Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining Milliy reytingda yuqori oʻrinlarni egallagani munosabati bilan rektor Uygʻun Gʻafurovning Akademiya talabalari, professor-oʻqituvchilari va butun jamoasiga TABRIGI
Yangi Oʻzbekistonda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan oliy taʼlim va diniy-maʼrifiy soha tizimida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda, xususan, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va yanada takomillashtirishga doimiy katta eʼtibor qaratilmoqda.
2023-yil 19-oktabrda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan eʼlon qilingan respublikamiz oliy taʼlim muassasalarining umumiy Milliy reytingida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi faxrli 2-oʻrinni (oʻtgan yili 7-oʻrin) egallashga muvaffaq boʻlgani barchamizni mamnun qildi.
Eʼtiborlisi, Akademiyamiz oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari ilmiy salohiyati reytingida 70,74 foiz koʻrsatkich (oʻtgan yili 66,5 foiz) bilan 1-oʻrindagi yetakchilik mavqeyini yanada mustahkamlagan boʻlsa, ijtimoiy-gumanitar soha oliy taʼlim muassasalari reytingida 59,74 ball natija bilan 1-oʻringa sazovor boʻldi (oʻtgan yili 55,95 natija bilan 4-oʻrin).
Siz, azizlarning barchangizni ana shu yuksak natija bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Albatta, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining milliy va xalqaro reytinglardagi oʻrni muttasil oʻsib borishi yagona oila boʻlgan jamoamizning har bir vakili, oddiy xodimdan to rahbariyatgacha, tajribali ustozlar, professor-oʻqituvchilar, murabbiy va tyutorlar, yosh ilmiy tadqiqotchilar va ilmga chanqoq talabalarning mashaqqatli mehnati va fidoyiligi samarasi, deb bilamiz.
Bularning barchasi bizga katta gʻurur-iftixor va ilhom bagʻishlashi bilan birga, oʻz navbatida, Akademiyamizni dunyodagi yetakchi oliy taʼlim muassasasiga aylantirish, taʼlim va ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish, innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan Akademiya strategik rejasi ijrosini samarali davom ettirishda har birimizga yanada katta shijoat bilan ishlash masʼuliyatini yuklaydi. Zero, davlatimiz rahbari tomonidan Akademiyada buning uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratib berilmoqda.
Xalqimizning intellektual, diniy-maʼrifiy, madaniy salohiyatini yuksaltirish, Yangi Oʻzbekiston va Uchinchi Renessansning maʼnaviy asoslarini yanada mustahkamlashda barchangizga yangi yutuq va omadlar tilayman.
Erishilgan natijalar barchamizga yana bir bor muborak boʻlsin!
Izoh qoldirish