Akademiya vakillarining Qozon federal universitetida uchrashuvi tashkil etildi
Ayni paytda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining vakillaridan iborat delegatsiya Rossiya Federatsiyasining Tatariston Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turibdi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Ilyos Mirziyotov, “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi mudiri Mirodil Haydarov hamda bir guruh Akademiya talabalarining Rossiya islom instituti rektori bilan uchrashuvi o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida ikki oliy o‘quv yurtining bugungi salohiyati va hamkorlik imkoniyatlari haqida muzokaralar olib borildi. Rossiya islom instituti rektori professor Rafik Muhametshin O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi bilan do‘stona aloqalar hamda ilmiy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha o‘z istaklarini bildirdi. Shuningdek, ilmiy-amaliy anjumanlar va doktorlik ishi himoyalariga taklif etilsa, mamnuniyat bilan ishtirok etishini izhor qildi.
Kunning ikkinchi yarmida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi delegatsiyasi Qozon federal universiteti Xalqaro aloqalar instituti professor-o‘qituvchilari hamda talabalari bilan uchrashdi.
Qozon federal universiteti Xalqaro aloqalar instituti rahbariyati bilan tor doirada bo‘lgan uchrashuvda ikki tomonlama imzolangan memorandum asosida istiqboldagi o‘quv va ilmiy sohada hamkorlikni yanada kengaytirish, talaba va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, ilmiy maqolalar nashrida har ikki tomonning jurnallari imkoniyatlaridan keng foydalanish, yozgi lagerlar tashkil etish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish rejalashtirildi.
Samimiy bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng Akademiya birinchi prorektori Ilyos Mirziyotov institut talabalarini O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyati bilan tanishtirdi hamda ularga “Imom Burhonuddin al-Marg‘inoniy – Movarounnahrning buyuk faqihi” mavzusida ma’ruza o‘qildi. “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi mudiri Mirodil Haydarov ma’ruza davomida alloma Qur’oni karim, hadis ilmlarini mukammal egallab, fiqh – islom huquqshunosligi borasida benihoya chuqur ilmga ega bo‘lganligi, bu sohada beqiyos durdona asarlar yaratganini alohida ta’kidladi. Ma’ruza talabalarda katta qiziqish uyg‘otib, uchrashuv nihoyasida mavzuga doir savol-javoblarga ulanib ketdi.
Shuningdek, tadbirda o‘zbekistonlik olimlar tomonidan tarjima qilingan “Hidoya” kitobining taqdimoti o‘tkazildi. Mazkur asar butun musulmon olamida mashhur sanalib, musulmon huquqi – fiqh bo‘yicha eng aniq, izchil, mukammal asar sifatida tan olinadi. Yakunda Qozon federal universitetiga “Hidoya” kitobi sovg‘a qilindi.
Institutga tashrif davomida arab tili fanini o‘qitish jarayonlari bilan tanishildi. Yoshlar bilan arab tilida olib borilgan suhbat chog‘ida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalari bilan ZOOM platformasi orqali arab tilida davra suhbatlari tashkil etish, alohida mavzularda musobaqalar o‘tkazish taklifi bildirildi.
Bundan tashqari, tashrif davomida Xalqaro munosabatlar instituti tarkibidagi “al-Xadora” arab madaniyati markazi direktori, pedagogika fanlari doktori, professor Muhammad Solih al-Ammari bilan ham uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda al-Ammari markazda talabalarga nafaqat arab dunyosi, balki Markaziy Osiyo madaniyati, o‘zbek tili va tarixi ham o‘rgatilishini aytib o‘tdi. Bu yo‘nalishda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatilishidan umidvor ekanligini ta’kidladi.
Safar doirasidagi so‘nggi yangiliklar bilan sizlarni xabardor etib boramiz.
Izoh qoldirish