Akademiyada Malayziyaning Utara universiteti vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga Malayziyaning Utara universiteti Xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori, doktor Shahimi Mohtar boshchiligidagi delegatsiya a’zolari tashrif buyurdi.
Hurmatli mehmonlarni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi mutasaddilari kutib oldi.
Uchrashuvda Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev, Akademiya rektori maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev hamda “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi mudiri Olim Astanakulov ishtirok etdi.
Akademiya vakillari Shahimi Mohtar janoblari bilan yuzma-yuz uchrashib turishganidan mamnun ekanliklarini bildirishdi.
Muloqot davomida Zohidjon Islomov yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan o‘zgarishlar, islohotlar jarayoni haqida so‘z yuritdi. So‘nggi yillarda islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, eng muhimi, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish uchun Prezidentimiz tomonidan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, islom olami rivojiga ulkan hissa qo‘shgan allomalarimiz nomi bilan ataladigan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari va boshqa ta’lim muassasalarining tashkil etilishi bu boradagi muhim qadamlardan biri ekanini alohida qayd etdi.
O‘z navbatida Shahimi Mohtar so‘nggi yillarda O‘zbekiston – Malayziya o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda rivojlanib borayotganini ta’kidladi. O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi.
Do‘stona kayfiyatda o‘tgan suhbat davomida ta’lim, fan, madaniyat yo‘nalishlarida hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, ikki tomonlama sheriklikni yanada mustahkamlash kerakligi haqida so‘z yuritildi. Ta’lim sohasida tomonlar o‘rtasidagi akademik almashinuvlar yo‘lga qo‘yish, qo‘shma akademik dasturlar, professor-o‘qituvchilar almashinuvi dasturi har ikki tomon uchun foydali bo‘lishi qayd etildi.
Muloqot yakunida hurmatli mehmonga esdalik sovg‘asi topshirildi. O‘z navbatida Malayziyaning Utara universiteti prorektori Shahimi Mohtar ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish