Xalqaro hamkorlik aloqalari rivojlanib bormoqda
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Malayziya islom ilmlari universiteti Akademik va xalqaro masalalar bo‘yicha prorektor Mohd Radhi Ibrohim va Yetakchilik va boshqaruv fakulteti dekani Mohd Yahyo Muhammad Ariffin tashrif buyurdi.
Mehmonlarni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektorlari – Zohidjon Islomov, Zokirjon Ro‘ziyev, Salim Dusanov, rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev hamda “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi mudiri Olim Astanakulov kutib oldi.
Uchrashuvda Akademiya vakillari hurmatli mehmonlarni yurtimizda, xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ko‘rib turganidan mamnunligini bildirdi. Delegatsiya a’zolarining ishlariga muvaffaqiyat tiladi.
Ta’kidlash joiz, joriy yilning 22-may kuni Malayziya islom ilmlari universiteti va Akademiya vakillari o‘rtasida onlayn formatda uchrashuv o‘tkazilgan va bir qancha hamkorlik aloqalari bo‘yicha takliflar bildirilgan edi. Bugungi uchrashuv ana shu muloqotning mantiqiy davomi sifatida qayd etildi.
Akademiya rektori maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan o‘zgarishlar, islohotlar jarayoni haqida so‘z yuritdi.
Muloqotda Islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berishda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi boshqa diniy-ta’lim muassasalari orasida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlandi.
Suhbat davomida Akademiya ilmiy salohiyati, fakultetlar va ulardagi ta’lim yo‘nalishlari, talabalarga bilim berishda o‘ziga xos yondashuvlar haqida ma’lumot berildi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida xassos soha – muqaddas islom dinini ilmiy nuqtayi nazardan fundamental tadqiq etish, ulug‘ allomalarimiz ma’naviy merosini qayta kashf etish orqali dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qo‘shadigan yuksak salohiyatli, raqobatbardosh mutaxassis kadrlarni tayyorlashda tizimli ishlar amalga oshirilayotgani e’tirof etildi.
O‘z navbatida Malayziya islom ilmlari universiteti Akademik va xalqaro masalalar bo‘yicha prorektor Mohd Radhi Ibrohim ko‘rsatilgan iltifot uchun minnatdorlik bildirdi. Akademiyada Malayziya islom ilmlari universitetining Islom turizmi kafedrasini tashkil etish masalalariga to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, hamkorlikda ilmiy-amaliy konferensiyalar tashkil etish, o‘quv, ilmiy yo‘nalishdagi aloqalarni yanada rivojlantirishga e’tibor qaratdi.
Muloqot yakunida mehmonlar yuqori darajadagi hurmat va mehmondo‘stlik uchun Akademiya mutasaddilariga samimiy minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish