234

Sizdan boshlanadi asli tafakkur!

Xalqimizda ustoz otangdek ulug‘, degan purhikmat ibora bor. Bu naql zamirida o‘qituvchi va murabbiylarga bo‘lgan samimiy ehtirom namoyon. Zero, ustozlik martabasi dunyodagi eng e’zozli, ehtirom va e’tiborga loyiq, qalblarga yaxshilik, ezgulik, komillik olib kiruvchi muborak kasb sanaladi. U har bir insonning kelajagi uchun tamal toshini qo‘yishda muhim rol o‘ynaydi. Shuning uchun ham xalqimizning “ustoz otangdek ulug‘”, degan ibratli o‘giti zamirida o‘qituvchi va murabbiylarga bo‘lgan samimiy ehtiromi mujassamdir.

Bugun shiddat bilan o‘zgarayotgan zamon barcha sohalar qatorida ilm-fanni ham yangi bosqichga ko‘tarishni talab qilmoqda. Binobarin, jamiyat oldida turgan dolzarb masalalar yechimida ilm-fanning hayot va amaliyot, ishlab chiqarish bilan o‘zaro uyg‘unligi muhim ahamiyat kasb etadi.

E’tirof etish kerak, davlatimiz tomonidan, eng avvalo, uzluksiz ta’lim tizimi islohotlari asosida yoshlar ta’lim-tarbiyasi, yetuk mutaxassis kadrlar tayyorlashga mas’ul muallim va professor-o‘qituvchilar faoliyatiga katta e’tibor qaratilmoqda. Bil’aks, jamiyatning buguni va kelajagi, uning madaniy-ma’rifiy va ma’naviy salohiyati ta’lim tizimining qay darajada rivojlanganligi bilan belgilanadi. Ta’lim-tarbiya tizimidagi islohotlarning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan o‘qituvchi va murabbiylarga bog‘liq. Shu sababli mamlakatimizda o‘qituvchilar mehnatini qadrlashga, ularga har jihatdan g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga harakat qilinmoqda.

Jumladan, yurtimizda har yili 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni keng miqyosda nishonlanadi. Ayni paytda respublikamiz bo‘ylab bayram tantanalari davom etmoqda. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham sana munosabati bilan “Sizdan boshlanadi asli tafakkur!”  deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri tashkil etildi. 

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining din va millatlararo munosabatlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘ofurov, Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Davronbek Maxsudov, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Ozoda Parpiboyeva, Akademiya rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, xodimlar hamda talabalar ishtirok etdi.

Tantanali marosimni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining din va millatlararo munosabatlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Talabalarga bilim va tarbiya berayotgan ustoz hamda murabbiylarni kasb bayramlari bilan qutlar ekan, so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan ta’lim sohasini tubdan isloh etish jarayonida o‘qituvchi va murabbiylarga izzat-ehtirom ko‘rsatish, ularni kuchli ijtimoiy himoyalash, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish masalasiga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Ayniqsa, islom dinining asl mohiyati, butun dunyo sivilizatsiyasi rivojiga tamal toshini qo‘ygan ajdodlarimizning bebaho ma’naviy merosini yoshlarga har tomonlama chuqur va mufassal o‘rgatishda ustoz va murabbiylarning hissasi salmoqli ekanini qayd etdi.

O‘z navbatida Muzaffar Komilov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori lavozimiga tayinlangan Uyg‘un G‘ofurovning samimiy tabriklab, uning kelgusidagi faoliyatiga omad va zafarlar tiladi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘ofurov Muzaffar Komilovga samimiy tashakkur izhor etib, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi – mamlakatimiz diniy-ma’rifiy sohasi uchun yetuk kadrlarni tayyorlovchi akademik yo‘nalishdagi dunyoviy oliy va ilmiy tadqiqot muassasasi ekanini ta’kidladi. Akademiya nafaqat yurtimiz, balki xorijda ham yuqori nufuzga egaligi va buning zamirida Muzaffar Komilov rahbarligida olib borilgan tizimli islohotlar yotgani qayd etildi. Muzaffar Komilovga minnatdorlik ramzi sifatida zarbof to‘n kiygizildi. 

Tadbirda so‘zga chiqqanlar ilm har qanday zamonda va makonda ham najot yo‘li, zulmatni yorituvchi nur, insonni kamolotga yetaklovchi buyuk ne’mat sanalishini ta’kidlashdi. Zero, buyuk alloma Imom Buxoriy hazratlari bundan o‘n ikki asr oldin “Dunyoda ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmagay”, deb bejizga yozib qoldirmagan.

Tantanali marosimda ko‘p yillik samarali mehnati, kasbiga fidoyiligi va intellektual qobiliyati bilan yuksak hurmat va ehtiromga sazovor bo‘lgan bir guruh pedagog xodimlarga esdalik sovg‘alari topshirildi. 

Rasmiy tadbirlardan so‘ng Akademiya hovlisida sana munosabati bilan bayram dasturxoni yozildi. Shu bilan birga, Akademiya talabalari tomonidan she’r-qo‘shiqlar, teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. 

Xalqimiz qalbidan joy olgan san’atkorlarning qo‘shiqlariga bayram tadbiriga o‘zgacha fayz bag‘ishladi. 

Akademiyada tashkil etilgan tadbir yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish