Mehr va saxovat xalqimizga xos fazilat
Ma’lumki, xayr va saxovat insonni ulug‘lab, har ikki dunyoda ham ajr-u savobga sazovor etishi haqida allomalarimiz ta’kidlab o‘tgan. Islom dinida ham mo‘min insonning eng ulug‘ fazilatlaridan biri xayr-saxovat ekani qayd etiladi.
Ayniqsa, ehtiyojmand yoshlar uchun munosib sharoit yaratish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, kasbga yoʻnaltirish, bandligini taʼminlash, tashabbuslarini ragʻbatlantirish borasidagi chora-tadbirlar soʻnggi yillarda yangi bosqichga koʻtarildi.
Bu jarayonda yoshning har biri bilan individual tarzda ish olib borilayotgani, ertamiz egalarining jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, sog‘lom hayot kechirishi, o‘z orzu-maqsadlariga erishishi uchun barcha kuch va imkoniyatlardan foydalanilayotgani o‘zining kutilgan samarasini bermoqda.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga biriktirilgan ehtiyojmand yoshlarda aniqlangan muammolarni o‘rganish, ularning holidan xabar olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Din va millatlararo munosabatlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov boshchiligidagi bir guruh Akademiya vakillari poytaxtimizning bir qator xonadonlarida bo‘lishdi.
Muslima Ziyovuddinova poytaxtimizning Shayxontohur tumani “Yangi Jarariq” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiladi. Akademiya vakillarining o‘rganishlari doirasida noutbukka ehtiyoji borligi aniqlandi. Holat o‘rganilib, Muslimaga homiylar va Akademiya tomonidan noutbuk sovg‘a qilindi. Zamonaviy noutbuk endi uning bilim olishi uchun vosita bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
“Ibn Sino” MFYda istiqomat qiluvchi Odina Siddiqova esa xorijiy tillarni o‘rganishga qiziqadi. Lekin oilaviy sharoiti va moddiy imkoniyati yetishmasligi tufayli xorijiy tillarni o‘rgana olmasdi. O‘rganishlar doirasida Odinaning bu muammosi bartaraf etildi.
“Shodlik” MFYda yashovchi Go‘zal Usmonova bolaligidan til o‘rganishga qiziqadi. Ammo moddiy ahvoli bunga monelik qilardi. Mazkur tashrif davomida Go‘zalning ham muammosiga yechim topildi.
Uchrashuv davomida Akademiya rektori Muzaffar Komilov qat’iy hayotiy pozitsiya, keng dunyoqarash va chuqur bilimlarga ega bo‘lgan yoshlarni tarbiyalash ularda turli mafkuraviy tahdidlarga qarshi immunitetni shakllantirish, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ustuvor maqsad ekanini ta’kidladi
Shu bilan bir qatorda, Akademiya rektori yoshlar va ularning oila a’zolari bilan suhbat olib borib, yoshlarning ta’lim olishlari va o'zlarini qiziqtirgan kasb-hunar bo‘yicha shug‘ullanishlari uchun barcha turdagi zaruriy yordam berilishini alohida qayd etdi.
Uchrashuv davomida yoshlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘z navbatida yoshlar va ularning yaqinlari mana shunday savobli ishlarni amalga oshirayotgan Akademiya rahbariyati va jamoasiga minnatdorchilik bildirishdi.
Aytish kerakki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar “Inson qadri uchun” tamoyiliga asoslangani bilan ahamiyatlidir. Buni bugungi amaliy saʼy-harakatlar misolida ham koʻrish mumkin.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish