227

Akademiyada xalqaro qizlar kuni munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi

BMT Bosh Assambleyasi tomonidan har yili 11-oktabr – Xalqaro qizlar kuni sifatida nishonlab kelinadi. Mazkur sana qizlarning kamsitilishi, ularning ijtimoiy muammolariga butun dunyoning e’tiborini qaratish maqsadida o‘tkaziladi.

E’tirof etish kerak, so‘nggi yillarda yurtimizda ham qizlarga bo‘lgan e’tibor, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasi ustuvorlik kasb etmoqda. Qizlarni ta’lim olish va kasb-hunar o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirish, bandligini ta’minlash va ijtimoiy faolligini oshirish bo‘yicha  amalga oshirilayotgan ishlarni keng targ‘ib etish, yuksak axloqli, ma’rifatli  va milliy qadriyatlarga hamda ona Vatanga sodiq sifatida tarbiyalar ustuvor maqsad hisoblanadi.

Shu maqsadda bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Qizlarimiz – faxrimiz!” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. 

Akademiya Xotin-qizlar bo‘limi hamda Xotin-qizlar Maslahat kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira Farida Afro‘z, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Xotin-qizlar bilan ishlash bo‘lim boshlig‘i Farida Abdurahimova, “Do‘stlik” ordeni sohibasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira Sayyora To‘ychiyeva, “Oqila ayollar” harakati yetakchisi, pedagogika fanlari doktori, professor Oynisa Musurmonova so‘zga chiqdi. 

Bayram tadbirini O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Akademiya rektrori o‘z tabrigida millat davomchilari bo‘lmish qizlarni ma’rifatli, ma’naviyatli, oqila va dono qilib tarbiyalash, ilm-u ziyoli qilib voyaga yetkazish muhim masala ekanini qayd etdi. 

Tadbirda ushbu bayramning mazmun-mohiyati hamda Xotin-qizlarning jamiyatda o‘rni, ularga berilayotgan imkoniyatlar haqida so‘z bordi. 

Darhaqiqat, xalqimiz azaldan qizlar tarbiyasi, ularning odob-axloqi, o‘zini tutishi, yurish-turishiga alohida e’tibor qaratib keladi. Bugungi kunda ayollar va qizlarni har jihatdan himoya qilish, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, siyosiy, huquqiy, tibbiy va ijtimoy yo‘nalishdagi huquqlarini yuzaga chiqarish, jamiyat hayotidagi faolligini oshirishga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratib kelinmoqda. 

11-oktabr – Xalqaro qizlar kuni munosabati bilan Akademiyadagi faolligi, namunali xulqi va tengdoshlariga har tomonlama o‘rnak bo‘lgan bir guruh talaba-qizlar taqdirlandi. 

Marosimda talabalar tomonidan muqaddas ayollarga, nafosatli qizlarga va albatta, mehribon onalarga bag‘ishlangan eng yaxshi sahna ko‘rinishlari, kuy-qo‘shiqlar, milliy va zamonaviy ruhdagi raqslar ijro etildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish