358

Din ishlari bo‘yicha qo’mita xodimlari uchun navbatdagi malaka oshirish o‘quvlari boshlandi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazida O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi markaziy apparati, hududiy boshqarmalari va tuman/shahar bosh mutaxassislari uchun navbatdagi malaka oshirish o‘quvlari boshlandi. 

O‘quvlarning ilk kunida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professori, tarix fanlari doktori I.Bekmirzayev “Aqidaparast kontentlarga ilmiy asosda raddiya berish uslublari: xalqaro tajriba”, Akademiya dotsenti, psixologiya fanlari doktori X.Alimov “Yoshlar muhitida din asosida radikallashuv va uning oldini olishning ijtimoiy-psixologik metodlari” hamda PhD B.Berdiyev tomonidan “Dunyoning diniy manzarasi va din bilan bog‘liq geosiyosiy jarayonlar tahlili” mavzularida dars mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi. 

Mazkur o‘quvlardan ko‘zlangan maqsad tinglovchilarning O‘zbekistonda davlat va din munosabatlari, diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, radikallashuv va uning oldini olish masalalari, sog‘lom e’tiqod va ma’rifiy islom asoslari, jaholatga qarshi ma’rifat g‘oyasini targ‘ib etish masalalari va fuqarolar bilan ishlashda shaxslarning ijtimoiy holati, oilaviy sharoiti, mutaassiblik belgilari, yakka tartibda va jamoa bilan suhbat olib borish, suhbatdoshni tinglash va u bilan samimiy muloqotga kirishish borasidagi bilim va ko‘nikmalarini yanada takomillashtirishdan iborat.

Malaka oshirish o‘quvlari davom etmoqda.

Izoh qoldirish