248

“O‘zbek tilining izohli lug‘ati” yangi tahrirdagi nashrining taqdimoti o‘tkazildi

21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida 6 jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” yangi tahrirdagi nashrining taqdimoti o‘tkazildi. 

Tadbirda O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi direktori Azizjon Eminov, Respublika ma’naviyat-ma’rifat markazi Shayxontohur tuman bo‘limi rahbari Nilufar Alibayeva, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi mudiri Zuhra Aripova, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Munira Qahhorova, professor-o‘qituvchilar, tyutorlar hamda talabalar ishtirok etdi. 

“Davlat tili – milliy ma’naviyatimiz timsoli” mavzusidagi uchrashuvni Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov kirish so‘zi bilan ochib berdi.

So‘zga chiqqanlar o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishining tarixiy ahamiyati, yoshlarning tilimizga munosabati hamda har bir shaxs davlat tilining himoyachisi bo‘lishi lozimligi, nutq madaniyatiga rioya qilish haqida ma’ruza qilishdi.

Darhaqiqat, so‘nggi yillarda yurtimizda o‘zbek tiliga bo‘lgan e’tibor yanada kuchaydi. Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda O‘zbek tili bayrami kuni keng nishonlanmoqda. 2020-yil 20-oktabrda davlatimiz rahbarining “Mamlakatimizda o'zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.

Mazkur islohotlarning mantiqiy davomi sifatida yaqinda lotin yozuvidagi 6 jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ning yangi tahrirdagi nashri chop etildi. Mazkur to‘plam o‘zbek adabiy tilida keng iste’molda bo‘lgan 80 mingdan ortiq so‘z va so‘z birikmalarini, fan, texnika, san’at va madaniyat sohalariga oid terminlarni, bir necha shevada qo‘llanadigan so‘zlarni, ba’zi tarixiy va eskirgan atamalarni o‘z ichiga olgan. 

Lug‘atning yangi nashri 3 mingdan ziyod yangi lug‘aviy birliklar bilan to‘ldirilgan. Ular o‘zbek xalq shevalari, xalq so‘zlashuv tilidan hamda boshqa davlatlar bilan o‘zaro iqtisodiy, siyosiy, madaniy aloqalar natijasida o‘zbek tiliga xorijiy tillardan kirib kelgan so‘zlardan iborat. 

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, mazkur yangi lugʻat Prezidentimizning yuqorida keltirilgan farmoni asosida chop etilgan.

Uchrashuv yakunida 6 jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” yangi tahrirdagi nashri Axborot-resurs markaziga taqdim qilindi. 

Davra suhbati yakunida talabalar tomonidan ona tilimiz madh etilgan she’rlar va ma’ruzalar tinglandi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish