Akademiyada ota-onalar kongressi bo‘lib o‘tdi
Bugun tobora globallashayotgan zamonda jamiyatning kelajagi bo‘lgan yoshlarning turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishi juda oson. Shu bois, davrimiz yoshlari nafaqat tan sihatligi, balki ularning ruhan sog‘lom, keng dunyoqarash, turli yot g‘oyalarga qarshi tura oladigan tafakkur qobiliyati kabi xislatlarga ega bo‘lishi ham ustuvor masalaga aylanayotir. Bu borada ota-ona va ta’lim muassasasi o‘rtasida uzviy hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi zarur.
Shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida talabalarning ota-onalari hamda Akademiya rahbariyati o‘rtasida ochiq muloqotlar bo‘lib o‘tmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri Islomshunoslik hamda Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti tomonidan o‘tkazildi.
Muloqotda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Din va millatlararo munosabatlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Maqsuda Vorisova, Akademiya rektori maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev, fakultet dekanlari Jahongir Tohirov hamda Sayyora Chiniyeva, “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi mudiri Ne’matillo Muhamedov, professor-o‘qituvchilar, xodimlar hamda ota-onalar ishtirok etdi.
Ota-onalar kongressini O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov ochib berdi. Akademiya rektori o‘z so‘zida so‘nggi yillarda yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada tizimli islohotlar, ulug‘ ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish va targ‘ib etishga bo‘lgan sa’y-harakatlarga alohida e’tibor qaratdi.
Shu bilan birga, bugungi kunda Akademiyada olib borilayotgan ta’lim tizimi va o‘quv jarayonlari, ichki tartib-qoidalar va talaba-yoshlar sifatli bilim olishi uchun yaratilgan sharoitlar haqida atroflicha so‘z yuritdi.
Darhaqiqat, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi nafaqat yurtimiz, balki mintaqamizdagi eng nufuzli va sharafli o‘quv muassasasi hisoblanadi. Davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan tashkil etilgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida jamiyat rivojiga hissasini qo‘shadigan, o‘z sohasining malakali mutaxassislarini kamolga yetkazish ustuvor vazifa sanaladi.
Suhbat davomida mas’ullar tomonidan talabalarga yaxshi ta’lim berish bilan cheklanib qolinmay, ularning tarbiyasi, xulqi-odobi boshqalarga o‘rnak bo‘lishi kerakligi, bu borada Akademiya va ota-ona hamkorligi yo‘lga qo‘yilishi kerakligi alohida ta’kidlandi.
O‘z navbatida ota-onalar ham so‘z olib, farzandlariga sifatli ta’lim va tarbiya berib kelayotgan Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda mutasaddilarga minnatdorlik bildirishdi.
Samimiy muloqot shaklida olib borilgan uchrashuvda atroflicha fikr almashildi va ota-onalarning taklif-mulohazalari tinglandi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish