209

21-oktabr – “Oʻzbek tili bayrami” kuni munosabati bilan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektorining TABRIGI

Assalom-u alaykum, hurmatli professor-oʻqituvchilar, aziz talaba-yoshlar!

Bugun oʻzbek tili dunyo minbarlarida yangramoqda. Ona tilimiz nufuzi, xalqimiz dovrugʻi va mamlakatimiz shon-shavkati olamga mashhur. Zero, davlatimiz ozod, elimiz hur-erkin. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 75-sessiyasi hamda joriy yilning 19-sentabrida oʻtgan 78-sessiyasida dunyoning bosh minbaridan jahon afkor ommasiga oʻzbek tilida murojaat qildi. 

Davlatimiz rahbarining ushbu nutqlari barcha yurtdoshlarimiz qalbida oʻzgacha gʻurur va iftixor tuygʻusini uygʻotgani shubhasiz. Binobarin, muhtaram Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda “Bugungi kunda biz yangi Oʻzbekistonni, yangi Renessans poydevorini barpo etishdek ezgu maqsadlarimizga erishishda, hech shubhasiz, ona tilimizning hayotbaxsh qudratiga tayanamiz”.

Shu maʼnoda, yurtimizda 34 yilligi keng nishonlanayotgan qutlugʻ sana – 21-oktabr – “Davlat tili haqida”gi Qonun asosida oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun bilan barcha yurtdoshlarimiz qatorida Siz, azizlarni ham muborakbod etishdan baxtiyorman.

Aziz talaba-yoshlar!

Yaqin tariximizdan maʼlumki, hali totalitar tuzum hukmron bir davrda xalqimizning birdam va hamjihatligi bois koʻtargan tashabbusi bilan 1989-yil 21-oktabr “Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilinib, ona tilimizning huquqiy asosi va mavqeyi mustahkamlangan. Ona tilimizdan quvvat olgan milliy gʻurur va vatanparvarlik tuygʻulari xalqimizni Vatanimiz mustaqilligi va uning taraqqiyotiga daxldorlik hissini kamol toptirdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. 

Ona tilga hurmati orqali har bir millatning xulqi, odobi, maʼnaviyati, madaniyati namoyon boʻladi. Binobarin, dunyodagi koʻhna va benazir tillardan hisoblangan oʻzbek tili xalqimizning boy tarixi, orzu-maqsadlari, ulkan maʼnaviy-maʼrifiy merosi xazinasi hisoblanadi. Buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiyning taʼbiri bilan aytganda, “Tilga eʼtibor – elga eʼtibor”.

Davlatimiz rahbarining 2019-yildagi “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni sohani yangi bosqichga olib chiqdi. Oʻtgan davr mobaynida Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etilgan Davlat tilini rivojlantirish departamenti faoliyati asosida jamiyatimizning barcha jabhalarida davlat tili – oʻzbek tilining sof holda toʻlaqonli amal qilinishi yoʻlida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Muhtaram professor-oʻqituvchilar, aziz talabalar!

Bugungi kunda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida ham davlat tilida ish yuritilishini taʼminlash, oʻzbek tilining xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini oshirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, Akademiyadagi barcha rasmiy hujjatlari, kitob va toʻplamlar hamda internet saytimizda eʼlon qilinayotgan maʼlumotlar davlat tili meʼyorlariga muvofiq tayyorlanmoqda. Akademiyada faoliyat yuritayotgan “Oʻzbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi tomonidan esa talaba-yoshlarni oʻzbek tili, madaniyati, ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk allomalarimiz merosini chuqur oʻrganish, Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash borasida darslar va maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etib kelinmoqda. 

Aziz talaba-yoshlar!

Ona tilini qadrlash insonning oʻz onasi, xalqi va Vataniga boʻlgan hurmati belgisi hamdir, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Shunday ekan, ona tilimizni eʼzozlash bilan birgalikda bir necha xorijiy tillarni ham mukammal bilish, dunyo ilm-fani taraqqiyotiga hamohang odimlash Vatanimiz istiqboli va xalqimizning yorugʻ kelajagini taʼminlovchi muhim omil ekanini har birimiz qalban anglamogʻimiz lozim. 

Soʻzim yakunida yana bir bor Siz, azizlarni 21-oktabr – Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun bilan chin qalbimdan muborakbod etaman!

Uygʻun GʻAFUROV,

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish