84

Hamkorlikdagi tadbirlar mazmunli o‘tkazildi

Xabar berganimizdek, bugun Indoneziya Ulamolar kengashi Bosh kotibi Amirshox Tambunan boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida mehmon bo‘ldi.

Rasmiy uchrashuvlar bilan bir qatorda Akademiya majlislar zalida Ulamolar kengashi vakillari bilan davra suhbati o‘tkazildi.

Unda Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov, Magistratura bo‘limi boshlig‘i Ashirali Abdirashidov, “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi mudiri Olim Astanakulov, kafedra professor-o‘qituvchilari, magistr-doktorantlar hamda talabalar ishtirok etdi.

Davra suhbatida Zohidjon Islomov Akademiya ilmiy salohiyati, fakultetlar va ulardagi ta’lim yo‘nalishlari, talabalarga bilim berishda o‘ziga xos yondashuvlar haqida ma’lumot berdi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida hassos soha – muqaddas islom dinini ilmiy nuqtayi nazardan fundamental tadqiq etish, ulug‘ allomalarimiz ma’naviy merosini qayta kashf etish orqali dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qo‘shadigan yuksak salohiyatli, raqobatbardosh mutaxassis kadrlarni tayyorlashda tizimli ishlar amalga oshirilayotganini e’tirof etdi.

O‘z navbatida Indoneziya Ulamolar kengashi vakillari Indoneziyadagi ilmiy-ma’rifiy muhit, turizm, xususan, ziyorat turizmi borasidagi yangiliklar, Indoneziya madaniyati va urf-odatlari haqida ma’lumot berishdi.

Davra suhbatidan soʻng mehmonlar “Manbalar xazinasi” boʻlimi faoliyati bilan tanishishdi. Shuningdek, Akademiya hududida joylashgan muqaddas qadamjolar – Shayxovantahur, Toʻlabek (Qaldirgʻochbek) maqbalarini ziyorat tashkil etildi.

Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hududida tashkil etilgan “Xonatlas” bayramida ishtirok etishdi.

Namoyish davomida Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda talabalari tomonidan turfa uslubdagi betakror liboslar taqdim etildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish