174

Ona tili va adabiyot tarbiyada yengilmas qurol

Maʼlumki, dunyoda yetti mingga yaqin til bor, ammo shularning ikki yuztasigina davlat tili maqomiga ega. Ularning orasida oʻzbek tilining borligi esa ona tilimizning jahon hamjamiyatida oʻzining munosib oʻrniga ega ekanligini anglatadi.

Yaqinda boʻlib oʻtgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 78-sessiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning nutqi oʻzbek tilida baralla yangragani fikrimiz tasdigʻidir.

Oʻzbek tilining yurtimizda davlat tili maqomini olganiga shu kunlarda 34 yil toʻladi. Albatta, oʻtgan yillar davomida ona tilimizning nufuzi mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz mavqeyining oshib borishiga mos ravishda oʻsib, rivojlanib bormoqda. Bunda esa tabiiyki, maktabgacha va maktab taʼlimi tizimida yosh avlodning ona tiliga mehr-muhabbatini tarbiyalash, davlat tilini oʻqitish samaradorligini oshirish borasidagi izlanishlar muhim ahamiyatga ega.

Shu nuqtayi nazardan, biz Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi Nasiba MAMARAIMOVA bilan suhbat qurdik.

– Avvalo, sizni 21-oktabr – “Oʻzbek tili bayrami” kuni bilan tabriklagan holda, yaqinda boʻlib oʻtgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 78-sessiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning oʻzbek tilidagi nutqining ahamiyati va mazmun-mohiyati haqidagi fikrlaringiz bilan suhbatimizni boshlasak.

– Ona tilining rivoji va istiqboli, eng avvalo, oila muhiti, maktab taʼlimi saboqlariga bogʻliqligi kundek ravshan. Zero, yosh avlod qalbidagi ona tiliga hurmat onaning mehrli allasidan quvvat olib, ustoz-muallimning darslarida mustahkamlanib, tafakkurini-da yoritib borishi haqiqat. Shu maʼnoda, eng avvalo, butun xalqimizni yaqinlashib kelayotgan 21-oktabr – “Oʻzbek tili bayrami” kuni bilan chin qalbdan tabriklayman!

1989-yil 21-oktabr – “Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilingan kun sifatida Oʻzbekiston Respublikasi tarixida muhim sana. Negaki, ona Vatanimiz mustaqilligining qoʻlga kiritilishida ushbu huquqiy hujjatning ahamiyati beqiyos. 

Albatta, ona tilini sevmagan, uning qadrini anglamagan inson yuragida el-u yurtga, Vataniga muhabbat ham boʻlmaydi. Biz tilimizni qanchalik asrasak, yuksaltirsak, rivojlanishiga hissa qoʻshsak, oʻzga millatlar ham bizning tilimizni, xalqimizni hurmat qiladi. 

Shu nuqtayi nazardan, muhtaram Yurtboshimiz tomonidan jahon minbarlarida oʻzbek, ona tilida nutq soʻzlanishining ahamiyati juda ulugʻ. Bu bilan dunyo hamjamiyatida oʻz oʻrni va nufuziga ega boʻlib borayotgan Oʻzbekiston Respublikasining jahon maydonidagi oʻrni yuksalayotganini anglash, his qilish qiyin emas. Zero, maʼrifatparvar bobomiz Mahmudxoʻja Behbudiy taʼkidlaganidek, “Har bir millatning dunyoda borligʻini koʻrsatadigan oyinayi hayoti til va adabiyotdir”. 

Bashariyat nazdida “Navoiy tili” deb eʼtirof etiladigan ona tilimizning jahon ayvonida takror-takror yangrayotgani barcha vatandoshlarimiz qalbida faxr tuyg'usini uyg'otayotgani aniq.

– Uzluksiz taʼlim tizimidagi islohotlar asnosida tabiiyki, maktabgacha va maktab taʼlimida ona tili va adabiyot fanlarini oʻqitish jarayoni, oʻqituvchi-pedagoglarni ragʻbatlantirish tizimi va bilimlarni baholash mezonlarini ham takomillashtirish talab etilmoqda. Bu boradagi yangiliklarga ham to‘xtalib o‘tsangiz.

– Albatta, taʼlim tizimidagi yangilanishlar va davr talabi asosida xorijiy tillar qatorida ona tili va adabiyot, davlat tilini oʻqitish jaryoniga ham xalqaro baholash va taʼlim texnologiyalarini tatbiq etish ehtiyoji yuzaga chiqdi. Eʼtiborlisi, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va oʻzi vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Prezident qaroriga koʻra, joriy yildan Milliy baholash tizimida boshqa fan oʻqituvchilari singari ona tili va adabiyot, davlat tili fani muallimlari ham ona tilini bilish boʻyicha tegishli darajadagi sertifikatga ega boʻlganda 50 foiz miqdorida qoʻshimcha
ustama olish imkoniga ega boʻlmoqda.

Mazkur yangiliklar, albatta, barchada ona tilini mukammal oʻrganishga ragʻbat uygʻotgani holda, davlat tilini hurmat qilish, uning rivojlanishiga hissa qoʻshishga
daʼvat etishiga ishonaman. 

Bugungi kunda maktabgacha va maktab taʼlimi tizimida yoshlarimizning ona tilini mukammal oʻrganishiga katta ahamiyat qaratiladi. Shu bilan birga taʼlim boshqa tillarda olib boriladigan maktab va sinflarda ham oʻzbek tili davlat tili sifatida chuqur oʻqitib kelinmoqda. Bunda xalqimiz ijtimoiy hayoti va xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini tubdan oshirish, yoshlarni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalashga ustuvor ahamiyat qaratilgan. Shuningdek, maktabgacha va maktab taʼlimi tizimida barcha ish yuritish hujjatlari, nashr etilayotgan kitob-toʻplamlar, rasmiy saytlarida eʼlon qilinayotgan yangiliklar, maqolalar Qonun talablari asosida yurtilmoqda.

Ona tili va adabiyot darslarida oʻquvchi-yoshlarga jahon adabiyoti durdonalari bilan birgalikda oʻzbek tili, madaniyati, ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk allomalarimiz merosi keng oʻqitib borilmoqda.

– Ulugʻ adibimiz Abdulla Qahhorning “Nima uchun koʻcha harakatini buzgan kishiga militsiya hushtak chaladi-yu, butun bir tilni buzayotgan odamlarga hech kim hushtak chalmaydi”, degan savoli bugun ham dolzarb. Oʻzbek tilini buzib qoʻllash, soʻzlashuvda xorijiy soʻz va terminlardan notoʻgʻri foydalanish, ayniqsa, muassasa va koʻcha reklamalarida suisteʼmollik holatlari koʻp. Shu kabi holatlarning oldini olish uchun qanday choralar ko‘rish lozim deb hisoblaysiz? 

– “Tilimiz qayerda buzilyapti?”, deya oʻzingizga savol berib koʻring va koʻchaga chiqing. Ishga yoki oʻqishga borar ekansiz, yoʻl-yoʻlakay atrofda qurilgan bir-biridan goʻzal binolar, koʻp qavatli uylarni koʻrib koʻzingiz quvnasa, ularga qoʻyilgan tilimiz uchun yot boʻlgan nomlarni koʻrib, taʼbingiz xira tortadi. Bozorga borsangiz, yurtimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarga qoʻyilgan nomlarda ham oʻzbekcha soʻzlarni deyarli uchratmasligimizdan afsuslanamiz.

Bugungi kunda nega koʻpchilik, ayniqsa, yoshlarimiz oʻz nutqiga chet tillardagi turli soʻzlarni qoʻshib gapirishadi yoki oʻsha tilni ham yaxshi bilishadimi? Yaxshi bilishsa-ku mayli, ammo... 

Maʼrifatparvar, oʻnga yaqin dunyo tillarini puxta oʻrgangan olim Isʼhoqxon Ibrat “Bizning yoshlar, albatta, boshqa tilni bilish uchun saʼy-harakat qilsinlar, lekin avval oʻz ona tilini koʻzlariga toʻtiyo qilib, ehtirom koʻrsatsinlar. Zero, oʻz tiliga sadoqat – bu Vataniy ishdir”, deya yozib qoldirgani bejiz emas. Zero, dunyo tillarini chuqur oʻrgangan holda oʻz ona tilini eʼzozlagan farzand oʻzligini yoʻqotmaydi, xalqini azizu mukarram bilib, mamlakat taraqqiyotida oʻzini daxldor his qiladi!

Oʻz ona tilini hurmat qilgan kishi uchun, avvalo, faqat soʻzda emas, amalda oʻzini koʻrsatadigan fursat allaqachon kelgan. Aminmanki, ona tilini hurmat qilgan inson hech qachon tilni buzib gapirmaydi. Koʻpchilik chet ellarda oʻzbek tilini oʻrganayotgan bir paytda tilning haqiqiy egalari uni buzib gapirishsa, afsuski achinarli holat. 

Bugun dunyo shiddat bilan rivojlanmoqda, ilm-fan, texnika doimiy takomillashib bormoqda. Taraqqiyotdan ortda qolish mamlakat istiqboli, xalqning erkinligiga ham raxna solishi tabiiy. 

Shu bois ona tilimizdan nafaqat aloqa vositasi, balki millatning oʻzligini namoyon qiluvchi qudratli manbai sifatida foydalanish zarur. Shu sababli ham til masalasi doim davlatning eʼtiborida, himoyasi va qullab-quvvatlovida boʻlmogʻi shart.

– Albatta, komil inson gʻoyasi qadim-qadimdan taraqqiyotga intilgan barcha jamiyat va xalqlarni harakatlantirgan kuch. Bunda esa, birdamlik, hamfikrlilik, adolat va shaffoflik, hatto doʻstona raqobat kabi koʻplab omillar zarur. Shu oʻrinda ona tili va adabiyot, davlat tili fani oʻqituvchilari, umuman, ziyolilarga bayram tilaklaringiz.

– “Yangi Oʻzbekiston maktab ostonasidan boshlanadi”, degan ezgu gʻoya asosida yurtimizda yosh avlod kamoloti, yorugʻ istiqboli yoʻlida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. 

Soʻnggi yillarda yuzlab zamonaviy maktablar barpo etildi. Prezident maktablari, ijod maktablari tizimi yaratildi, ixtisoslashtirilgan maktablar tarmogʻi kengaydi. Oʻqituvchi va murabbiyning mehnati qadr topgani holda uning mehnat sharoitlari yaxshilanib bormoqda. Albatta, ushbu jihatlar maktablarda taʼlim sifati samaradorligining oshishiga omil boʻlayotir. 

Buni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasi 78-sessiyasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Biz hamma uchun ochiq va sifatli taʼlimni kambagʻallikka barham berish, xalq farovonligini oshirish va barqaror iqtisodiy oʻsishga erishishning eng samarali omili, deb bilamiz”, deya bildirgan fikrlari mazmunidan anglab olish mumkin. 

Albatta, shu oʻrinda bundan qariyb oʻn asr avval mutafakkir bobomiz Imom Buxoriyning hadisi shariflarida keltirilgan “Beshikdan qabrgacha ilm izla” hikmati bugun
har qachongidan dolzarb ahamiyat kasb etayotganini anglash qiyin emas. Demak, bugungi kun oʻqituvchisi oldida doimiy izlanish, yangiliklarni amaliyotga tatbiq etish va yoshlarni oʻz ona xalqi va yurtiga sadoqatli etib tarbiyalash har qachongidan ham dolzarb vazifa. Ona
tili va adabiyot esa bunda oʻqituvchi-muallim, ziyoli qoʻlidagi yengilmas qurol boʻlishiga ishonaman.

Suhbatdosh: Bahodir JOVLIYEV

Manba: “Til va adabiyot” jurnali 2023-yil 8-son

Izoh qoldirish