165

Til bor – millat barhayot

Tilga e’tibor – elga e’tibor. Bu haqida qancha gapirilmasin, afsuski, tilga e’tiborsiz insonlar ko‘payib bormoqda. Ijtimoiy tarmoqlar, jamoat joylarida turli reklama, e’lonlarga ko‘zimiz tushadi. Atigi uch-to‘rt gapda ham imloviy xatolar g‘ij-g‘ij. O‘ylanib qolasan: reklama matnini yozgan kishi bu jumlalarni o‘zi o‘qib chiqqanmi?  

Yana bir holat: ko‘cha-ko‘y, do‘konlar, turli xil ustaxona shoxobchalari, go‘zallik salonlari, binolar, bog‘chalarga qo‘yilgan nomlar o‘zbek tilida emas, balki xorij tillarida yozilganining guvohi bo‘lamiz. Achinarlisi, bu holatga ko‘nikib qoldik. 

Misol uchun, Toshkent shahrining markazida qurilgan “Nest one” deb nomlangan turar joy binosining nomi aynan ingliz tilida. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarning birida yozilgan maqolada mana bu so‘zlarni o‘qishimiz mumkin: “Xullas, bunyodkori o‘zbekmi, uning dastxati qurgan binosida yaqqol ko‘rinishi kerak va bu o‘sha quruvchining o‘zligini yo‘qotmaganidan darak beradi. Dastxat, avvalo, nomlarda namoyon bo‘ladi. Ochig‘ini aytganda, rasmiy matbuotda o‘zbek tiliga bo‘lgan e’tiborsizlik anchagina yuqori. Yana ham aniqrog‘i, bu borada davlat muassasalari yetakchilik qilib kelmoqda. Aslida, ular tilshunoslarni jalb qilib bo‘lsa ham, o‘zbek tilining boyligini xalqqa namoyon etish, yangi so‘z va iboralarning o‘zbekcha talqinini joriy qilishda bosh-qosh bo‘lishlari kerak”.

O‘zbek tili AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Turkiya kabi bir qator davlatlarning 60 ga yaqin universitetlari va 100 dan ziyod maktablarida o‘rganilayotgan bir paytda biz qurilgan binolarimizning nomini ingliz yoki rus tillarida nomlab o‘tirganimizni qanday tushunish kerak?! Shu o‘rinda statistik ma’lumotlarga e’tibor qaratsak: dunyoda 5600 dan ziyod til mavjud bo‘lib, ulardan 200 tasigina davlat tili sifatida e’tirof etilgan. Ularning orasida o‘zbek tilining borligi ona tilimizning naqadar sof, boy, purma’no va jozibadorligining yorqin dalilidir. Rossiyalik tilshunos olima, professor A.M.Kozlyanina “O‘zbek tili nafis va musiqa ohangidek jozibador”, degani bejiz emas.

BMT tomonidan keltirilgan ma’lumotda “Qachonlardir odamlar so‘zlashadigan tillarning soni 7 mingdan 8 mingtagacha yetgan bo‘lsa, bugungi kunda sayyoramizda 6 mingta til mavjud bo‘lib, ularning 90 foizi yo‘qolib ketish arafasida turibdi. Bu, asosan, sivilizatsiya tufayli madaniyatidan ayrilayotgan kam sonli millatlarning tillaridir. Bu tillarda so‘zlovchi aholining ayrimlari yozuvga ega bo‘lsa, ayrimlari bundan bebahradir. Masalan, Afrika tillarida so‘zlashuvchi aholining 80 foizi hamon o‘z yozuvlariga ega emas. Lingvist olimlarning fikricha, yana 25 yildan so‘ng hozir muomalada bo‘lgan tillarning o‘ntasidan bittasi saqlanib qolar ekan”.

Xulosa o‘rnida aytish joizki, ona tilimizga bepisand munosabatda bo‘laversak, oilada o‘zbek tili bilan bir qatorda ingliz va rus tillaridagi so‘zlarni aralashtirib ishlatsak, OAVda o‘zbek tilining buzilgan talqini, xato yozilgan so‘zlarni namoyish qilishni davom ettiraversak, ajdodlarimizdan qolgan bebaho ona tilimizning nufuzini yo‘qotgan bo‘lamiz. 

           Muxlisa ORTIQALIYEVA,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“Xalqaro jurnalistika” yo‘nalishi 2-bosqich talabasi

Izoh qoldirish