218

Akademiya vakillari Rossiya Islom institutining 25 yillik yubileyi munosabati bilan tashkil etilgan forumda ma’ruza qildi

Avval xabar qilganimizdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining vakillaridan iborat delegatsiya Rossiya Federatsiyasining Tatariston Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turibdi.

Delegatsiya vakillari 27-28-sentabr kunlari Rossiya Islom institutining 25 yillik yubileyi munosabati bilan Qozon shahrida tashkil etilgan “Rossiyada musulmon ta’limidagi an’ana va yangiliklar” nomli forumda qatnashdi.

Anjuman doirasida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov “O‘zbekiston va Rossiya islom ulamolari o‘rtasidagi hamkorlik” mavzusida, “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi mudiri Mirodil Haydarov esa “O‘zbekiston Respublikasida diniy ta’lim sohasidagi islohotlar” mavzusida ma‘ruza qildi. Shuningdek, anjuman ishtirokchilariga O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi haqida rus tilidagi videorolik namoyish etildi. 

Unda Akademiyaning ilmiy salohiyati, o‘quv jarayonlarining tashkil etilishi hamda xalqaro aloqalar borasida erishayotgan yutuqlari bilan simpozium a‘zolari tanishtirildi. Rossiya ta‘lim muassasalari bilan Akademiya hamkorligiga to‘xtalinib, uni yanada rivojlantirish bo‘yicha fikrlar bildirildi. Ma’ruza anjuman ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Rossiya islom instituti rektori professor Rafik Muhametshin va boshqa so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda din va davlat munosabatlari barchaga o‘rnak bo‘layotganini alohida ta‘kidladilar. O‘z o‘rnida O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Ilyos Mirziyotov tashkilotchilarga minnatdorlik bildirib, institut rahbariga esdalik sovg‘asi hamda Akademiyada nashr etilgan “Islom ensiklopediyasi (1-tom)”ni tuhfa qildi.

Anjumanda Rossiyaning 30 ga yaqin islom ta‘lim muassasalari va turli konfessiyalar vakillari, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon respublikalarining islom ta‘lim muassasalari rahbarlari va professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi. 

Simpozium yakunida XVI – Butun Rossiya xalqaro olimpiadasi g‘oliblarini e‘lon qilish va taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unga ko‘ra O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining Islomshunoslik 4-kurs talabasi A’zamjon Muhamadjonov “Arab tili” bo‘yicha faxrli 1-o‘rinni egalladi.

Izoh qoldirish