlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Davlat madhiyasi bilan boshlangan tadbirni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov bayram tabrigi bilan ochib berdi.
Akademiya rektori o‘z nutqida ona tilimiz nufuzi va mavqeyi yildan-yilga oshib borayotgani, uning yanada taraqqiy etishi, xalqaro maydonlarda baralla yangrashi uchun yurtimizda olib borilayotgan amaliy ishlarga to‘xtalib o‘tdi. Millat ko‘zgusiga bo‘lgan chuqur ehtirom har bir kishining kundalik turmush tarzida ham namoyon bo‘lishi zarurligini ta’kidlab, barchani “O‘zbek tili bayrami” bilan tabrikladi.
Xabaringiz bor, kuni kecha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan respublikamiz oliy taʼlim muassasalari Milliy reytingi eʼlon qilindi.
2022-yildagi faoliyati natijalari boʻyicha Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Oliy taʼlim muassasalari umumiy Milliy reytingida faxrli 2-oʻringa sazovor boʻldi.
Shuningdek, oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari ilmiy salohiyati koʻrsatkichlari boʻyicha Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi 66,5 foiz natija bilan, reytingda 1-oʻrinni egallagan boʻlsa, joriy yilda bu koʻrsatkich 70,74 foizga yetdi.
Ijtimoiy-gumanitar soha oliy taʼlim muassasalari Milliy reytingida esa Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi 59,74 natija bilan 1-oʻrinni egalladi. Eslatib oʻtish joizki, Oʻtgan yili Ijtimoiy-gumanitar soha oliy taʼlim muassasalari Milliy reytingda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi 55,95 foizlik natija bilan respublikada 4-oʻrinda qayd etilgandi.
Xuddi shunday mamlakatimizdagi akademik litseylar faoliyati boʻyicha aniqlangan Milliy reytingida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi akademik litseyi umumiy 28,83 foiz koʻrsatkich bilan oʻtgan yildagi natijalarini yaxshilashga erishdi.
Akademiya rektori davlatimiz va hukumatimiz tomonidan diniy-maʼrifiy soha faoliyatiga eʼtibor hamda Akademiya professor-oʻqituvchilarining samarali mehnati bu yil natijasini berganini alohida e’tirof etib, mazkur natija bilan barchani tabrikladi.
Tadbirda so‘z olganlar O‘zbek tili bayrami kuni bilan samimiy tabriklab, o‘zbek tilining boy tarixi, xususan, Mahmud Qoshg‘ariy, Alisher Navoiy, Zahriddin Muhammad Bobur, Abdulla Qodiriy, Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulla Avloniy kabi buyuk bobokalonlarimizning ona tilimiz rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida so‘z yuritishdi.
Tantanali marosimda tilimizni e’zozlash, uning davlat tili sifatidagi maqomi, jamiyatdagi mavqeyini yuksaltirish, yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash hamisha dolzarb ma’naviy burchimiz bo‘lib qolishiga e’tibor qaratildi.
O‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish uchun uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga kiritishda o‘z hissamizni qo‘shishimiz zarurligi hamda har birimizdan tilimizga chuqur hurmat bilan yondashishni talab etishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston xalq artisi Munojat Yo‘lchiyevaning diltortar qo‘shiqlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Akademiya talabalari, “Zuyo-zukko” o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan kuy-qo‘shiqlar, teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari, musiqiy chiqishlar namoyish etildi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish