O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida yangi o‘quv yili boshlandi
Talabalik inson hayotining oltin davri hisoblanadi. Ayni paytda yurtimiz ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yili boshlandi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham “Yangi hayot uchun, yangi O‘zbekiston uchun!” deb nomlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Din va millatlararo munosabatlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi, Akademiya rektori Muzaffar Komilov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Akademiya Jamoatchilik kengashi raisi Iqbol Mirzaaliyev, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Akademiya professor-o‘qituvchilari, talabalar, ota-onalar, Akademik litseyning o‘qituvchi va o‘quvchilari ishtirok etdi.
Marosim O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi bilan boshlandi. Madhiya sadolaridan so‘ng Akademiya rektori Muzaffar Komilov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni Vatanimiz mustaqilligining 32 yilligi hamda 2023/2024-o‘quv yili bilan tabrikladi.
– Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligiga bag‘ishlangan tadbirdagi nutqlarida ta’lim sohasida farzandlarimiz zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni puxta egallashlari uchun eng qulay sharoitlar yaratishni izchil davom ettirishga ustuvor ahamiyat qaratilishini ta’kidladilar, – deydi Muzaffar Komilov. – Darhaqiqat, so‘nggi yillarda mamlakatimiz ta’lim sohasini tubdan isloh qilish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, yoshlarimizni oliy ta’limga qamrovini oshirib borish, zamonaviy va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash borasida izchil siyosat olib borilmoqda. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi nafaqat yurtimiz, balki mintaqamizdagi eng nufuzli va sharafli o‘quv muassasasi hisoblanadi.
Darhaqiqat, davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan tashkil etilgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida jamiyat rivojiga hissasini qo‘shadigan, o‘z sohasining malakali mutaxassislarini kamolga yetkazish ustuvor vazifa sanaladi.
Tadbir davomida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Akademiya Jamoatchilik kengashi raisi Iqbol Mirzaaliyev, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, “Do‘stlik” ordeni sohibi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professori Saidakbar Agzamxo‘jayev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni qo‘shaloq bayram bilan muborakbod etishdi.
Shuningdek, marosimda talabalarning ota-onalari so‘z oldi. Akademiyaga yuqori ball to‘plab, o‘qishga qabul qilingan 1-bosqich talabalari Suxrob Narzullayev hamda Gulnora Rayimberdiyeva o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.
– Avvalo, barchangizni mustaqilligimizning 32 yilligi hamda yangi o‘quv yili bilan tabriklayman, – deydi “Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar” fakulteti 1-bosqich talabasi Suxrob Narzullayev. – Talabalar safidan o‘rin olgan barcha tengdoshlarimga omad tilayman. Akademiyada ustozlarimizdan saboq olib, yurtimiz va xalqimiz rivojiga xizmat qiladigan inson bo‘lishga va’da beraman.
Tantanali marosim auditoriyalardagi “Mustaqillik darsi” bilan davom etdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish