225

Akademiya Kengashining navbatdagi majlisida muhim masalalar muhokama etildi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Akademiya kengashining navbatdagi kengaytirilgan shakldagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Akademiya rahbariyati, Kengash a’zolari, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, bo‘lim boshliqlari ishtirok etishdi.

Kengash majlisini O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori, Kengash raisi Uyg‘un G‘afurov olib bordi.

Ma’lumki, muntazam tarzda o‘tkaziladigan Akademiya Kengashi yig‘ilishida muassasa oldida turgan muhim va dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilinib, yechimini kutayotgan holatlar bartaraf etiladi hamda kelgusi vazifalar belgilab olinadi.

Akademiya rektori, Kengash raisi Uyg‘un G‘afurov majlisni ochib berarkan, o‘tgan o‘quv yilida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish muhim ekanini qayd etdi.

Dastlab Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan Akademiyaning bir guruh professor-o‘qituvchilariga ilmiy darajalari berilgan diplomlar tantanali tarzda taqdim etildi. “Mahmudxo‘ja Behbudiy” stipendiyasining sohiblariga guvohnomalar topshirildi. 

Shundan so‘ng Nazorat va monitoring sektori bosh mutaxassisi Jaloddin Bo‘riyev O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasini taqdim etdi.

O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev 2023-2024-o‘quv yilida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul qilingan talabalarni kredit ta’lim tizimiga kirish haftaliklari natijalari to‘g‘risida ma’lumot berdi. 

Akademiya talabalarining malakaviy amaliyoti natijalari. Ta’lim samaradorligini oshirish bo‘yicha olib borilgan ishlar (natijalar, muammolar, yechimlar) borasida Marketing va talabalar amaliyoti bo‘lim boshlig‘i Gulyuz To‘rayevaning hisoboti eshitildi.

Majlis davomida Akademiya professor-o‘qituvchilarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK)ga ilmiy unvonga taqdim etish, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish sektori Nizomini tasdiqlash va Akademiya talabalarini davlat stipendiyalari hamda “Aloqabank nomidagi maxsus stipendiya”ga tavsiya etish to‘g‘risida Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomovning axboroti tinglandi. 

Shundan so‘ng Akademiya rektori maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev Akademiya kafedralarining xalqaro faoliyatini rivojlantirish hamda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Matbuot xizmati, OAV va jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi faoliyati hamda Akademiya veb-saytini yanada takomillashtirish to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Akademiyada talaba-yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va besh muhim tashabbus ijrosini ta’minlash maqsadida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar to‘g‘risida Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyiy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotovning hisoboti tinglandi.

Kengashda sohadagi shu kabi yutuqlar e’tirof etilgan holda, diniy-ma’rifiy sohada bajarilishi zarur bo‘lgan galdagi vazifalar va mavjud muammolar ham tahlil qilindi. 

Yig‘ilish yakunida muhim vazifalar belgilab olindi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish