215

Ta’lim va tarbiya uchun barchamiz mas’ulmiz

Bugungi globallashuv davrida insoniyat, xususan, yoshlar turli xavf-xatarlarga duch kelmoqda. G‘arazli kuchlar ertamiz egalarining umriga zomin bo‘lmoqda. Bunday keskin va tahlikali sharoitda ota-onalar va ustoz-murabbiylar bu masalada xushyorlik va ogohlikni yanada oshirishlari kerak. O‘g‘il-qizlarimizni birovlarning qo‘liga berib qo‘ymasdan, ularni o‘zimiz tarbiyalashimiz zarur. Zero, joriy yilga Prezidentimiz tomonidan “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nom berilganining zamirida ham shu mohiyat mujassam.

Shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Islomshunoslik fakultetida tahsil olayotgan talabalarning ota-onalari bilan Akademiya rahbariyati o‘rtasida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. 

“Farzandim taqdiriga befarq emasman!” mavzusida tashkil etilgan muloqotda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev, Akademiya profilaktika inspektori Muhriddin Hikmatov, Islomshunoslik fakulteti dekani Jahongir Tohirov, tyutorlar hamda ota-onalar ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida Akademiyada talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar haqida ma’lumot berildi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi nafaqat yurtimiz, balki mintaqamizdagi eng nufuzli va sharafli o‘quv muassasasi hisoblanadi. Davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan tashkil etilgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida jamiyat rivojiga hissasini qo‘shadigan, o‘z sohasining malakali mutaxassislarini kamolga yetkazish ustuvor vazifa sanaladi.

Muloqotda bugungi kunda Akademiyada olib borilayotgan ta’lim tizimi va o‘quv jarayonlari, ichki tartib-qoidalar va talaba-yoshlar sifatli bilim olishi  uchun yaratilgan sharoitlar haqida atroflicha ma’lumot berildi. 

– Zimmamizga kelajagimiz poydevori bo‘lgan yoshlarga ta’lim va tarbiya berishdek sharafli va mas’uliyatli vazifani olganmiz, – dedi O‘tkir Hasanboyev. –  Albatta, uni sidqidildan bajarish uchun astoyidil intilib kelyapmiz. Shu o‘rinda talabalar barkamol avlod bo‘lib tarbiyalanishida ota-onalarning ham hissasi katta hisoblanadi. Ta'lim jarayonlariga ularning ham bevosita aloqador ekanligini inobatga olgan holda ota-onalar bilan hamkorlikni yaxshi yo‘lga qo‘yishga harakat qilamiz.

Suhbat davomida mas’ullar tomonidan talabalarga yaxshi ta’lim berish bilan cheklanib qolinmay, ularning tarbiyasi, xulqi-odobi boshqalarga o‘rnak bo‘lishi kerakligi, bu borada Akademiya va ota-ona hamkorligi yo‘lga qo‘yilishi kerakligi alohida ta’kidlandi. 

Uchrashuvda ustozlari tomonidan berilgan bilimlarni yaxshi o‘zlashtirib, a’lo baholarga o‘qiyotgan, tashkil etilayotgan ko‘rik-tanlovlar va ma’naviy-ma'rifiy tadbirlarda faol qatnashib, ijobiy yutuqlarga erishib kelayotgan faol talaba-yoshlar e’tirof etildi. 

O‘z navbatida ota-onalar ham so‘z olib, farzandlariga sifatli ta’lim va tarbiya berib kelayotgan Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda mutasaddilarga minnatdorlik bildirishdi. 

Samimiy muloqot shaklida olib borilgan uchrashuvda atroflicha fikr almashildi va ota-onalarning taklif-mulohazalari tinglandi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish