213

Akademiyaga Indoneziya Ulamolar kengashi Bosh kotibi boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi nafaqat yurtimiz, balki xalqaro miqyosda ham o‘z nufuziga ega oliy va ilmiy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Bu borada xalqaro aloqalarning o‘rni alohida ahamiyatga ega. Ta’kidlash joiz, Akademiyada xorijiy oliy ta’lim muassasalari, nufuzli xalqaro tashkilotlar hamda ilmiy-tadqiqot markazlari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi muntazamlik kasb etgan. Bugun ana shunday uchrashuvlardan biri Indoneziya Ulamolar kengashi vakillari bilan o‘tkazildi.

Indoneziya Ulamolar kengashi Bosh kotibi Amirshox Tambunan boshchiligidagi delegatsiyani Akademiya rahbariyati kutib oldi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining din va millatlararo munosabatlar masalalar boʻyicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov, Indoneziyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Sunaryo Kartadinata, Akademiya prorektorlari – Zohidjon Islomov, Zokirjon Ro‘ziyev, Salim Dusanov hamda Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev ishtirok etdi.

Suhbat avvalida Akademiya rektori hurmatli mehmonlarni yurtimizda, xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ko‘rib turganidan mamnunligini bildirdi. Delegatsiya a’zolarining ishlariga muvaffaqiyat tiladi.

Shu bilan birga, islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berishda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyai boshqa diniy ta’lim muassasalari orasida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.  

Shundan so‘ng O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov so‘z olib, yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan o‘zgarishlar, islohotlar jarayoni haqida so‘z yuritdi. Amaliy hamkorlik munosabatlarini kengaytirish, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlash borasida fikr almashildi.

O‘z navbatida Indoneziya Ulamolar kengashi Bosh kotibi Amirshox Tambunan ko‘rsatilgan iltifot uchun minnatdorlik bildirdi. O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarga yuqori baho berdi. 

Samimiy muloqot davomida Indoneziya Ulamolar kengashi bilan o‘zaro hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama etildi. 

Uchrashuv yakunida mehmonlar yuqori darajadagi hurmat va mehmondo‘stlik uchun Akademiya mutasaddilariga minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish