211

1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektorining TABRIGI

Assalom-u alaykum!

Hurmatli va aziz ustozlar, professor-o‘qituvchilar, tyutor va murabbiylar!

Avvalo, Siz azizlarni 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni umumxalq bayrami bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman!

Ustoz-muallim – sharafli nom, ulug‘ kasb. Bu martabaga munosib bo‘lish, o‘qituvchi kasbini ulug‘lab, kelajak avlodni barkamol voyaga yetkazish ulug‘ saodatdir. Shu bois, donishmand xalqimiz ustoz-muallimga hamisha yuksak hurmat va e’tiborda bo‘lib keladi. Zero, “El-yurtni ilm-ma’rifat asraydi”, degan ibora bejiz aytilmagan.

Ustoz-murabbiylarni qadrlash va ehtirom qilishga dinimizda ham buyurilgan bo‘lib, bu savobli amallardan biri sanaladi. Alloh taolo Qur’oni karim “Mujodala” surasida “Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur”, deb marhamat qiladi. Shunday ekan, ilm ahllariga hurmat va izzat-ikrom ko‘rsatish barchamiz uchun ham far, ham qarzdir.

Qadrli ustozlar!

Bugungi kunda yurtimizda ta’lim tizimi islohotlari va yosh avlod kamolotiga ustuvor ahamiyat qaratilib, yangi bir uyg‘onish – Uchinchi Renessansning davriga poydevor yaratilmoqda. Mazkur oliy maqsadning ro‘yobga chiqishida o‘qituvchi va murabbiylarning o‘rni va roli beqiyos ekanini davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan doimo e’tirof etib kelinmoqda. Xususan, mamlakatimiz mustaqilligining 32 yilligi arafasida o‘tkazilgan anjumanda ham “Bugun sizlar ta’lim-tarbiya berayotgan, qalbini, ongini ezgulik bilan to‘ldirayotgan millionlab farzandlarimiz ertaga Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari bo‘lib bizning safimizga kiradi. 

Vatanimiz, xalqimiz sizlarning bunday olijanob xizmatlaringizni hech qachon unutmaydi. 

O‘qituvchilik kasbini e’zozlash, uning mehnatini qadrlash bundan buyon ham e’tiborimiz markazida bo‘ladi, – dedi davlatimiz rahbari.

Darhaqiqat, 2023-yilning mamlakatimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”, deya nomlanishida ham katta ma’no va mazmun mujassam. Shunga mos ravishda birgina joriy yilda uzluksiz ta’lim tizimi islohoti, sifatli va samarli ta’limni ta’minlash borasida olamshumul ishlar bajarildi. Bu borada Prezident Shavkat Mirziyoyev yaqinda bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida ta’kidlaganidek, “Inson kapitalini rivojlantirish va kreativ yosh avlodni tarbiyalash – O‘zbekiston o‘z oldiga qo‘ygan strategik vazifalardan biridir.

Biz hamma uchun ochiq va sifatli ta’limni kambag‘allikka barham berish, xalq farovonligini oshir+-ish va barqaror iqtisodiy o‘sishga erishishning eng samarali omili, deb bilamiz.

Mamlakatimiz oxirgi yillarda bu borada katta tajriba to‘pladi – ta’lim tizimi tubdan o‘zgarmoqda. O‘tgan olti yilda maktabgacha ta’limdagi qamrov 21 foizdan 70 foizga, oliy ta’limda esa 9 foizdan 38 foizga yetdi. 2030 yilga qadar har bir bolaning bog‘chaga qatnashi, maktabni bitirayotgan har ikki o‘quvchining biri esa oliygohda o‘qishi uchun imkoniyat yaratiladi”.

Ushbu tafovutli raqamlar ortida millionlab bolalarning baxtli kelajagi borligini farzandi quvonchi va ilk kichik yutug‘idan quvongan har bir ota-ona, ustoz-muallim teran anglashiga aminman. 

So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ta’lim-tarbiya, ilm-fan hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar natijasida boy ilmiy-tarixiy merosimizni o‘rganish va targ‘ib qilish ishlari yanada jadallashdi. Shu bilan birga, dunyoda ro‘y berayotgan voqea-hodisalar va ijtimoiy-siyosiy vaziyatning tahlili diniy-ma’rifiy soha faoliyati samaradorligini yanada oshirish va malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishni taqozo etmoqda. Bu o‘rinda yoshlar hayotiga tahdid solayotgan xavf-xatarlarning oldini olish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish dolzarb vazifadir.

Shu bois, yurtimiz hamda xalqaro miqyosda o‘z nufuziga ega bo‘lib borayotgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyati juda muhim. Albatta, bu o‘rinda siz muhtaram ustozlar, professor-o‘qituvchilar, tyutor va murabbiylarning fidokorona mehnatiga muvaffaqiyat tilayman.

O‘z sohasining fidoyisi bo‘lib mehnat qilayotgan ana shunday o‘qituvchilarimizdan biri “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi professori, taniqli sharqshunos olim Saidakbar Agzamxo‘jayevdir.

Ustozning O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi munosabati bilan Prezident Farmoni asosida “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlanishi o‘ylaymanki, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining butun pedagogik jamoasi, ustoz-murabbiylari faoliyatiga bergan bebaho bahosi, mukofotidir! 

Aziz hamkasblar!

Ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy “Har bir millatning saodati, davlatning tinchi va rohati yoshlarning tarbiyasiga bog‘liqdir”, deya ta’kidlaydi. Shu bois, har birimiz o‘z kasbimizga sadoqat bilan yondashib, ilm-fanning ilg‘or yutuqlari hamda xalqimizning umrboqiy merosini yosh avlodlarga yetkazishimiz ham farz, ham qarzdir. Bu yo‘lda barchaning ilmiy-pedagogik, tadqiqotchilik faoliyatiga zafarlar yor bo‘lsin. 

Yana bir bor Siz, azizlarni kasb bayramingiz bilan qutlar ekanman, sihat-salomatlik, baxt-saodat, xonadoningizga fayz-u baraka tilayman!

Uyg‘un G‘OFUROV

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish